Prezident qasamyod marosimidagi ma’ruzasida ko’p davlatlar tub burilishlar davrida konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirganini ta’kidlar ekan, bugunni va kelajakni belgilab beruvchi asosiy qonunni takomillashtirish masalasi ko’rib chiqilishini aytdi.
Prezidentning konstitutsiyaviy islohotlar haqidagi bu bayonoti bir qadar mavhum, ya’ni konstitutsiya aynan qaysi bandlarda takomillashtirilishi aniq emas. Ammo ko’pchilikning diqqati prezident tomonidan ikkinchi muddatga rejalashtirilgan aniq dasturlarga emas, aynan shu mavhum bayonotga qaratilmoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlar va’dasi o’zbek jamoatchiligini ancha xavotirga solib qo’ygani kuzatiladi. Ayniqsa, prezident o’z nutqida tub burilishlar davrida konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirgan boshqa davlatlarga ishora berishi ortidan.
Konstitutsiyaviy islohotlar qo’shni Qirg’izistonda prezident vakolatlarini keskin kuchaytirilishi bilan kuzatilgan bo’lsa, Rossiyada Vladimir Putinning umrbod prezidentlik qilishiga yo’l ochib berdi.
Konstitutsiyaviy islohotning o’zbek modeli, aniqrog’i, prezident Mirziyoyev tashabbusida takomillashtirilgan konstitutsiya qanday ko’rinishda bo’ladi, hozircha mavhum. Biroq bu borada allaqachon jiddiy munozaralar boshlangan.
Mustaqil jurnalist, huquq himoyachisi Yusuf Ro’zimurodovning “Amerika ovozi”ga aytishicha, Mirziyoyevning konstitutsiyaviy islohotlar haqidagi bayonoti jamoatchilikda jiddiy xavotirlar uyg’otgan. O’zbekistonda Putin vakolatlari uzaytirilgan Rossiyadagi konstitutsiyaviy islohotlardan andoza olinishi ehtimoli yo’q emas.