Respublikachi kongressmen Maykl Makkol AQSh Global Media Agentligi (AGMA) jurnalistlari Afg’onistondan evakuatsiya qilinmaganini “sharmandalik” deya qoralamoqda.
“AQSh Davlat departamenti o’zining mahalliy xodimlarini evakuatsiya qilganini da’vo qildi, biroq aslida yuzlab AGMA jurnalistlar va ularning oila a’zolarini tashlab ketdi”, - deydi Vakillar palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zosi Makkol.
AGMA mustaqil federal agentlik bo’lib, “Amerika Ovozi” qatorida yana bir necha OAVni boshqaradi, jumladan “Ozodlik” radiosini.
Kongressmen bayonotiga ko’ra, Afg’onistonda agentlikning taxminan 500 xodimi va ularning oilalari qolgan. Bayden ma’muriyati ularni olib chiqishga va’da bergan edi.
AGMA hozircha bu borada izoh bermayapti.
30-avgust kuni Pentagonda o’tgan matbuot anjumanida Afg’onistondagi missiya yakunlangani e’lon qilindi. Kobul vaqti bilan 31-avgustga o’tar kechasi AQShning oxirgi samolyoti aeroportni tark etgan.
Vakillar palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zolarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ular AGMA xodimlarini xavfsiz joyga ko’chirishni talab qilishda davom etmoqda. Evakuatsiya tugatilgan ekan, bu qay tarzda amalga oshishi noma’lum.
Charter reys tashkillashtirish g’oyasini olg’a surayotganlar ham jurnalistlarni aeroportga xavfsiz yetkazish murakkab ekanini tushunadi.
31-avgust kuni Davlat departamenti brifingida qolib ketgan jurnalistlar haqida so’ralganda, departament so’zlovchisi Ned Prays shunday javob berdi:
“Biz ularni imkon qadar tezroq xavfsiz joyga ko’chirish uchun g’ayrioddiy va va barcha zarur choralarni ko’ryapmiz”.
Kobuldan harbiy evakuatsiya tugashiga bir necha kun qolganda qariyb 70 qonunchi Bayden ma’muriyatiga maktub yo’llagan edi.
“Shuni ta’kidlaymizki, AGMAning 550 xodimi va ularning oilalari siz evakuatsiya qilish uchun qattiq harakat qilgan boshqa jurnalistlardan farq qilmaydi”, deyiladi maktubda.