Ekologik partiya prezidentlikka nomzodini tasdiqlagan

O’zbekiston prezidentligiga ilk nomzod ma’lum, ammo u haqda jamoatchilik deyarli hech narsa bilmaydi.

Ekologik partiya vakili Narzulla Oblomurodov dolzarb ekologik muammolarni hal etish, aholi salomatligini yaxshilash uchun saylovda qatnashishini ma’lum qilmoqda.

O’zbekiston ekologik partiyasi 4-avgust kuni o’tkazilgan plenumida O’zbekiston prezidenti saylovlarida partiya Markaziy kengashi raisi Narzulla Oblomurodov nomzodi bilan qatnashish qarorini tasdiqlagan.

Buni ham ko'ring Prezident saylovi haqida prezidentdan qachon eshitamiz?

Partiya tomonidan prezidentlikka surilgan Narzulla Oblomurodov jamoatchilikka tanilgan shaxs deyish qiyin. U olti oycha avval Ekologik partiya markaziy kengashi raisligiga saylangan.

Oblomurodov bungacha Ekologiya va atrof muhitni himoya qilish davlat qo’mitasida ishlab kelgan, ekologik muammolarga doir biror jiddiy bayonoti yoki chiqishlari bulan jamoatchilik diqqatiga tushmagan.

“Amerika Ovozi” gaplashgan faollar ham nomzodi prezidentlikka surilgan Narzulla Oblomurodov haqida deyarli hech narsa bilmasliklarini ta’kidlashadi.

Shunisi diqqatliki, Narzulla Oblomurodov Ekologik partiya rahbarligiga shu yilning fevral oyida bu lavozimda ikki oygina ishlashga ulgurgan Botanika institutini sobiq direktori Komiljon Tojiboyev o’rniga saylangan.

Partiya plenumida so’zga chiqqan Oblomurodov aholi e’tiborini ekologik muammolarga qaratish, inson salomatligini asrash, sog’lom turmush tarzini ta’minlash jamiyatdagi o’ta muhim masala sifatida qolayotgani uchun ham partiya prezidentlik saylovlarida qatnashishga qaror qilgani haqida gapirgan.

Narzulla Oblomurodov - prezidentlikka ko’rsatilgan ilk nomzod. Markaziy saylov komissiyasi ro’yxatidan o’tish uchun saylovchilarning kamida bir foiz imzosini to’plashi lozim.

Zayniddi Nizamxodjayev, O'zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi raisi

O’zbekiston prezidenti saylovi 24- oktabrda o’tadi. Saylovda nomzod ko’rsatish vakolati faqat siyosiy partiyalarda. O’z nomzodini e’lon qilgan O’zbekiston ekologik partiyasidan tashqari, “Adolat”, “Milliy tiklanish”, XDP va O’zbekiston liberallar partiyasi tomonidan ham prezidentlikka nomzodlar ko’rsatilishi kutilmoqda.

Amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev o’tgan safar Liberal demokratlar tomonidan prezidentlikka surilgan, bu safar ham o’z nomzodini shu partiya tomonidan surishi ehtimoli yaqin.

Har holda Liberal demokratlar partiyasi tomonidan rejalashtirilayotgan loyiha - “prezident va tadbirkorlar uchrashuvi” shundan darak beradi.

Buni ham ko'ring O'zbekistonda prezident saylovi Karimov usulida o'tadimi?

Prezident va ishbilarmonlar ishtirokida tadbirkorlar to’qnash muammolarning ochiq muhokamasi sifatida taqdim etilgan bu uchrashuv, so’ngi xabarlarga ko’ra, murojaatlar keskin ko’payishi ortidan yana surilgan.

Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik muddati yakunlanishi arafasida Liberal demokratlar partiyasini asosiy qatlami bo’lgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan uchrashuvi tashkil etilayotgani bejizga emasdek, katta ehtimol bilan aynan shu uchrashuv davomida Mirziyoyevdan yana bir muddatga o’z nomzodini prezidentlikka surish “iltimos” qilinadi.

Hozircha esa Mirziyoyevning saylovda ishtirok etish yoki etmasligi aniq emas, ammo bu saylovda iqtidordagi hukumatga nisbatan muxolif, mustaqil biror nomzod yuzaga chiqmasligi allaqachon aniqlashgan.

Markaziy saylov komissiyasi prezidentlik saylovida ishtirok etuvchi partiyalar ro’yxatini e’lon qildi, bu partiya vakillariga guvohnomalar ham topshirdi. Ro’yxatga olingan, prezidentlikka nomzod surish vakolati berilgan bu partiyalar ro’yxatida nafaqa muxoliflikka, balki mustaqillikka da’vogar siyosiy kuchlar ham yo’q.

“Amerika Ovozi” gaplashgan faollarning aksariyati prezidentlik saylovi o’zbek xalqiga saylash va tanlash imkoniyatini bermasligini, saylov shunchaki amaldagi prezidentning ikkinchi muddatini rasmiylashtirish uchun o’tkazilayotganiga ishonishlarini aytishmoqda.

Mahalliy faollarning bu qarashlaridan qat’i nazar, qator xalqaro tashkilotlar O’zbekistondagi prezidentlik saylovini jiddiy kuzatish niyatida ekanliklarini bildirishgan.

Jumladan, saylovlarni kuzatish bo’yicha nufuzli tashkilot bo’lgan YXHT qoshidagi Demokratik institutlar va inson huquqlar byurosi ekspertlari O’zbekiston prezidenti saylovlarini to’liq missiya ishtirokida kuzatish bo’yicha o’z xulosalarini e’lon qilgan edi.