13-oktabr kuni AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi e'lon qilgan hisobotga ko'ra, O'zbekistonda ikki mingdan oshiq kishi dindorligi uchungina panjara ortida o'tiribdi. Bu insonlar, komissiya nazarida, siyosiy sabablar bilan qamoqqa tashlangan. Hisobot muallifi – huquqshunos Stiv Sverdlov. U 81 mahkumning ishini alohida o'rganib chiqqan.
Sverdlovning aniqlashicha, bu mahkumlarning hammasi bo'lmasa-da, ko'pi qiynoqlarni boshdan kechirgan. "Ularning huquqlari muntazam ravishda toptalgan", - deydi mutaxassis.
O'zbekistondagi diniy va siyosiy mahbuslar va mahkumlar masalasi xalqaro maydonda yangilik emas. Vashington va Toshkent, shuningdek, O'zbekiston va BMT hamda respublika va Yevropa Ittifoqi orasidagi muzokara va muloqotlarda tez-tez tilga olinadigan mavzu. Islom Karimov davrida bu borada tinimsiz bong urgan G'arb Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, muammo tan olinganidan mamnun. O'tgan besh yil mobaynida minglab mahkumlar avf etildi.
Biroq, deydi Sverdlov, O'zbekiston hukumati bu toifadagi mahkumlar haqida hozirgacha ham batafsil ma'lumot bermagan. Taxmin shuki, O'zbekistonda aslida aynan e'tiqodi uchun sudlangan va jazoga tortilganlar soni butun sobiq sovet hududidagi bunday mahkumlar yig'indisidan ham ko'proq bo'lishi mumkin. O'zbekiston - dunyoda eng ko'p dindorni zindonband etgan tuzumlardan biri, deya xulosa qiladi Sverdlov.
Hisobotda e'tibor qaratilgan mahkumlar O'zbekistonda konstitutsion tuzumga qarshi harakatlarda, man etilgan adabiyotlarni tarqatganlikda yoki tashiganlikda, taqiqlangan guruhlarga a'zolikda ayblangan. Ammo Sverdlovning tahlil qilishicha, ayblovlar mavhum va mujmal detallarga asoslangan, isbot sifatida keltirilgan holatlar esa uydirma bo'lgan. Qamalganlar tinchlikni buzgani, zo'ravonlikka aloqador bo'lgani yoki beqarorlikka undovchi ishlar qilgani xususidagi dalillar juda bo'sh, deya tushuntiradi huquqshunos.
Sverdlov o'rganib chiqqan ishlarda sudlanuvchilar real huquqiy himoya bilan ta'minlanmagan. Mahkumlarning jazo muddati ataylab cho'zdirilgan hollar ko'p, deydi u. Ayni damda qamoqda o'tirganlar sud bergan jazoni o'tab bo'lgan, ammo u yerda yana yillar qo'shilgan, deydi mutaxassis.
Jinoyat kodeksining 159, 216, 244 va boshqa moddalariga binoan jazoga tortilib, 221-modda asosida qo'shimcha yillarga kesilgan odamlar ishi, AQSh komissiyasi nazarida, darhol ko'rib chiqilishi lozim.
Ijobiy tomoni, deyiladi hisobotda, Karimov davrida qamoqqa tashlangan dindorlarning yarmi yoki undan ko'pi yo chiqqan yo muddati qisqartirilgan, biroq minglab insonlar hamon panjara ortida. 2000-2010 yillar eng ko'p dindorlar qamalgan davr, deya tasvirlaydi Sverdlov, ayrimlari 20 yildan oshibdiki, koloniyalarda o'tiribdi. Qarindoshlar, aka-ukalar, ota va o'g'il e'tiqodi uchun jazolangan hollar talay, deya ta'kidlaydi Sverdlov. Mirziyoyev davrida ham diniy sabablar bilan qamalganlar oz emas.
Noqonuniy guruhlarga aloqadorlik yoki a'zolikda ayblanganlar, xususan Hizb ut-Tahrir harakatiga kirgan deya sudlanganlar aniq dalil yo'qligini da'vo qiladi. Hukumat avf etilganlarni adashgan, endi esa to'g'ri yo'lga tushgan insonlar deb ko'rsatadi, deydi Sverdlov, lekin aslida siyosatning o'zi mujmal; tuzum kimdan nimaga xavfsirayotganini tushuntirmagan.
Hisobotda bayon etilishicha, konkret isbot-dalilsiz qamalgan insonlar qilmagan ishi uchun tavba qilishga majbur, shundagina ular avf etilishi mumkin. Bu bilan esa, deydi Sverdlov, hukumat Karimov davrida qilingan qora ishlarni yopiqligicha qoldiradi.
"Bu ishlar aslida birma-bir ko'rib chiqilishi, kim nima uchun qamoqqa olinib, qay tarzda qamoqqa tashlangani, qiynoqqa solingani, advokat xizmatisiz qoldirilgani o'rganilib, adolatli xulosalar qilinishi zarur".
"Odamlarni ekstremist yoki terrorist deya tamg'alash uchun kuchli isbot-dalil kerak. Hukumatda ular qanchalik bo'lgan yoki hozir ham bor?"
O'zbekistondagi diniy mahbuslarning katta qismi chet eldan olib kelingan. Hukumatlar hamkorlikda qilgan, birgalikda inson huquqlarini qo'pol ravishda buzishgan, deydi Sverdlov.
Respublika Jinoiy kodeksi yangilanishi kerak, deya chaqiradi ekspert, ayniqsa ekstremizm va terrorizm bilan bog'liq moddalari.
Hisobotda yozilishicha, Karimov hukmron yillarda diniy va siyosiy motivlar bilan qamalganlar soni 7-10 ming bo'lgan. O'z vaqtida huquq tashkilotlari bu sonni bir necha karra yuqori deb tasavvur qilar edi.
2016-yildan keyin, ya'ni Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, ko'plar afv etildi, shuningdek, 20 mingdan oshiq o'zbekistonlik qora ro'yxatdan chiqarildi.
Hukumat din bilan bog'liq qonunlar hamda Jinoiy kodeks isloh qilinayotganini eslatadi. Xalqaro mutaxassislar, BMT va inson huquqlari tashkilotlari Mirziyoyev ma'muriyati va Oliy Majlis qonunchilik palatasini "repressiv bandlarni" olib tashlashga undab kelmoqda.
Stiv Sverdlov O'zbekistonda e'tiqod erkinligi kengayganini kuzatib, respublika qamoqxonalariga kirib, mahkumlar bilan gaplasha olganini, qiynoqlar kamaygani va huquqiy himoyaga e'tibor oshganini e'tirof etadi.
Mirziyoyev ma'muriyatiga ko'ra, e'tiqod erkinligi o'tgan besh yil ichida sezilarli dajarada kengaygan, fuqarolar bugun dindor ekanini ko'rsatishdan qo'rqmaydi, mamlakat bo'ylab e'tiqodga e'tibor yuqori, hukumat fuqaroning diniy huquqlarini hurmat qilib, zarur sharoit yaratish bilan band.
Sverdlov AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi uchun bu hisobotni yozish uchun bir yil izlangan, 120 ga yaqin kishi bilan suhbatlashgan, O'zbekiston bo'ylab vaziyatni tadqiq qilgan. Muallif hukumatning tegishli organlari bilan ham muloqot olib borgan - yozma, virtual va yuzma-yuz. Sverdlov deydiki, uning ko'plab savollari javobsiz qoldirilgan. Mahbuslar soni, ularning sud ishi va qamalishiga doir ma'lumotlar ochiqlanmaydi, degan xatlar ham berilgan.
Buni ham ko'ring Diniy erkinlik: AQSh O'zbekistondagi vaziyatni qanday baholamoqda?
Sverdlov uzoq yillarda inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkilotining O'zbekiston va keyinchalik butun Markaziy Osiyo bo'yicha bosh vakili edi. Hozirda u Janubiy Kaliforniya universitetida huquqdan dars beradi. Sverdlov, shuningdek, qator xalqaro organlarga konsultanlik ham qiladi.
AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi mazkur hisobotga tayangan holda O'zbekiston hukumatini islohotlarni jadallashtirishga, adolatsiz qamalganini da'vo qiladigan fuqarolar ishini qayta ko'rib chiqishga, ularning huquqlari himoya qilinishi uchun yo'l berishga, muammolarni hal etish uchun xalqaro organlarning yordamiga tayanib, vaziyatni yaxshilashga undamoqda.
Komissiya hisobotni AQSh Kongressi, Oq uy, Davlat departamenti va boshqa vazirlik va idoralarga uzatib, O'zbekiston bilan aloqa va hamkorlikda diniy erkinlikka alohida e'tibor qaratishni tavsiya qilmoqda.
O'zbekiston hukumati bu hisobotga hali munosabat bildirmagan.