Tolibon hokimiyatni egallashi ortidan “Al-Qoida” va “Islomiy davlat” terrorchi guruhlari Afg’onistonga oshiqmoqda.
So’nggi haftalarda jangarilar orasida Afg’oniston hududiga kirishga doir muhokamalar avj olgani haqida xabarlar olingan. AQSh Razvedka xizmati rasmiysi 14-sentabr kuni qator terrorchilar guruhi allaqachon yo’lga chiqishga ulgurganini ta’kidladi.
“Bizda “Al-Qoida”ning Afg’onistonga kirish ehtimollariga doir ma’lumotlar bor”, - deya ta’kidladi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori o’rinbosari Devin Koen.
“Biroq bu jarayonlarning boshlang’ich davri. “Al-Qoida” bir yil ichida o’z safini mustahkamlab olishga ulgurishi mumkin. Biz albatta voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz”, - dedi rasmiy.
AQSh razvedkasi jangarilarning shaxsi va ularning qaysi mamlakatlardan Afg’onistonga yo’l olganiga doir ma’lumotlarni oshkor etmadi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videolardan birida esa “Al-Qoida” asoschisi Usama bin Ladenning safdoshi bo’lgan Amin al-Haqning vatani Nangarhor viloyatiga qaytayotgani aks etgan.
Boshqa davlatlarning razvedka xizmatlari ham “Al-Qoida”ning nufuzli liderlari Afg’onistonga kirishga urinishini taxmin qilmoqda. Xususan, ayni damda Eronda qo’nim topgan Saif al-Odil ham vaziyatdan foydalanishi mumkin.
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining ogohlikka da’vati Afg’onistonning qaytadan terrorizm o’chog’iga aylanishidan xavotirlanayotgan xalqaro masshtabdagi rasmiylar qarashi bilan hamohang.
G’arb rasmiylariga ko’ra esa “Al-Qoida” yaqin kelajakda sezilarli o’zgarish qilishga ulgurmaydi. Biroq Afg’oniston va qo’shni mamlakatlar hududida bir necha oylardan beri o’z infrastrukturasini shakllantirishga muvaffaq bo’lgan “Islomiy davlat”ning Xuroson guruhi jiddiy kuchga aylanishi mumkin.