Afg’onistonda Mozori Sharif shahri mudofaasiga Turkiyada davolanib qaytgan marshal Abdul Rashid Do’stim boshchilik qilmoqda. Mozori Sharifga kelgan Prezident Ashraf G'ani mahalliy liderlar bilan muzokara o’tkazgan.
Tolibonga ko'ra esa G’ani Afg’oniston ustidan nazoratni qo’ldan boy bergan. Harakat tumanma-tuman, shaharma-shahar tartibni o'z qo'liga olmoqda.
Do’stum vatanga qaytishi bilanoq toliblarga qarshi kurash choralarini muhokama qilib, xavfsizlik yig’ini o’tkazgan. Buning ortidan G’ani Mozori Sharifga kelib, bir paytlar toliblarga qarshi ayovsiz kurashgan Shimoliy alyans yetakchilari bilan uchrashgani shimol ahlida Tolibon bosqini qaytarilishiga bir qadar umid uyg’otgan.
Mintaqada minglab odamlar, xususan o’zbeklar allaqachon qochqinga aylangan. Yuzlab o’zbeklar toliblar bilan janglarda halok bo’lgani haqida ham ma'lumotlar bor.
Afg’onistonda toliblar va o’zbeklar to’qnashuvi avj olar ekan, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent Tolibonni qo’llaganlikda ayblanib, keskin tanqidlarga tutilmoqda.
Bu chiqishlarda O'zbekiston hukumati hech bo’lmaganda qochqinlar uchun chegarani ochishga ham yaramagani qoralanadi. Ayrimlar nazarida Toshkent Afg’oniston o’zbeklariga xiyonat qilmoqda.
“O’zbekiston hukumati Toshkentda nafaqat Tolibon terrorchilariga, O’IH, TIH, Ansarulloh, ISHIDchilarga ham chopon kiydirdi. Afg’oniston shimolidagi o’n million o’zbek temir yo’lga almashtirildi. Bu xiyonatni tarix unutmaydi”, - deb yozadi “Facebook”da “O’zbeklar” guruhi.
Guruh tomonidan nazarda tutilayotgan temir yo’l transafg’on koridori nomi bilan tanilgan. O’zbekiston shu yo’nalish bo’yicha Pokistondagi portlarga va jahon bozoriga chiqish umidida.
Bu koridor haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistondagi mintaqaviy sammitda ham gapirgan.
Mirziyoyev deydiki, Markaziy Osiyo tranzit imkoniyatlarini yanada kuchaytirib, Yevrosiyo qit’asidagi asosiy xabga aylanishi zarur. Shu maqsadda O’zbekiston yaqindan transafg’on koridori “Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar” yo’nalishidan foydalanishni boshlaydi.
O’zbekiston hukumati bu koridorning asosiy kafolati sifatida bir tomondan Pokistonni, boshqa tomondan esa ayni paytda Mazori Sharifni qo’lga kiritish uchun mahalliy o’zbeklar bilan shafqatsiz jangga kirishgan toliblarni ko’radi.
Buni ham ko'ring O’zbekistonning chorak asrlik orzusi ushalmoqdami?Iyul oyida O’zbekiston prezidenti bu borada Toshkentda Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan gaplashgan, Pokiston rahbari transafg’on loyihasini qo’llab-quvvatlashini aytgan edi. O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Tolibon vakillari bilan muloqoti, jumladan iqitisodiy hamkorlik muhokama qilingan muzokaralari esa anchadan buyon davom etib keladi.
Afg’onistonda vaziyat keskinlashib, Tolibon nazorati kengayib borar ekan, O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bir necha bor Afg’onistonning ichki ishlariga aralashmasligi, chegarani noqonuniy kesib o’tganlarga jiddiy chora ko’rilishiga doir bayonotlar bilan chiqdi.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ayrim sharhlovchilar Toshkentning Afg’oniston bo’yicha siyosatini, xususan o’z manfaatlarini Pokiston va toliblar orqali himoyalash qarorini yoqlaydi. Toliblarning hukumatga kelishi aniq bir vaziyatda, deydi ular, Toshkent pragmatik siyosat yuritmoqda.
Ammo Mozori Sharif uchun kechayotgan janglar, xususan shimoldagi tojiklar, o’zbeklar, hazoralar toliblarga qarshi birlashayotgani, G'ani rahbarligidagi hukumat va AQSh toliblarga qarshi kurashda ularga jiddiy ko’mak va’da qilayotgani vaziyatda burilish kuzatilishi mumkin, degan umid ham beradi.