Koronavirusga qarshi vaksinaning har ikki dozasini olganlar nima qilishi kerak? Ular niqob taqishni va ijtimoiy masofa saqlashni to’xtatishlari mumkinmi? Bu savolga shifokorlar yo’q, deb javob bermoqda.
“Kasalxonada koronavirusdan keyingi davolanish bosqichidan o’tayotgan bemorlar bilan ishlayman. Ularning organizmi zaif, hanuz kislorodga ulangan. Shu bois biz haligacha yuz niqoblarini taqamiz, hanuz ijtimoiy masofa saqlayapmiz”, - deydi shifokor Tamar Sivaslian.
Chunki, deydi ekspertlar, vaksina olgan odam ham virus tarqatishi mumkin.
“Sizga zarar yetkazmasa ham, virus tashiyotgan bo’lishingiz mumkin. Yo’talsangiz, aksirsangiz yoki kimgadir yaqin turib gapirsangiz, virus tarqaladi”, - deydi doktor Mishel Heysler.
Shifokorlar vaksina olganlardan barcha ehtiyot choralariga rioya qilishda davom etishni so’ramoqda.
“Jamoatchilik orasida niqob taqishni targ’ib etishda davom etamiz. Ba’zilar niqob taqib, boshqalar taqmasdan yursa, bo’lmaydi. Bu odamlarni chalg’itadi. Ma’lum vaqtgacha niqob taqish barcha uchun bir xil me’yor bo’lishi kerak. Niqobni qachon tark etishni sizga o’zimiz aytamiz”, - deydi Vanderbilt universiteti professori Uilyam Shafner.
Vaksinaning o’zi virusdan qutilish uchun kifoya qilmasligi mumkin, chunki koronavirusning yangi turlari paydo bo’lmoqda.
“Hozirgi vaksinalar yangi virus turlari uchun ham samara berishi haqida dalillar bor, lekin Janubiy Afrika turi uchun samarasiz bo’lishi mumkin”, - deydi Heysler.
Vaksinaning ta’siri qancha muddat davom etishi ham aniq emas. Lekin hayot avvalgidan yengilroq bo’lishi aniq.
“Bobo yoki buvingizni ko’rgani bormoqchisiz, deylik. Ular va siz vaksina olgan bo’lsangiz, albatta, ko’risha olasiz. Faqat ular emlangan bo’lsachi? Shunda ham borishingiz mumkin, lekin ehtiyotroq bo’lasiz”, - deydi Shafner.
Hayot qachon pandemiyadan oldingi normal davrga qaytishini hali hech kim bilmaydi. Hozir asosiy e’tibor imkon qadar ko’proq odamni emlashga qaratilgan.