Tojikiston Qirgʻizistonning chegara bo'yicha ikki taklifidan birini rad etdi

Tojikiston Qirgʻizistonning ikki davlat orasidagi chegaraning bahsli hududlarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha ikki taklifidan birini qatʼiyan rad etdi. Bu haqida Prezidenti Emomali Rahmon qirgʻiz tomoni almashishni istagan Vorux qishlogʻiga tashrifi chogʻida maʼlum qildi. Unga ko'ra, Voruxni Qirgʻizistonga berish muhokama ham qilinmaydi. Ammo Tojikistonda qanday taklif bor, bu borada davlat rahbari lom-mim demadi.

Yaqinda Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiyev Bishkek Vorux qishlogʻini almashtirishga tayyor, deya bayonot bergan edi. Prezident Rahmon deydiki, 19 yildan beri davom etayotgan muzokaralarda bu masala hech qachon qoʻshma komissiya kun tartibiga qoʻyilmagan va bundan keyin ham qoʻyilmaydi.

2021-yilning 26-mart kuni Toshkentdan qaytgan Tashiyev Bishkekdagi matbuot konferensiyasida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston orasidagi bahsli chegara hududlari toʻliq demarkatsiya va delimitatsiya qilinganligini taʼkidlab, Tojikiston bilan bog'liq vaziyatga ham toʻxtalgan edi.

“Biz Tojikistonga ikki taklifimizni berdik. Birinchisi, Vorux anklavi hududini belgilaymiz. Anklav kengaymaydi. Undan keyin Voruxga faqatgina kirib-chiqish uchun, yaʼni foydalanish uchun yoʻl beramiz. Ikkinchisi undan ham qattiqroq. Biz Vorux qishlogʻini almashtirishga tayyormiz. Tojikiston Voruxni bizga bersa, biz Botkent viloyati hududidan 12 ming 300 gektar atrofida yer beramiz”, degan edi Tashiyev.

Your browser doesn’t support HTML5

Rahmon: Vorux Qirg'izistonga berilmaydi

Chegara masalasi boʻyicha ikki davlat orasidagi qoʻshma komissiyaning Qirgʻiziston tomoni boshligʻining aytishicha, ular bu takliflarni 16-17-mart kunlari Sugʻd viloyatining Guliston shahrida boʻlib oʻtgan muzokaralar paytida Tojikistonga topshirgan. Ammo Tojikiston tomoni javob qaytarmagan yoki oʻz taklifini ham bildirmagan.

Tashiyevning Vorux haqidagi bayonoti internetning tojik segmentida koʻp muhokamalarga sabab boʻldi. Mahalliy fuqarolar orasida “Voruxni butun Qirgʻiziston hududiga ham almashtirmaymiz”, qabilidagi fikrlar yangramoqda.

Ammo Tojikiston rasmiy javob qaytarmadi. Ayrim siyosatchilar nazarida, Qirgʻiziston muzokaralar jarayonini matbuot va jamoatchilikka oshkor etib, aholi orasida tushunmovchilik va notoʻgʻri talqinlarga tutki berishi, natijada komissiya ishiga zarar yetkazishi mumkin.

Qirgʻiz siyosatshunosi Meder Tulegenovning aytishicha esa Qirgʻiziston masʼul rahbarlarining bayonot berishi biror gʻarazli niyat bilan emas. Balki ular oʻz xalqini ogoh etish maqsadida, yana ham aniqrogʻi, xalqdan dakki eshitmaslik maqsadida shunday qilmoqda. Chunki oldingi masʼullar jarayondan xalqni ogoh etmaganligi sababli muxolifat tomonidan koʻplab tanqidlarga uchragan edi.

Tojikistonning sobiq Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy bu borada munosabat bildirar ekan, masalaga Tashiyevning shaxsiyati orqali qarab, uning biografiyasidagi "nuqsonlarni" koʻrsatishga urindi.

Tojik generali Amirqul Azimov “Tashiyev oʻz davlati va qoʻshni davlatlar geografiyasini yaxshi oʻqib, oʻrganishi kerak”, deya taʼkidladi.

9-aprel kuni Prezident Rahmon Isfara tumanining Vorux qishlogʻiga safari paytida mahalliy aholi bilan uchrashuvida Qirgʻizistonning ikkinchi taklifi, Vorux qishlogʻini almashtirilishini qatʼiyan rad etdi.

“Tojikiston Qirgʻiziston bilan davlat chegarasini demarkatsiya qilishni tezlashtirishdan manfaatdor”, - deydi prezident.

Tojikiston Qirgʻiziston bilan chegara masalasini hal etishda o'zaro manfaatlar, hurmat va bagʻrikenglik bilan harakat qiladi, deydi Rahmon.

Uning so'zlariga ko'ra, chegara hududlari aholisi qoʻshnilar muhitida yashaydi; sabr-toqatli bo'ladi va hissiyotlarga berilmasliklari kerak. Chunki, deydi prezident, bunday masalalar hissiyotlar orqali emas, balki faqat muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.

Siyosatshunos Sherali Rizoyonning fikricha, chegarani hal etishga Qirgʻiziston siyosiy elitasining ichki kurashuvlari xalal berib kelgan.

“Oʻtgan yillar davomida Qirgʻizistonda muxolif kuchlar amaldagi hukumatni davlat hududini “sotganlikda”, yoki “milliy manfaatlarni himoya qilolmaganlikda” ayblab, matbuotda materiallar ham eʼlon qilib kelgan. Umuman olganda, Qirgʻizistonda chegara masalasi siyosiy kurash “asiriga” tushib qoldi, tobora murakkablashib, qiyinlashib bormoqda”, - deydi tahlilchi.

Mustaqil siyosatshunos Parviz Mullojonov nazarida, Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisining bayonoti yangi rahbarlarning mamlakat ichida oʻz pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida qilayotgan amallaridan boʻlishi mumkin.

“Qirgʻiz tomoni taklif etgan har ikki variant ham Tojikiston uchun qulay emas. Bunaqa variantlar odatda gʻalaba qilganligiga ishongan yoki katta imkoniyat yoki qudratga ega ekanligini anglagan holatda aytiladi”, - deydi Mullojonov.

Shuningdek, qirgʻiz tomoni Moskvani orqa qilib, katta bayonotlar bilan chiqayotganligi ham ehtimoldan xoli emas, deydi tahlilchi.

“Moskva Tojikistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlmayotganidan xursand emas. Yoki yana bir masala, Xitoyning Tojikistonga taʼsiri ortib borayotganligi ham Kremlni quvontirmaydi, aksincha, tashvishga solishi mumkin. Ana shunday omillar Moskva rasmiy Bishkekka yon bosadigan pozitsiyani tanlashiga sabab boʻla oladi”, - deydi Mullojonov.