Blinken, Komilov telefonlashdi: Afg'oniston, inson huquqlari asosiy mavzu

  • Amerika Ovozi

AQSh va O'zbekiston tashqi ishlar vazirlari orasida kechgan telefon muloqotda tomonlar Afg'oniston tinchligi, Markaziy Osiyo birdamligi, strategik sheriklik, respublikadagi islohotlar va inson huquqlari haqida gaplashgan.

Entoni Blinken Abdulaziz Komilovga Vashington uchun O'zbekiston mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suvereniteti nihoyatda muhimligi va bu borada quvvatlov mustahkam ekanini aytgan.

Davlat kotibi Afg'onistonda tinchlikka erishish yo'lida O'zbekiston qo'shayotgan hissa uchun minnatdorchilik bildirgan. Bu yo'nalishda davlatlar yaqindan ishlashda davom etishi ta'kidlangan.

Afg'onistonda barqarorlikni saqlash, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojida qo'shni davlat roli va Amerika bilan sheriklikda madad ko'rsatishi xususida so'z ketgan.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, Komilov Blinkenni shu yilning iyul oyida Toshkentda o'tishi kutilayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo aloqalari, imkoniyatlar va to'siqlar haqidagi anjumanga taklif qilgan.

Amerika va O'zbekiston Markaziy Osiyo siyosiy-iqtisodiy birdamligi borasida ham hamkor, deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Ned Prays. Bugungi muloqotda bu mavzu ham tilga olingan.

2021-yilning oxirlariga borib, ikki davlat aloqalarning 30 yilligini nishonlaydi. Strategik sheriklikning navbatdagi dialogi o'shanda o'tadi.

AQSh O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlarni olqishlashda davom etmoqda. Blinkenga ko'ra, inson savdosiga qarshi kurash, diniy erkinlik va fuqaro jamiyatini kengaytirish bobida oldinga qadamlar tashlangan. Biroq, deya eslatgan Amerika tomon, O'zbekistonda inson huquqlari himoyasi, jumladan erkin va raqobatli saylov tizimini yo'lga qo'yish uchun hali ancha harakat qilish kerak.

O'zbekistonda bu yil 24-oktabrda prezident saylovlari. Amerika jarayonni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasida kuzatadi. Bu tashkilot esa shu kungacha O'zbekistondagi biror saylovni erkin, adolatli va demokratik deya baholamagan.

Kecha Davlat departamentida Global iqlim bo'yicha maxsus vakil Jon Kerri qator davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va ekspertlari bilan video muloqot qildi.

Tashqi ishlar vaziri Komilov bu tadbirda so'zlar ekan, Toshkent Vashington bilan iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurashda hamkorlik qiladi, dedi.

O'zbekiston uchun asosiy ekologik muammo - qurigan Orol dengizi va bu hududdagi og'ir vaziyat. Komilov Orolbo'yi tabiatini tiklash, aholi uchun sharoitni yaxshilash borasida O'zbekiston xalqaro tajriba va ko'makka tayanishini, hozirda innovatsion loyihalar ustida harakat ketayotganini aytdi.