10-iyun kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Tojikiston poytaxti Dushanbega tashrif buyurdi. Tashrif davomida ikki davlat orasida 30 ta kelishuv bitimlari imzolanmoqda. Ikki davlat rahbarlarining bu uchrashuvi Oʻzbekiston va Tojikiston davlatlararo munosabatlarida yangi davrni boshlanishi, sifatida taqdim etilmoqda.
Tojikiston Hukumati matbuot xizmati va Oʻzbekistonning Dushanbedagi Elchixonasi masʼullarining aytishicha, iqtisodiy sohalarda, shuningdek, yoʻl-transport sohasida ham hamkorlik bitimlari imzolanmoqda. Umuman, bu bitimlar xalq xoʻjaligining aksariyat sohalarida hamkorliklarni yoʻlga qoʻyish yoki yangi darajaga koʻtarish uchun xizmat qilishi aytilmoqda. Ammo hozircha bitimlar qaysi sohani qamrab olishi va aynan nimalar nazarda tutilgani toʻliq eʼlon qilingani yoʻq.
11-iyun kuni oʻzbekistonlik mehmonlar tojik hamkorlari bilan birgalikda Tojikiston shimoliga tashrif buyuradi. Davlat rahbarlari Sugʻd viloyati hududida bir-necha inshootlarga safar qilib, jumladan ishlab chiqarish yoʻnalishidagi ikki davlat qoʻshma korxonasida boʻladi. Ikki davlat prezidentlari 11-iyun kuni tushdan oldin Sugʻd viloyatida taqriban 500 nafar mahalliy ziyolilar bilan uchrashib, muloqot qiladi. Ammo bu muloqot qaysi shaklda oʻtishi ham hozircha maʼlum emas.
Kuzatuvchilarning fikricha, ikki davlat rahbarlari ishtirokidagi barcha tadbirlar sahna koʻrinishlaridek oldindan tayyorlangan. Hatto 500 nafarlik ziyolilar hamda mahalliy oʻzbeklar vakillari bilan boʻladigan uchrashuv va muloqotga ham oldindan tayyorlangan maxsus odamlar ishtirok etmoqda.
Istaravshanlik mahalliy oʻzbeklar vakilining aytishicha, bu tadbirlarga istagan odam qatnasha olmaydi. Faqatgina sinalgan odamlar taklif etiladi. Sinalmagan odam oʻzi xohlasa ham yoʻl berilmaydi.
Tadbirlarda, prezidentlar bilan muloqotda qatnashishga bizga yoʻl bermaydi. Bir notoʻgʻri gap aytib qoʻyadi, deb qoʻrqishadi. Kattalarni juda ehtiyot qilishadi. Muloqotlarda kim gapirishi ham oldindan maʼlum, nima gap aytishini ham oldindan koʻrib chiqishadi.
“Tadbirlarda, prezidentlar bilan muloqotda qatnashishga bizga yoʻl bermaydi. Bir notoʻgʻri gap aytib qoʻyadi, deb qoʻrqishadi. Kattalarni juda ehtiyot qilishadi. Muloqotlarda kim gapirishi ham oldindan maʼlum, nima gap aytishini ham oldindan koʻrib chiqishadi. Ikki davlat prezidentlari bilan uchrashuvga biz ham qatnashishni istar edik, ammo qoʻyishmaydi. Roʻyxatga kiritishmaydi”, deydi istaravshanlik mahalliy oʻzbeklar vakili Karimqul Hamdamov.
Suhbatdoshimizning aytishicha, ikki davlat uchrashuvlari paytida koʻrib chiqilishi zarur boʻlgan masalalardan biri Tojikistonning qamaldan chiqishi masalasi. Oʻzbekiston tojikistonliklarga uchinchi davlatga chiqishi uchun yoʻl bersa, yaxshi boʻlar edi.
"Oʻzi koronavirus ortidan berkilgan chegaralar ochilib ulgurmay Qirgʻiziston bilan munosabatlar yomonlashishi ortidan Tojikiston qamalda qolib ketyapti. Hozir Qirgʻizistondan na mol-mahsulot va na odam oʻtishiga yoʻq qoʻyilmaydi. Ming-minglab tojikistonliklar har yili bahor, yoz oylarida Rossiyaga ishlashga borar edi. Bu yil koʻplari borolmayapti. Tojikistonning oʻzidan samolyotda uchish juda qimmat, muntazam reyslar ham yoʻq. Shunday bir ogʻir vaziyatda Oʻzbekiston tojikistonliklarga uchinchi davlatga chiqishga ruxsat bersa yaxshi boʻlar edi", - deydi Karimqul Hamdamov.
Uzoq yillardan beri Tojikistonning eng nufuzli oliygohlaridan birida faoliyat yuritib kelayotgan tarixchi olim, mahalliy oʻzbeklar vakili boʻlgan suhbatdoshimizning aytishicha, prezidentlar bilan muloqotda qatnashish uchun harakat qilgan, ammo rad javobini olgan.
Oʻzbekiston tojikistonliklarga uchinchi davlatga chiqishga ruxsat bersa yaxshi boʻlar edi
"11-iyun kuni Xoʻjandda, tarixiy Arbob qasrida Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ishtirokida Sugʻd viloyati ziyolilari bilan oʻtkaziladigan muloqot bir tarixiy voqea boʻladi, albatta. Menda ham shu tadbirda qatnashish istagi paydo boʻldi. Koronavirusga qarshi vaksina ham oldim. Ammo ishtirokchilar roʻyxatiga kiritishmadi. Oʻzim ishlayotgan oliygoh rahbariyatiga murojaat qildim, boʻlmadi. Undan oʻtib Hukumatga murojaat qildim, natija yoʻq. Mahalliy oʻzbeklar bilan ishlaydigan jamiyat tashkilotlariga murojaat qildim, baribir hech bir natija yoʻq. Shu uchrashuvda qatnashishni juda istagandim", - deydi xoʻjandlik tarixchi olim Abdukarim Jamoliddinov.
Sugʻd viloyati maʼmuriyati masʼulining aytishicha, Arbob qasrida tashkil etiladigan prezidentlar bilan muloqotda mahalliy yoshlar vakillari nutq soʻzlashi rejaga olingan. Mahalliy oʻzbek va tojik yoshlari vakillari boʻlgan ikki nafarning soʻzga chiqishi rejaga olingan, deydi ismi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz.
Tojikistondagi yagona oʻzbek tilida, nisbatan katta tirajda chop etilayotgan «Sharqnoma» jurnalining Bosh muharriri, tojikistonlik oʻzbek adibi, Tojikiston madaniyat va maorif aʼlochisi boʻlgan mahalliy ziyolining aytishicha, prezidentlar u yashayotgan shaharga, tumanga kelyapti, ammo u uchrashuvga taklif etilmagan.
“Men butun umrim davomida oʻzbek-tojik doʻstligi deb yashadim. Men tugʻilib oʻsgan yurtda oʻzi oʻzbek-tojiklar birga yashaydi. Uzoq yillar turli vazifalarda ishladim. Oʻzbek-tojik adabiy aloqalariga qoʻldan kelgancha hissa qoʻshib kelmoqdamiz. Tojikistonda tinchlik oʻrnatilishi, Konstitutsion tuzumni tiklanishiga tamal toshi qoʻyilgan, 1992-yili noyabr-dekabr oyda mamlakat Oliy Sovetining tarixiy XVI sessiyasi oʻtkazilgan Arbob qasrida prezidentlar ziyolilar bilan muloqot qiladi. Ammo bizlarni bu muloqotga chaqirishmadi. Chunki biz biroz erkin fikrli, oqni oq, qorani qora deydigan insonlarmiz”, - deydi mahalliy ziyoli Hakimjon Zokirov.
Suhbatdoshimizdan Tojikiston oʻzbeklari orasida oʻz yechimini topmay qolayotgan masalalar, shuningdek, ularning talab-istaklari haqida ham soʻradik.
"Oxirgi 3-4 yil oʻzbek-tojik munosabatlari yaxshilanishi ortidan maʼrifiy, madaniy ishlarda biroz jonlanish bor. Sanʼatkorlar safarlari, konsertlar tashkil etilmoqda. Tojikistonda ham oʻzbeklarga biroz munosabat oʻzgargandek. Ammo mamlakatda son jihatidan ikkinchi oʻrinda turadigan oʻzbeklarning maqomini koʻtarish uchun bir qator ishlarni qilish lozim. Jumladan, davlat ishlariga mahalliy oʻzbeklar vakillari uchun ham yoʻl berish, Oliy Majlisda oʻzbeklar oʻz vakillariga ega boʻlishi, Yozuvchilar Ittifoqiga oʻzbek yozuvchilarini ham qabul qilish, Xalq yozuvchisi yoki shoiri unvonlari bilan oʻzbek adiblarini ham taqdirlash, oʻrta maktablarni oʻzbek tilidagi darslik va boshqa adabiyotlar bilan taʼminlash kabi masalalar koʻp. Ammo bu masalalarga eʼtibor qaratilarmikan? Bu masalalarga eʼtibor berilishini 2018-yilda kutgan edik, ammo oʻtgan 3-4 yilda holat qariybki oʻzgarmadi", - deydi Zokirov.
Facebook Forum