Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon Nyu-Yorkda dastlabki katta yig’inlardan biri bo’lib o’tadi. BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasiga 100 dan ziyod davlat rahbarlari kelishi kutilmoqda.
Sessiya bu gal cheklangan tartibda o’tadi. Dunyo yetakchilari juda kichik delegatsiya bilan unda qatnashishi yoki virtual tarzda murojaat qilishi mumkin.
Taxminan 125 davlat rahbari Nyu-Yorkka tashrif buyurishi kutilyapti.
“Dunyomiz yangi anormallik tomon yo’nalmoqda: yanada tartibsiz, barcha uchun yanada xafli. Noto’g’ri yo’nalishda ketmoqdamiz va hal qiluvchi palladamiz”, - deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Buni ham ko'ring Qurg’oqchilik, yong’inlar iqlim o’zgarayotganidan darakHafta iqlim o’zgarishiga doir muzokaralar bilan boshlanadi. Guterrish va Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson o’nlab davlat rahbarlari bilan uchrashmoqchi. Maqsad – global isishni sekinlashtirish bo’yicha ularni dadilroq qadamlar tashlashga undash. Noyabrda Shotlandiyada iqlim konferensiyasi bo’lib o’tadi.
“Kutishga vaqt yo’q, zararning oldini olish uchun hozir harakat qilish kerak”, - deydi Guterrish.
Yana bir dolzarb vazifa – global vaksinatsiya orqali COVID-19 pandemiyasini to’xtatish.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti 2022-yil o’rtalariga borib dunyo aholisining 70 foizini emlashni maqsad qilgan, ammo qashshoq davlatlar bu rejadan orqada.
22-sentabr kuni Prezident Bayden bu mavzuda virtual yig’in o’tkazadi.
“Hukumatlar, bizneslar, xalqaro institutlar va fuqarolik jamiyatidan iborat koalitsiya tuzib, vaksina va dorilarni olish imkoniyatini kengaytiryapmiz, dunyo bo’ylab sog’liqni saqlash tizimlarini mustahkamlayapmiz”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.
Bu ikki global krizisdan tashqari endi yana bir geosiyosiy masala bor: Afg’oniston.
“Afg’oniston - BMT uchun ulkan gumanitar sinov. Ochlik va siyosiy tartibsizlik davrida afg’onlarning qornini to’yg’azish uchun BMT agentliklari mas’ul”, - deydi Xalqaro inqirozlar guruhidan Richard Govan.
Buni ham ko'ring Tolibon muvaqqat hukumat tarkibini e'lon qildi22-sentabr kuni “Katta Yigirmalik” vazirlari Afg’onistonni muhokama qiladi. Jahon rahbarlari yuzma-yuz uchrashuvlarda ham bu haqda gaplashadi.
Tolibon Afg’onistonni bosib olgani G’arb yetakchilarining BMTdagi chiqishlarida asosiy mavzu bo’lishi kutilyapti. Ayniqsa xotin-qizlarning huquqlari borasida erishilgan yutuqlarni saqlab qolish mavzusi.
“Bosh Assambleya Tolibonni bu huquqlarni himoya qilishga majburlay olmaydi”, - deydi Govan.
Seshanba kunidan Bosh Assambleyada ma’ruzalar boshlanadi. Prezident Jo Bayden ilk bor BMT minbaridan turib murojaat qilishi kutilmoqda.
“Bayden ustuvor vazifalar haqida so’zlaydi. Pandemiyaga nuqta qo’yish, iqlim inqiroziga qarshi kurash, inson huquqlari, demokratiya va xalqaro qoidalarga asoslangan tizimni himoya qilish. Bular chegara tanlamaydi. Dunyoning har bir mamlakatiga tegishli muammolar”, - deydi elchi Grinfild.
BMT Bosh Assambleyasining 76-yillik sessiyasi pandemiya chekinmagan, ammo Nyu-Yorkda muzey, restoran va teatrlar qayta ochilayotgan bir vaqtda o’tadi.