Shinjonning ikki sobiq rasmiysi separatizm harakatida ayblanib, o’limga hukm qilindi.
Bu haqda Shinjon avtonom hududi Oliy sudi vitse-prezidenti Van Langtao ma’lum qildi. Aybdorlar Sattor Sovut va Shirzat Bavudunga belgilangan jazo ijrosi ikki yil muddatga kechiktirilgan. Odatda, bunday hollarda o’lim jazosi umrbod qamoq jazosiga o’zgartiriladi.
Ta’lim tizimi rasmiysi bo’lgan Sattor Sovut uyg’ur tilidagi maktab darsliklariga etnik separatizm, terrorizm va diniy ekstremizmga oid g’oyalarni kiritganlikda ayblangan.
Shinjon Adliya departamenti rasmiysi Shirzat Bavudun BMT terrorchi guruhlar ro’yxatiga kiritgan “Sharqiy Turkiston Islomiy harakati” bilan aloqa o’rnatganlikda ayblangan. “Qizining nikoh marosimida taqiqlangan diniy tadbirni o’tkazgan” deyiladi ayblov xulosasida.
Pekin Shinjonda yirik masshtabli “xavfsizlik kampaniyasi”ni amalga oshirmoqda. Natijada, 1 milliondan ziyod uyg’urlar va boshqa musulmon millat vakillari qamoqxonalardan aslo farq qilmaydigan “qayta tarbiyalash lagerlari”da ushlab turilibdi.
Pekinga ko’ra, lagerlar aholining radikal g’oyalardan voz kechishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi va qashshoqlikdan xalos bo’lishiga xizmat qiladi.
Biroq Vashington Pekinning iddaolarini rad etmoqda. AQSh hukumatiga ko’ra, e’tiqod va so’z erkinligini toptayotgan Pekin Shinjon aholisiga qarshi repressiyani boshlagan. Uyg’urlarga qarshi genotsid jinoyatini amalga oshirmoqda.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibining ma’lum qilishicha, AQSh barcha ittifoqchi mamlakatlar bilan 2022-yilda Pekinda o’tadigan Qishki olimpiada o’yinlarini boykot qilishni muhokama qiladi.