O’tgan bir haftada AQShda kuniga o’rtacha 40 ming kishi koronavirusga chalindi. Virusning “Delta” varianti kasalliklarning 83 foizini tashkil etadi. Aholining ayrim qatlamlarida vaksinaga qarshilik kuchaygan.
Bayden ma’muriyati barcha federal xizmatchilardan vaksina olishni yoki muntazam testdan o’tishni talab qilishi mumkin. Qaror yaqin orada e’lon qilinishi kutilmoqda.
Ba’zi shaharlarda tungi klublar faoliyati to’liq tiklangan. Ammo virusning tezlikda tarqalayotgan “Delta” shtammi kasalxonalar yana to’lishiga olib kelmoqda, ayniqsa vaksinaga qarshilik kuchli bo’lgan hududlarda. Oq uy buni “emlanmaganlar pandemiyasi” deya ataydi.
Buni ham ko'ring Vashington choyxonasi: vaksina, koronavirusning yangi turi va turli mish-mishlar haqida“Vaksina olmaganlar xavf ostida. To’liq emlangan jamoalar umuman olganda yaxshi ahvolda”, - deydi AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi direktori Roshel Valenski.
Markazning yangi yangi ko’rsatmasiga ko’ra, to’liq emlanganlar ham endiliklda virus tez tarqalayotgan yopiq joylarda niqob taqishi zarur.
Bayden ma’muriyati tekin vaksinalarni olishga qanchalik da’vat etmasin, hozircha amerikaliklarning faqat 49 foizi to’liq emlangan.
Yaqinda o’tkazilgan so’rovda ishtirokchilarning 30 foizi vaksina olmaganini aytgan. Ularning yarmi esa nima bo’lishidan qat’i nazar emlanishni xohlamaydi.
“Odamlar vaksina olishni istamasliklarini turlicha tushuntirishadi. Keltiriladigan asosiy sabab xavfsizlik, salomatlik. Vaksinani zararli deb o’ylashadi. Koronavirusni jiddiy qabul qilmaydiganlar ham bor”, - deydi so’rovni o’tkazgan “Ipsos” tadqiqot markazi vakili Kris Jekson.
Vaksinaga ishonmaydiganlar ma’lumotni muqobil axborot manbalaridan olishi ma’lum. Bu manbalar ko’pincha noto’g’ri ma’lumotlarni tarqatadi. AQSh bosh shifokori bu haqda ogohlantirmoqda.
“Ana shunday ma’lumotlar tufayli odamlar keragida niqob taqishni, isbotlangan muolajalar va vaksinani olishni istamayapti”, - deydi Vivek Murti.
“Vashington Post-ABC” so’roviga qaraganda, demokratlarning 86 foizi kamida bir dozani olgan, respublikachilarning esa 45 foizi. Respublikachilar partiyasi yetakchilari endi tarafdorlariga murojaat qila boshlagan.
“Barchani emlanishga, sizga yomon maslahat berayotganlarga quloq tutmaslikka undayman”, - deydi respublikachilarning Senatdagi yetakchisi Mitch Makkonel.
Bunday bayonotlar katta o’zgarishdan darak. Respublikachilar partiyasi bir necha oydan buyon pandemiyaga qarshi ko’rilayotgan choralarga qarshilik ko’rsatib kelayotgan edi.
“O’zlarining gaplariga o’zlari yurakdan ishonishganmi, yo’qmi, buni bilmayman. Nazarimda, virus birinchi navbatda emlanmagan odamlarni o’ldirayotgani ayon bo’lgach, buni tushunishgach, ko’zlari ochildi”, - deydi Prezident Bayden.
Yaqinda 50 dan ziyod texaslik qonunchilar poytaxt Vashingtonga tashrif buyurgan edi. Oq uyning ular bilan muloqot qilgan ikki emlangan xodimida koronavirus aniqlangan.