AQSh 100 dan oshiq davlat bilan demokratiya borasida virtual sammit o'tkazmoqda. Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni - 9-dekabrda boshlangan bu anjuman kun tartibidagi asosiy masalalar avtoritarizmga qarshi chora ko'rish, korrupsiyaga qarshi kurashish va inson huquqlarini targ'ib qilish.
O’zbekiston va qo'shni davlatlarning birortasi bu anjumanga taklif qilinmagan. AQSh hukumatiga ko'ra, sammitdan maqsad - demokratik tuzumlar to’qnashayotgan xavf-xatarni muhokama qilish, demokratik tamoyillarni mustahkamlash.
Demokratik tuzumga ega va shunga intilayotgan yuzdan oshiq mamlakat orasida “yangi O’zbekiston” yo’qligi Prezident Shavkat Mirziyoyevning besh yillik islohotlariga berilgan bahomi?
Buni ham ko'ring HRW: O'zbekiston endi inson huquqlari bo'yicha xalqaro sahnada namuna bo'lishi kerak
Nafaqat Vashington, balki xalqaro tashkilotlar nazarida ham O’zbekiston avtoritar davlat sifatida qolmoqda. AQSh rasmiylarining qayd etishicha, sammitga demokratiya tomon kuchli qadamlar tashlagan davlatlar chaqirilgan. Ammo bu qaror yuzasidan tanqid kuchli. Bayden ma'muriyatini noxolislikda ayblayotganlar ko'p.
Amerika o'tgan yillarda Mirziyoyevni oshkoralik va erkinlik sari arzigulik ishlar qilayotganlikda maqtadi, uni islohotchi lider sifatida ko'rdi.
Prezident Mirziyoyev ikkinchi muddatini boshlar ekan, G'arbda ham xuddi ichkarida bo'lgani kabi u vaqti kelganida bosh qomusga bosh egib, lavozimni bo'shatadimi degan savol yangraydi.
Konstitutsiyani o’zgartirishga undayotgan Mirziyoyev islohotlarni davom ettiradimi yo o'z hokimiyatda qolishi uchun zamin hozirlaydimi?
Siyosiy quvg’unlikda yashayotgan o’zbek faoli Malohat Eshonqulova Mirziyoyevda Karimovning sodiq shogirdini ko’radi.
“Karimov ham kommunist edi, ammo siyosiy masalalarda emas. Mirziyoyev esa siyosatda ham, boshqaruvda ham kommunist. Shu mafkura doirasidan tashqariga chiqishni istamaydi. Karimov davrida ham uzoq yillar mamlakat iqtisodi, xo’jaligini boshqarish Mirziyoyev nazoratida bo’ldi. Korrupsiyga botgan tizim shakllantirildi. Bu tizim bugun ham avvalgidek ishlab kelyapti, uni o’zgartirishdan manfaatdor rahbarning o’zi yo’q. Prezidentning islohotlari haqidagi gaplarga ishonmayman, mamlakatda hech narsa o’zgarmadi ”, - deya xulosa qiladi Eshonqulova.
Buni ham ko'ring Mirziyoyev prezidentligining 2-muddati erkinlikni yanada cheklash bilan boshlanayaptimi?
Vashington hisobotlarida O'zbekiston Mirziyoyev davrida ochila boshlagani, sohama-soha o'zgarishlar kuzatilayotgani, respublika xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda qadam tashlayotgani e'tirof etiladi.
Mirziyoyevning o'zi Konstitutsiya kunida so'zlaganida, O'zbekiston oldida ulkan masalalar turgani, o'tgan besh yil xalq uchun tarixiy saboq davri bo'lganini ta'kidladi. Prezidentga ko'ra, O'zbekiston kundan-kunga o'zgaarmoqda va bu yo'ldan qaytmaydi.
Yana bir hukmron nazariya shuki, AQSh tashabbusidagi demokratiya sammitida ishtirok etish yoki etmaslik O’zbekiston va islohotlar uchun ko’rsatkich emas, bu shunchaki demokratik qadriyatlar himoyachisi sifatidan tanilgan bir davlat tomonidan ishora. Hukumat islohotlarini, demokartiya ehtiyojini baholash avvalo O’zbekiston jamiyatiga taalluqli masala.
AQSh demokratiya sammit arafasida korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasini e’lon qildi. Uning doirasida Ukraina oligarxlariga nisbatan sanksiyalar qo’llanilishi ham ehtimol qilinmoqda. Ukraina sammitda qatnashmoqda.