Afg'onistonda nafaqat hududlar, balki muvaffaqiyatlar ham boy berilmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Tolibon so’nggi uch oy ichida Afg’onistonda o’z nazorati ostidagi hududlar hajmini ikki barobar oshirgan. Kuzatuvchilar fikricha, nafaqat hududlar, balki o’tgan 20 yil ichida erishilgan muvaffaqiyatlar ham boy berilmoqda.

Xavotirlardan biri shuki, mamlakatda so’z erkinligi yana cheklanishi mumkin. Allaqachon 20 dan ortiq ommaviy axborot vositasi o’z faoliyatini to’xtatgan; boshqalari Tolibon bayonotlarini uzatishga majbur bo’lmoqda. 50 ga yaqin jurnalist o’z jonini saqlash uchun yashab turgan joyini tark etgan.

“Kamida beshta xususiy kanal Tolibon nazoratiga o’tdi. Tolibon shu kanallar orqali o’z propagandasini yoymoqda. Musiqa va ayollar ovozining efirga uzatilishi taqiqlandi”, - deydi Afg’on jurnalistlari xavfsizlik qo’mitasi rahbari Najib Sharifiy.

“Biz faqat Kobul hukumati boshqargan radiokanallarni nazoratga oldik. Chunki ular hukumatga qarashli va biz hukumat o’rniga keldik. Xususiy radiokanallar ishlashi mumkin. Biz ularga odatdagidek ishlashlari mumkinligini aytdik”, - deydi Tolibon so’zlovchisi.

Asl vaziyat Tolibon da’vo qilganidek silliq emas. Mahalliy jurnalistlar o’z jonini saqlash uchun yashab turgan joylarini tark etmoqda. “Amerika Ovozi”ning to’rt muxbiri poytaxt Kobulga qochishga majbur bo’lgan.

Lina Shirzad noma’lum odamlardan tahdid maktublarini olgan. Ayol jurnalist sifatida unga ishlash yanada qiyin.

“Turli tahdidlar olyapman, hatto o’lim tahdidlarini. Ular menga jurnalist sifatida ishlashni to’xtatishni aytishdi, men esa davom etdim. Tolibon men yashaydigan shaharni o’rab olishini va jurnalistlik faoliyatimni to’xtatishni hech kutmagan edim”, - deydi u.

Afg’oniston allaqachon dunyoda jurnalistlar ishlashi uchun eng xavfli davlatlardan biri hisoblanadi. O’tgan hafta “Reyters” axborot agentligi muxbiri, “Pulitzer” mukofoti sovrindori bo’lgan fotograf Danish Siddiqiy otishmada halok bo’ldi.

Tolibon nazorati kengayar ekan, bu hududlarda axborot bo’shliqlari paydo bo’lmoqda. Inson huquqlari poymol qilinayotgani haqidagi da’volarni tasdiqlashning imkoni yo’q. Tolibon yaxshi boshqaruvni yo’lga qo’ygani haqidagi iddaolarni dastaklovchi dalillar ham mavjud emas.