Pokiston Bosh vaziri Imron Xon fikricha, Amerika Afg'onistondan chiqishga shoshmasligi kerak edi. Ketar ekan, Tolibonga nisbatan ta'siri hamda afg'onlar orasidagi muzokaradagi kuchi pasaydi, deydi u.
“AQSh Afg'onistonda ulkan xatolar qildi", - deydi Xon "PBS NewsHour" dasturiga 27-iyul kuni intervyu berar ekan. PBS AQShdagi yirik jamoat telekanalidir.
Tolibon bilan AQSh va NATOning Afg'onistonda 150 mingga yaqin qo'shini turganida kelishib olish kerak edi, deydi Pokiston rahbari. Tinchlik bitimiga erishish uchun o'sha paytlar qulay davr edi, deydi u.
Buni ham ko'ring Xotin-qizlar erkinligi Tolibon bilan muzokarada eng nozik masala“Amerika harbiylari tamoman chiqib ketish taraddudida ekan, Tolibon biz yutdik deb o'ylayapti. Toliblarni endi murosaga keltirish juda qiyin".
Prezident Jo Bayden deydiki, Afg'onistonning buguni va kelajagi bu xalq qo'lida va zimmasida. 20 yil oldin AQSh qo'shini terroristlarga qarshi kurashish uchun kirgan, deydi Bayden, afg'onlar uchun davlat qurib berishga emas.
Tolibon o'tgan ikki oyda nazoratini kengaytirgan, ko'plab savdo yo'llarini o'z izniga olgan.
Harakat hokimiyatni egallashi mumkin degan qo'rqinch kuchli.
Imron Xon nazarida AQSh afg'on zaminini bu holda tark etmasligi, barqarorlik uchun sharoit yaratib berishi kerak edi.
Vashington Pokistonni Tolibonni zimdan quvvatlayotganlikda gumon qiladi.
Islomobod esa afg'onlarni birlashtirish va tinchlik muzokarasiga ko'ndirish uchun barcha chorani ko'rayotganini aytib keladi.
2020-yilning fevral oyida Tolibon bilan imzolangan bitim shu harakatlar mahsuli bo'lgan, deya eslatadi Pokiston rasmiylari. Ularga ko'ra, AQSh Afg'onistondan chiqishi va u yerda siyosiy murosaga asoslangan hukumat tuzilishi kerak.
“Tomonlarni muzokara va murosaga undash borasida nimaiki qilolsak, qildik", - deydi Imron Xon.
Uning so'zlariga ko'ra, qolgan ish mutlaq afg'onlar irodasi va harakatiga havola.
Afg'oniston hukumati qayd etishicha, yaqinda "Pokistondagi yashirin o'choqlardan 10 ming jihodchi" mamlakatga kirgan.
“Bo'lmagan gap", - deydi Xon. "Qani dalil-isbot? Kimni qayerga yashiribmiz va qanday yordam beribmiz?"
Pokistonda uch milion afg'on qochqin bor. BMT yordamida ular uzoq yillardan beri bu mamlakatda kun ko'rib keladi.
Buni ham ko'ring Afg'onistondagi vaziyatga G'arb ekspertlari qanday baho bermoqda?
“Tolibon harbiy organ emas, a'zolari oddiy odamlardan chiqqan. Agar ular qochqinlar orasidan chiqsa, biz ularni qanday tutib berishimiz kerak? Qochqinlar lagerlari yashirin o'choqlar emas", - deydi Xon.
Uning ta'kidlashicha, Afg'onistonda fuqaro urushi boshlansa, qochqinlar ko'payib, Pokistonga qimmatga tushadi. Ularga qarash uchun davlatda mablag' yo'q, deydi bosh vazir.
Pokiston AQSh kuchlari uchun baza ochishga ruxsat ham bermaydi, deydi Xon.
Uning da'vo qilishicha, AQSh yetakchiligida terrorizmga qarshi 2001-yil boshlangan kurashda 70 ming pokistonlik o'lgan, davlat taqriban150 milliard dollarlik zarar ko'rgan.
"Biz urushda emas, tinchlikda sherik bo'lishni xohlaymiz", - deydi Imron Xon.
Ayni damda Bayden ma'muriyati Pokiston bilan strategik sheriklik masalasini qayta ko'rib chiqmoqda. Yangi bitimlar ustida gap ketmoqda.