AQSh kongressmenlari Prezident Mirziyoyev bilan uchrashib, ikki davlat orasidagi bugungi aloqalar va maqsad va manfaatlarni muhokama qildi. Toshkentdagi muloqotda Afg’oniston, xavfsizlik, savdo va sarmoya asosiy mavzular bo’lgan.
Respublikachi kongressmenlar Don Beykon, Dag Lamborn, Troy Nels va Ogust Pflyuger O’zbekistonda “demokratik islohotlardan umidvor” ekanini bildirgan va Mirziyoyevni erkinlashtirish siyosatini to’xtatmaslikka undagan.
Buni ham ko'ring AQSh Mirziyoyevni demokratik islohotlarga, erkinlikni kengaytirishga undadi
Bayden ma'muriyati O'zbekistonda yaqinlashayotgan prezident saylovlarIni erkin va adolatli o'tkazishga undab kelmoqda. 4-oktabr kuni Davlat kotibi o'rinbosari Uendi Sherman ham Toshkentda O'zbekiston rahbari bilan uchrashgan edi.
AQSh delegatsiyasi parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, amaliy rishtalarni kengaytirish, O‘zbekiston-AQSh strategik sherikligini rivojlantirish xususida so'z yuritgan.
AQSh Kongressida O‘zbekiston kengashi bor. "Do‘stlikni mustahkamlash va konstruktiv muloqotni ilgari surish bo‘yicha parlament guruhining nufuzi ortib bormoqda, faoliyati kengaymoqda," deyiladi rasmiy bayonotda.
Kongressmenlar Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ko'rsatishda O'zbekiston bilan birga ishlashga bel bog'lagan. Qo'shni davlatda barqarorlikka erishish borasida Vashington va Toshkent hamfikr ekani qayd etilgan.
Nebraska, Kolorado va Texas shtatlaridan saylangan kongressmenlar o'z hududlari va O'zbekiston orasida aloqalarni taraqqiy ettirish uchun o'z takliflarini bergan.
Innovatsiya va sanoat, texnologiya, qishloq xo‘jaligi, “yashil” energetika, sog‘liqni saqlash va ta’lim yo'nalishlaridagi imkoniyatlar to'g'risida fikr almashilgan.
Bu qonunchilar O'zbekiston haqida endi o'rganayotganini, mamlakatni endi o'z ko'zlari bilan kashf etayotganini va Samarqand singari tarixiy go'shalarda bo'lib, sharq ruhiyati va ma'naviyatini his etayotganini aytadi.