Xitoy va AQSh sayyora ekologiyasiga eng ko'p zarar keltiruvchi davlatlardir. Ikkala davlat iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga nisbatan birdek chora ko'rishga kelishib oldi. Qo'shma bayonotga ko'ra, atrof-muhit muhofazasi yuzasidan hamkorlik kengayadi.
AQSh maxsus vakili Jon Kerri va Xitoyning iqlim bo'yicha bosh diplomati Zi Jenua Shanxayda uch kun muzokara olib borgan. Undan oldin esa Oq uy va Xitoy rahbariyati orasida virtual muloqot kechgan edi.
Kerri deydiki, ikki yirik davlatning ekologiya va atmosfera taqdiri ustida qayg'urib, murosa qilayotgani global ahamiyatga ega. "Tomonlar prioritetlarni biladi va tushunadi", - deydi rasmiy.
Kerri AQShning sobiq davlat kotibi, sobiq senator, qolaversa prezidentlikka sobiq nomzod.
"Diplomatiya shunday narsaki, unda aytilgan so'z otilgan o'q kabidir. Gapingiz samara bermasa, sizga ishonch yo'q. Shu bois muzokara va murosa ishda bilinishi kerak", - deydi u.
Atmosferega eng ko'p zaharli gaz chiqaradigan davlat Xitoydir. Ikkinchi o'rinda esa AQSh. Pekin va Vashington aynan mana shu zarar midorini tushurishi kerak.
AQSh iqtisodiy jihatdan eng yirik tizim, Xitoy esa undan keyingi o'rinda. Ikkalasi dunyodagi eng katta biznes va sanoat hamorlaridir.
Orada kelishmovchiliklar talay, inson huquqlaridan tortib Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy nizolargacha.
AQShning undashicha, Xitoy ko'mirni kamroq ishlatib, boshqa energetik manbalarga o'tishi kerak. Xitoy bu masalaga aniq bayonot bermagan, ammo Vashington bilan mazkur mavzularda til topisha olishiga ishonishini bildirmoqda.
Yaqin kunlarda Amerika 40 davlat rahbari ishtirokida sammit o'tkazadi.
AQSh va Xitoy boshqa mamlakatlar bilan ham ishlamoqchi, mavjud loyihalarni kengaytirib, rivojlanayotgan jamiyatlarga ekologik jihatdan yordam berishga bel bog'lagan.
Xitoy Tashqi ishlar vaziri muovini Le Yucheng deydiki, 1,4 milliard aholiga ega mamlakat iqlim ravnaqi uchun ulkan hissa qo'sha oladi, lekin bu jarayon oson kechmaydi. Zaharli gazlar miqdorini pasaytirish bo'yicha erishib bo'lmas va'dalar bermaslik kerak, deya qo'shadi diplomat.
Pekin Vashingtonni o'rnak bo'lishga undamoqda. Fransiya va Germaniya singari davlatlar ham bu muloqotga qo'shilgan.
AQSh esa Xitoy rahbariyati global dialogda faol qatnashib, real choralar ko'radi, degan umidda.
Ikki davlat BMT va boshqa tizimlardagi bitimlarga ham birgalik rioya qilmoqchi.
Kelasi bir necha o'nyillik ular uchun sinov. Ular karbonat angidrid miqdorini misli ko'rilmagan darajada tushira oladimi?
Pekin 2060-yilgacha buning uddasidan chiqishni rejalagan. 2030-yilgacha esa zaharli gazlarning umumiy darajasi tusha boshlashi kerak.
Prezident Jo Bayden esa Amerika energetik sanoati 2035-yilgan zaharli gaz chiqarmaydi, 2050-yildan esa iqtisod bu muammodan qutuladi, deya ko'zlamoqda.