AQSh Prezidenti Jo Bayden yaqinda bergan intervyusida Tehron uranni boyitish amaliyotini to’xtatmaguncha AQSh Eronga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilmasligiga ishora qildi. Oq uyda o’tgan matbuot anjumanida shu masalaga aniqlik kiritildi.
“Prezident aslida bunday so’zlarni aytmadi”, - dedi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.
Yakshanba kuni efirga uzatilgan intervyuda “CBS” kanali boshlovchisi Nora Odonnel prezidentga sanksiyalar haqida savol berib, ular bekor qilinishi uchun Tehron, avvalo, uranni boyitishni to’xtatishi kerakmi, deb so’raganda, Bayden bosh irg’ab ma’qulladi.
“Agar biz siyosatda yirik o’zgarish qilmoqchi bo’lsak, buni oddiy bosh irg’ashdan boshqacharoq usulda amalga oshiramiz”, - dedi Psaki jurnalistlar huzurida.
“Umuman olganda, uning qarashi avvalgidek turibdi, ya’ni yadro dasturi bo’yicha erishilgan bitim doirasida Eron o’z majburiyatlariga to’liq rioya qilsa, AQSh ham xuddi shunday qiladi va shu asosda boshqa masalalarni hal qilish bo’yicha kattaroq, kuchliroq kelishuvga erishish mumkin bo’ladi”, - deya qo’shimcha qildi Psaki.
AQSh Davlat departamenti rasmiylari ham bu qarashni tasdiqlab, Tehron bilan to’g’ridan to’g’ri aloqaga kirish o’rniga Vashington bu masalani, avvalo, ittifoqchilari bilan muhokama qilayotganiga urg’u berdi.
“Eron bilan muloqot qilishga kelganda, biz hali ungacha yetib borganimiz yo’q. Avvalo, eng yaqin hamkorlarimiz, ittifoqchilarimiz va do’stlarimiz bilan qarashlarimizni bir xil qilib olishimiz kerak”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.
Baydenga ko’ra, AQSh Eron bilan tuzilgan yadro kelishuviga qaytishni xohlaydi.
Buni ham ko'ring Eron AQShga yadro dasturiga doir bitimga bir paytda qaytishni taklif etmoqdaSobiq prezident Barak Obama davrida tuzilgan bitim Eronga uranni 3,67 foiz darajada boyitishga ruxsat beradi. Donald Tramp prezidentlikka kelishi ortidan AQSh bu kelishuvni bir tomonlama tark etgach, Tehron 2019-yil o’rtalaridan boshlab uran boyitishni 4,5 foizga chiqardi. O’tgan oy boyitish kelishuvdan avvalgi darajaga, ya’ni 20 foizga chiqqan.
Ekspertlarning aytishicha, Eron hozir ikkita yadro qurolini tayyorlashga yetadigan miqdorda boyitilgan uranga ega. Eron yadro dasturi tinch maqsadlar yo’lida amalga oshirilayotganini aytadi.
Eron Oliy diniy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Bayden intervyusidan so’ng davlat telekanalida bayonot berib, agar Vashington Eronning bitim shartlariga qaytishini istasa, avvalo, amaldagi sanksiyalarni bekor qilishi lozimligini, sanksiyalar ko’tarilgani tasdiqlansa, shundan so’ng Tehron bitim shartlariga qaytishini aytdi.
Baydenning inauguratsiyasidan beri Xomanaiy ilk bor AQSh-Eron munosabatlari haqida bayonot berdi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning bu bayonot ortidan “CNN”ga bergan intervyusida aytishicha, yadro bitimini qayta tiklash uchun AQSh qo’llagan sanksiyalar Eronga yetkazgan zararni qoplab berish shart qilinmagan.