O’zbekiston uchun Shavkat Mirziyoyev imkoniyatlari tugagani aytilmoqda. Bunga prezidentning bosh islohoti - iqtisodiy rivojlanish siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchragani sabab qilinmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Darhaqiqat, o’tgan hafta kuzatilgan ikki hodisa, mahalliy hokimiyat fermerlardan bug’doy hosilini noqonuniy tortib olayotgani, Surxondaryoda elektr yo’qligidan norozilikka chiqqan fuqarolarning 15 sutkadan qamalishi ham iqtisodiy taranglik hukumatni keskin bosim qo’llashga majbur qoldirayotganini ko’rsatadi.
O’z mahsulotiga egalik huquqidan mahrum qilingan fermerlarga, puli to’langan elektr yo’qligidan norozi aholiga ko‘rsatilgan bu bosimlarni boshqacha izohlash qiyin.
So’nggi yillardagi noroziliklar tarixiga qaralsa, ularning aksariyati birlamchi ehtiyoj - gaz, elektr, mulkka tajovuz masalasi bilan bog’liq. Ya’ni, iqtisodi rivojlanayotgan davlat bu kabi birlamchi ehtiyojlar uchun norozilik chiqishiga sabab qoldirilmasligi kerak. Bunday chiqishlarning ko’payotgani esa iqtisodiyotdagi real vaziyatning aksidek.
Iqtisod sohasi - prezident Mirziyoyevning bosh islohoti. Hukumat shu maqsadda iqtisodiy rivojlanishning strategik dasturini ham qabul qilgan. Dastlabki besh yili yakunlanayotgan bu dasturda aholini qiynayotgan birlamchi muammolarning yechimi keyingi besh yillikka surilgani ehtimol.
O’zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga iqtidordagi hukumat mas’ul. Lekin, bu siyosatni jiddiy tanqid qilayotgan, rivojlanishning muqobil yo’llarini taqdim etayotgan siyosiy kuchlarga mamlakatda izn yo’q. Bu tanqidlarda O’zbekiston jiddiy iqtisodiy bo’rondan ogohlantirilmoqda. Iqtisodiy taraqqiyot shiori bilan hokimiyatga kelgan prezident Mirziyoyevning siyosati, uning jamoasi O’zbekiston uchun o’z imkoniyatini sarflab bo’lgani ta’kidlanmoqda.