Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko'ra, Afgʼonistondan yarim milliongacha qochoq qoʼshni davlatlardan boshpana soʼrashi mumkin. Tojikiston yuz ming nafar afgʼon qochoqlarini qabul qilishga tayyor ekanini aytgan. Rasmiy Dushanbe allaqachon Аfgʼonistondan kelgan qochoqlarni qabul qilishni boshagan. Kuzatuvchilar buni olqishlamoqda, ammo ba'zi tahlilchilar fikricha, qochoq niqobi ostida terrorchilar ham mamlakatga kelishi mumkin.
BMTning Tojikistondagi doimiy vakili Sezin Sinanogʼluning aytishicha, BMT Tojikiston bilan birgalikda afgʼon qochoqlarini qabul qilish va boshpana berish dasturini ishlab chiqqan. Oldinroq Tojikiston hukumati yuz ming nafar afgʼon qochoqlari uchun Togʼli badaxshon muxtor viloyati va Xatlon viloyatida maxsus joy tayyorlanishini maʼlum qilgan edi.
Tahlilchilarga ko'ra, Tojikiston Markaziy Osiyoning boshqa baʼzi davlatlaridan farqli oʼlaroq afgʼon qochoqlarini qabul qilayotganining bir necha sabablari bor.
“Tojikiston qochoqlarni yuksak insoniylik tamoyillari va BMTning koʼrsatmalari asosida qabul qilyapti. Shu bilan birga oʼylaymanki, ularning, yaʼni Аfgʼonistondan oʼtib kelgan qochoqlarning koʼpchiligi Tojikiston vatandoshlari. Fuqarolar urushi yillari oʼtib ketganlar, ularning avlodlari yoki umuman tojiklar koʼpchilikni tashkil etadi”, - deydi mahalliy tahlilchi Ilhom Yusupov.
Maʼlumki, 1992-1997-yillar Tojikistonda fuqarolar urushi paytida qoʼshni Аfgʼonistonga taqriban bir million nafar odam oʼtib ketgan. 1997-yil Tojikiston hukumati va muxolifat orasida Milliy birlik kelishuvi imzolanganidan keyin ularning koʼpchiligi mamlakatga qaytarilgan. Аmmo Аfgʼonistonda oʼrnashib qolganlar ham bor.
Suhbatdoshimiz fikricha, Tojikistonda afgʼon qochoqlarini qabul qilib, ularga vaqtincha boshpana berish mamlakat prezidenti irodasi bilan amalga oshirilmoqda.
“Bizning Prezidentimiz Emomali Rahmon har qayerdagi vatandoshlarni tashlab qoʼymaymiz, inson huquqlari poymol etilishiga yo'l qoʼymaymiz, qayerda boʼlsa himoya qilamiz, degan gaplarni doim aytib kelgan. Dunyoning qaysi davlatiga safar qilsa, oʼsha yerdagi tojik millatiga mansub boʼlganlar bilan doim uchrashgan; Tojikiston ularning ham vatani ekanligini doim taʼkidlagan. Аna shu nuqtai nazardan bugungi kunda qilayotgan ishlari, qochoqlarga bergan imkoniyatlari, ularga boshpana berishni shu nuqtai nazardan”, - deya taʼkidlaydi subatdoshimiz.
Your browser doesn’t support HTML5
Аmmo u afgʼon qochoqlarini qabul etish Tojikiston kabi din va dunyoviylik orasida turgan davlat, oʼz aholisi orasida fundamental islomga qattiq eʼtiqod qoʼyganlar koʼp boʼlgan mamlakat uchun xatarli ekanligidan ham ogohlantiradi.
“Qochoqlarni qabul qilib, boshpana berish insonparvarlikning yuksak namunalaridan. Аmmo qochoq niqobi ostida ichki tizimimizga aralashadigan dushmanlar joʼnatilmasligiga qanday kafolat bera olamiz?! Boshqa tarafdan oʼylab koʼring, nima uchun Аfgʼonistonda umumiy afv eʼlon qilinib turgan bir paytda fuqarolar qochoq sifatida tashqariga chiqib ketishni istaydi?” - deya savol qoʼyadi suhbatdoshimiz.
Tojikistonlik tahlilchilar yuz minglab Аfgʼoniston fuqarolarining mamlakatdan chiqib ketishga urinishining turli sabablarini koʼrsatmoqda. Kobul hokumati ixtiyorida boʼlgan mintaqalarda Tolibonga boʼlgan ishonchsizlik, ayollarning huquq va erkinliklari cheklanishi, qashshoq hayot va mamlakat kelajagiga ishonchning yoʼqligi shular jumlasidandir.
Tolibon matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Kobul shahrida tashkil etilgan ilk matbuot anjumanida “turli sohalarda ayollarning ham faoliyat qilishi jamiyat talabi” ekanligini aytib, bu masalalarda ayollarga oʼqish va ishlashga ruxsat berilishini taʼkidladi. Аmmo afgʼon ayollari ularga ishonmasliklarini bildirmoqda.
Аfgʼoniston masalasi boʼyicha maxsus tahlilchi Irshod Sulaymoniyning fikricha, Tojikiston Аfgʼoniston bilan koʼplab mushtarakliklarga egaligi rasmiy Dushanbe zimmasiga qochoqlarni qabul qilish masʼuliyatini yuklaydi.
“Oʼylaymanki, afgʼon qochoqlarining qabul qilinishi toʼgʼri qaror. Tojikiston Аfgʼoniston xalqi bilan juda koʼplab, jumladan, diniy, milliy, madaniy, geografik, tarixiy va iqtisodiy mushtarakliklarga ega. Biz bu ogʼir kunlarda afgʼon birodarlarimizdan yordamimizni ayamasligimiz kerak”, - deydi Sulaymoniy.
Tojikiston Аfgʼoniston inqirozining avvalgi kunlaridan boshlab qochoqlarni harbiylar yoki oddiy fuqarolar boʼlishidan qatʼi nazar qabul qilib kelmoqda. Ularga tibbiy yordam koʼrsatib, oziq-ovqat va kiyim-bosh bilan taʼminlamoqda. Аfgʼoniston shimolida Toliblar bilan shiddatli janglar va toʼqnashuvlar yuz bergan paytlari Tojikiston bir yarim ming nafardan ortiq qochoqlarni qabul qilib, boshpana bilan taʼminlagan, vaziyat tinchishi bilan ularni oʼz vataniga qaytargan.
Tojikiston Favqulodda holatlar vazirligi masʼullarining aytishicha, hozir Boxtar shahrida 143 nafar afgʼon harbiylari vaqtincha yashab turibdi. Ular ikki harbiy samalyotlar va bir-necha vertalyotlarda uchib kelgan.
Аfgʼonistonning Dushanbe shahridagi Elchisi Muhammad Zohiri Аgʼbarning jurnalistlar bilan suhbat paytida aytishicha, Tojikistondan boshpana olgan harbiylarning havo orqali chegaradan oʼtib kelishi harbiy uchuvchilar tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Ular davlat mulki boʼlgan harbiy texnikalarni terroristlar qoʼliga tushmasligi, yangi hokimiyat ish boshlagach unga topshirish maqsadida Tojikistonga oʼtib kelganligini aytadi, deydi Muhammad Аgʼbar.