AQShda har kuni o’rtacha 1,6 million odam koronavirusga qarshi emlanmoqda. Vaksinatsiya jarayoni oson kechmayapti. Tizimdagi kamchiliklar va chalkashlik tufayli navbatsiz emlanganlar ham bor.
Ayrim kategoriyadagi fuqarolar COVID-19 ga qarshi vaksina olish uchun navbatini kutmoqda. Poytaxtda yashovchi Mark Sasmen esa ikki dozasini allaqachon olib bo’ldi.
“Buzuq tizimdan foydalandim xolos”, - deydi u.
Mark 36 yoshda. Sog’ligidan hech qanday shikoyati yo’q. Birinchi navbatda emlanayotganlar kategoriyasiga kirmaydi.
“Yonimizda dorixona bor. Qo’ng’iroq qilib meni va rafiqamni kutish ro’yxatiga yozdirdim. Ba’zilar o’z vaqtida kelmagani uchun bizni chaqirishdi”, - deydi Sasmen.
Muzlatgichdan chiqarilgan vaksina 6 soat ichida ishlatilishi lozim. Shunday ekan, dorixonalar ortib qolganini tashlab yubormasdan tasodifiy odamlarni ham emlamoqda.
31 yoshli Deyvid Makmillan ham hech qanday ro’yxatda bo’lmasa-da, allaqachon vaksina olib bo’ldi. Vashingtondagi oziq-ovqat do’konida mahsulot xarid qilayotganda unga emlanishni taklif qilishgan.
“Vaksinani taqsimlash sistemasi buzuq. Emlanganimdan xursandman, lekin ish tartibli ravishda, reja asosida olib borilmayotgani achinarli”, - deydi u.
Makmillan vaksina olgan do’kon ma’muriyati odamlarni navbatsiz emlash hollari kamdan-kam uchrashini, sog’liqni saqlash idoralarining ko’rsatmariga rioya qilinayotganini qayd etadi.
Vaksinalarga ishonch ortib bormoqda, lekin ta’minot hozircha yetarli emas. Navbatda turganlardan sabr qilish so’ralyapti. Onlayn registratsiya tizimiga ishonch yo’q.
Virjiniya shtati, Aleksandriya shahridagi mana bu dorixonaga odamlar navbatsiz kela boshlagach, dorixona egasi emlashni to’xtatishga majbur bo’ldi.
“Uzun navbatda turgan odamlar bir-biri bilan tortishib ketdi. Hamma vaksina olishni istaydi, ularni tushunaman. Lekin ba’zida yo’q deyishga majbur bo’lasan kishi”, - deydi dorixona egasi Judi Gulelat.
Tartib o’rnatish uchun Aleksandriya Sog’liqni saqlash boshqarmasi ro’yxatga yozilmasdan emlanishni taqiqladi. Endi ortib qolgan vaksinalarni ishlatish tizimi ham bor.
“Qariyalar uchun alohida ro’yxatlar tuzdik. Dorixona qo’ng’iroq qilib, “ortiqcha vaksinamiz bor, tezda kela olasizmi”, deb so’raydi. Yordamga eng muhtoj qatlamni emlashimiz lozim”, - deydi boshqarma vakili Natali Talis.
70 yoshni qarshilagan Deksterlar oilasi navbat boshida. Barcha qoidalarga rioya qilib, ular vaksinaning ikkinchi dozasini kutmoqda. Boshqalar ham shunday qilishi kerak, deydi ular.
“Ba’zilar navbatdan tashqari emlanayotgan bo’lsa, bu sharmandalik. Buning natijasida tibbiyot sohasi xodimlari hamda jiddiy kasalligi bor odamlar himoya bilan ta’minlanmayapti”, - deydi Joys Dekster.
“Taqsimlash ishlari boshidan mamlakat miqyosida olib borilishi kerak edi. Ayrim joylarda kim va qanday tartibda vaksina olishi noaniq bo’lib qolyapti”, - deydi Deyv Dekster.
Facebook Forum