Ukraina qrim-tatarlarga qarashli ATR telekanalini moliyalashdan voz kechmoqda. Inqiroz yoqasidagi telekanal yordam so’rab AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlariga murojaat bilan chiqqan.
“Ukraina hukumati mamlakat prezidenti, parlamenti qiyofasida “Yevropa Ittifoqi va Ukraina o’rtasidagi assotsiatsiya” bo’yicha imzolangan rezolyutsiyaning 60-bandini namoyishkorona buzmoqda. Bu bandda jumladan shunday deyilgan: “Yevropa parlamenti Ukraina hukumatini yagona qirim-tatar telekanali bo’lgan ATR muammolarini yechishga, telekanal o’z efirini Rossiya ishg’oli ostidagi Qrimda davom ettira olishi uchun tizimli ravishda moliyaviy va texnik ko’mak tashkil etib berishga chaqiradi”, - deyiladi ATR tomonidan G’arb davlatlarining Ukrainadagi elchixonalariga qilingan murojaatda.
Qrim-tatar tilidagi yagona mustaqil telekanal hisoblangan ATR yarimorol Rossiya tomonidan ishg’ol qilinishi ortidan Kiyevga ko’chishga majbur bo’lgan edi. Telekanal o’z faoliyatini yana Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biriga ko’chirishga majbur bo’lishi ehtimoli ham yo’q emas.
Ukraina hukumati 2021-yildan ATR efiri uchun mablag’ ajratilishini to’xtatib qo’ygan, hukumat buni ATR xususiy telekanal ekanligi bilan izohlagan.
Faollar qirim-tatar tilidagi yagona mustaqil telekanal ATR, ayniqsa, bugun Qrim Rossiya ishg’oli ostida yashayotgan bir manzarada yanada muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlaydi.
Ukraina poytaxti Kiyevdan Qrimga efir uzatib kelayotgan telekanalning asosiy yo’nalishi Rossiya ishg’oli ostidagi qirim-tatarlar mahkum ijtimoiy-siyosiy hayot, ularning haq-huquqlari bilan bog’liq vaziyat hisoblanadi.
Qrim-tatar faollaridan biri Erfan Quddusovning ta’kidlashicha, Ukrainani quvvatlagani uchun Rossiya bosqini ostida yashayotgan qirim-tatarlar hayoti shundoq ham tazyiqlarga to’la.
“ATR faoliyati to’xtatilishi esa qirim-tatarlar uchun bevosita Ukraina hukumati ko’magida amalga oshirilgan navbatdagi zarba, tazyiq bo’lishi aniq. Qrim Rossiya bosqini ostida, bu bosqin faqat hududiy emas, balki axborot ko’rinishida ham. Shunday bir vaziyatda qirim-tatarlarning o’z ona tilidagi yagona mustaqil axborot manbasiga qo’yilayotgan bu to’siqlar shubhasiz bosqinchilar manfaatiga xizmat qiladi ”, - deydi u.
Ukraina hukumatining ATRni moliyalashtirish uning xususiy telekanal ekanligi bilan bog’liq izohi vatani ishg’ol ostida bo’lib kelgan xalqda qanday qilib davlat kanali bo’lishi mumkinligi haqidagi savollarni ham yuzaga chiqargan.
ATR asoschisi - qrimlik tadbirkor, Milliy majlis faoli Lenur Islomov. Qrim Rossiya tomonidan ishg’ol qilinar ekan, bu bosqinga qarshi turgan Islomov ham tazyiqqa uchradi, yarimoroldagi biznes faoliyatidan mahrum bo’lib, Ukrainaga ko’chishga majbur bo’ldi. U keyinchalik Rossiya tomonidan ekstremizmda ayblanib, sirtdan 19 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, Qrimdagi mol-mulklari musodaraga tushdi.
Telekanalning yetakchi jurnalistlaridan biri Aydar Mujdaboyevning ta’kidlashicha, Ukraina hukumati munosabati Qrim bosqin qilinishi ortidan 2015-yilda Rossiya tomoni ko’rsatgan tazyiqlarni yodga soladi.
“ATR 2015-yilning bahorida bosqinchi hukumatning tazyiqlari ortidan Qrimdagi faoliyatini tugatishga, o’z vatanidan chiqib ketishga majbur bo’ldi. Keyinchalik Kiyevda faoliyat boshlab, sputnik orqali Qrim bilan aloqani tiklashga muvaffaq bo’ldik. Ayni paytdagi vaziyat, Ukraina hukumatining ATR taqdiriga ko’rsatayotgan befarqligi telekanal o’z faoliyatini tazyiqlar ostida to’xtatgan o’sha davrga juda o’xshash”, - deydi u.
Qrim-tatar televideniyesi taqdiri mahvumligicha qolar ekan, Milliy majlis yetakchilari, tahririyat, jurnalistlar vaziyatdan chiqishning, faoliyatni davom ettirishning turli chorlarini qidirmoqda.
Bu choralar esa faqatgina Ukraina hukumatiga taqalib qolgan emas.
ATR tahririyati yaqinda Yevropa Ittifoqi a’zolaridan biri, Litva prezidenti va hukumatiga qilingan ochiq murojaatni e’lon qildi. Bu murojaatda Litva hukumatidan telekanal faoliyati uchun ko’mak, shuningdek, Litvada ATR kanalining muxbirlik punktini ochish uchun imkoniyat berish so’raladi.
Qrim-tatarlarning vatani, Ukraina tarkibida bo’lib kelgan Qrim 2014-yilda Rossiya tomonidan ishg’ol qilindi. Yarimorolning tub aholisi bo’lgan qrim-tatarlar buni bosqin sifatida baholadi, Ukrainaning hududiy yaxlitligini himoya qilib chiqdi.
Buning ortidan Rossiya hukumati qrim-tatarlarga nisbatan tazyiqlarni kuchaytirdi, hibslar avj oldi, yuzlab qrim-tatarlar o’z vatanini tark etishga majbur bo’ldi. Xususan, ATR ham taqiqlandi, o’z faoliyatini Kiyevda davom ettirishga majbur bo’ldi.