Ta’minotdagi uzilishlar tufayli Osiyodan import qilinadigan mahsulotlarning kechikishi davom etmoqda. Bu narsa Osiyoga tovar eksport qiladigan kompaniyalar ishiga ham ta’sir qilyapti.
Long-Bich va Los-Anjeles portlari AQShning eng yirik ikkita yuk tashish markazi hisoblanadi.
Dastlab, koronavirus pandemiyasi ta’minot tizimlarini ishdan chiqardi. So’ng mahsulotlarga talab oshgach, Osiyodan kelayotgan kemalar soni portlar qabul qila oladigan sig’imdan keskin oshib ketdi.
Qariyb 24 soat uzluksiz ishlashiga qaramay, ba’zan 70 dan ortiq kema bir paytda yuklarning tushirilishini kutib qolmoqda.
“Bu global ta’minot tizimidagi inqiroz. Kemalar portda to’qqiz kun yoki undan ko’p turib qolmoqda. Joy yetishmayapti. Bu nafaqat tashish bilan bog’liq; balki haydovchilar, omborlar, port va suv transporti nazoratchilarigacha tizimdagi barchani qamrab oluvchi muammo”, - deydi Long-Bich porti rahbari Mario Kordero.
Muammo Kaliforniyaning olis hududlaridagi dehqonlargacha ta’sir qilmoqda.
“Portdagi uzilish hammani o’z domiga tortdi”, - deydi uzumchilik bilan shug’ullanuvchi kompaniya boshqaruvchi Luis Katsurayama.
Jasmin uzumchilik korxonasi 15 turdagi uzum yetishtiradi. Kaliforniya eng ko’p uzum eksport qiladigan 10 ta davlatning oltitasi Osiyoda joylashgan.
Pandemiyadan oldin kompaniya har yili hosil mavsumida Osiyoga 300-350 konteyner yuk jo’natgan. Bu yili shuning bor-yo’g’i 10 foizga yaqini bajarildi, xolos.
Jo’natilmagan har bir konteyner 45 ming dollar foydaning boy berilganini anglatadi. Katsurayamaning hisobicha, logistika muammolari tufayli bu yil kompaniya 15-20 million dollar zarar ko’rdi.
Dunyo bo’ylab talab taklifdan oshib bormoqda. Xaridorlar internet orqali 24 soat uzluksiz savdo qilar ekan, ishlab chiqaruvchilar buncha talabni qondirishga ulgura olmayapti. Yuk tashish xizmatidagi uzilishlar esa muammoni yanada chuqurlashtirmoqda.