Bayden: Afg'onistondagi barcha amerikaliklarni qaytaramiz

  • Amerika Ovozi

Oq uy, 20-avgust, 2021

Prezident Jo Bayden Oq uyda jurnalistlar bilan gaplashar ekan, Afg'onistondagi barcha amerikaliklarni va ular bilan ishlagan mahalliy fuqarolarni AQShga olib kelishga yana bir bor so'z berdi.

“U yerdagi amerikaliklarga aytadigan gapim, sizni vatanga qaytaramiz. Qanchalik xavfli ekanini bilamiz. Qurolli kuchlarimiz o'z hayotini tahdid ostiga qo'yib, og'ir sharoitda xizmat qilmoqda", - dedi Bayden Vitse-prezident Kamala Harris va Davlat kotibi Entoni Blinken bilan yonma-yon turib so'zlar ekan.

Amerika hukumati unga ishlagan afg'onlarni, shuningdek, AQSh tashkilotlariga mehnat qilgan insonlarni ham evakuatsiya qilishda davom etadi.

"Ularning hayoti xavf ostida ekanini tan olamiz", - deydi Bayden.

19-avgust kuni Kobul xalqaro aeroportidan 5700 odam olib chiqilgan. 14-avgustdan beri esa jami 13 ming. Iyul oyi oxiridan beri Amerika 18 ming kishini afg'on sarhadidan evakuatsiya qilgan.

AQSh kuchlari aerportdan chiqib, 169 amerikalikni olib kelgan. "The New York Times", "The Wall Street Journal" va "The Washington Post" jurnalistlari va xodimlari ham uchib ketgan, jami 204 kishi.

Buni ham ko'ring Bayden Afg'onistondan chiqish qaroridan qaytmaydi

Bayden ma'muriyati evakuatsiya borasida Tolibon bilan aloqada va ular odamlar ketishi uchun yo'lni ochib berayapti.

"Tolibonga bildirdikki, har qanday hujum, bizning qo'shinlarimizga yoki biz aeroportda olib borayotgan jarayonga, keskin va qattiq javob bilan qaytariladi", - deydi prezident.

Bayden bu ogohlantirishni har safar Afg'oniston haqida so'zlaganida takrorlaydi.

Kobuldan doimiy reyslar, shuningdek, charter parvozlar yo'lga qo'yilgan.

"Tarixda bu qadar keng ko'lamdagi havo amaliyoti olib borilmagan. Buni faqat biz, AQSh, eplay olamiz", - deydi prezident.

Oq uyning maqsadi 31-avgustgacha Afg'onistondan barcha amerikaliklarni va AQSh bilan ishlagan mahalliy odamlarni olib chiqish ketish. Nafaqat hukumat uchun, balki xususiy va nohukumat sektorda mehnat qilganlar ham nazarda tutilmoqda.