Armaniston vaksina turizmini yo'lga qo'ydi

  • Amerika Ovozi

Armaniston xalqining aksariyati vaksina olishdan bosh tortmoqda. Natijada hukumat qo’shni Eron fuqarolariga bepul “AstraZeneca” vaksinalarini taklif etmoqda.

Bu taklif ortidan minglab eronliklar koronavirusga qarshi emlanish uchun Armanistonga safar qilyapti.

“Emlanish uchun uzoq yo’l bosib kelishyapti, demak, ularga imkoniyat berishimiz kerak. Shifokorlar sifatida, terisining rangidan, millatidan qat’i nazar, barcha insonlarga yordam berish burchimiz”, - deydi doktor Deyvid Petrosyan.

Dastur muvaffaqiyatli chiqdi. Rasmiylar dastlab Erondan bu qadar ko’p odam kelishini kutmagan edi. Hatto soatlab kutish navbatlari hosil bo’lgan.

Odamlar sonini kamaytirish uchun Armaniston hukumati yangi tartib joriy qildi: bepul vaksina olishni xohlagan xorijliklar mamlakatda kamida 10 kun vaqt o’tkazishi kerak.

“Shu tarzda yordamimiz tegadigan bo’lsa, albatta, buni qilishimiz kerak. Ko’plab armanistonliklar emlanishni rad etayotgan paytda bu narsa to’g’ri. Vaksinani isrof qilmasligimiz kerak. Bundan hamma yutadi: ular bepul vaksina oladi, bizning iqtisodiyotimiz esa ular Armanistonda turgani uchun pul oladi”, - deydi yerevanlik fuqaro.

Ekspertlar fikricha, o’tgan haftaning o’zida kamida 10 ming eronlik Armanistonga kirgan.

Armaniston fuqarolarida hanuz imtiyozlar mavjud: ular navbatda turmasdan vaksina olishi mumkin.

Xorijliklarda talab va ishtiyoq katta ekaniga qaramay, mahalliy aholi hanuz vaksinalarga ishonchsizlik bilan qaramoqda.

“Kovid haqiqiy ekaniga ishonmayman. Mavjud bo’lmagan narsaga qarshi odamlar vaksina olayotganini ko’rish ham qayg’uli, ham kulgili”, - deydi armanistonlik fuqarolardan biri.

Raqamlarga qarasak, Armanistonda koronavirus mavjud. Qariyb uch millionlik aholining 250 mingga yaqini virus yuqtirgan; ularning 4500 dan ortig’i shu kasallikdan halok bo’lgan.