Toshkent Afg'oniston bilan munosabatlar iliqligi, toliblar o’zbek tili, madaniyatiga hurmat ko‘rsatayotgani haqida hisobot berayotgan bo’lsa, boshqa manbalarga ko'ra, Tolibon O’zbekistondan harbiy texnikani qaytarishni talab qilgan, shimoldagi o‘zbeklar va turkmanlar majburan uy-joyidan ko’chirilib, mulki pushtunlarga o’tmoqda.
O’zbekiston hukumatiga ko'ra, Toshkentda Kobul rasmiylari bilan muzokaralar o’tgan.
“Afg‘oniston hududi orqali o‘tuvchi “Termiz –Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li liniyasini loyihalash va qurish bo‘yicha transport vazirliklari va idoralarning ma’sul rahbarlari va mutasaddi vakillari ishtirokida uchtomonlama (O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston) va ko‘p tomonlama (O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Pokiston) muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ttomonlar tez orada, temir yo‘l loyihasini o‘rganish, ishchi guruhlar yig‘ilishini o‘tkazish, dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqgandan so‘ng loyihaga xalqaro moliya institutlarini jalb qilish bo‘yicha kelishib oldilar”, - deyiladi “O’zbekistontemiryo’llari” bayonotida.
Buni ham ko'ring Beqaror Afg'oniston O'zbekistonning azaliy orzulari yo'lida to'siqAvvalroq O’zbekistoning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshliq delegatsiya Afg’onistonga borib kelgan edi.
Tashqi ishlar vazirligining safar yuzasidan bergan hisobotida maxsus vakil Afg’onistondagi muvaqqat hukumat bilan energetika, transport masalasida muzokaralar o’tkazgani, Afg’oniston vakillari qo’shni davlatlarga tahdid yaratmaslikka va’da qilishgani, shuningdek ikki mamlakat xalqlarini buyuk ajdodlari Alisher Novoiy, Zahiriddin Bobur, Abu Rayhon Beruniy, Boborahim Mashrab qabrlarini obodonlashtirishga tayyor ekanliklarini ham bildirishgan.
Ta’kidlash joiz, ko'plab o’zbek mumtoz shoirlari va allomalariningi so’ngi manzillari Afg’onistonda va beqarorliklar bois O’zbekiston hozirgacha ularning qabrlarini obodonlashtirish ishlarini oxiriga yetkazmagan.
O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg’onistondagi muzokaralarda Tolibon vakillari afg’on harbiylari tomonidan O’zbekistonga olib o’tilgan harbiy samolyotlar masalasini ko’targani haqida hech narsa deyilmaydi.
Tolibon Afg’onistonda hokimyatni egallar ekan, sobiq hukumat harbiylari o’nlab qiruvchi samolyotlar, vertolyotlarda O’zbekistonga qochib o’tishgan. Avvaliga 100 oshiq harbiy samolyotlar olib o’tilgani haqida axborot bergan O’zbekiston tomoni keyinchalik bu ma’lumotni rad etib chiqqan edi.
Buni ham ko'ring To'ra Bobolov: Afg'oniston bilan chegaradosh viloyat hokimi nimaga qodir?
Afg’onistondagi vaziyatni yoritishga ixtisoslashgan “Afganistan.ru” nashrining xabariga ko’ra, harbiy samolyotlarni qaytarish talabi Irgashevining Kobuldagi uchrashuvlarida, muvaqqat hukumat tomonidan ko’tarilgan.
Bu talabga O’zbekiston tomoni qanday javob bergani noma’lum, ammo milliy qonunchilikka ko’ra, O’zbekiston chegaralarini buzib kirish jiddiy jinoyat hisoblanadi va bu harbiy texnika vositasida amalga oshirilgan taqdirda jinoyat yanada og’irlashadi.
O’zbekistonning Tolibonga nisbatan umidlari, jumladan transafg’on koridoriga doir Toshkentdagi muzokaralar fonida Afg’oniston shimolida etnik o’zbeklarga nisbatan bosimlar kuchaygan.
“Ozodlik” xabariga ko’ra, Afg’onistonning Qo’shtepa va Darzab tumanlaridagi mingga yaqin o’zbek va turkmanlar o’z uylaridan haydab chiqarilgan, ularning uylari, yeri Tolibon jangarilari yordamida ko’chmanchi pushtunlarga o’tkazilmoqda.
Buni ham ko'ring Termizdagi chegarada o'tirgan afg'onlarO’zbekiston jamoatchiligida Toshkentning Tolibonga nisbatan munosabati jiddiy tanqidlardan xoli emas. Faollarga ko'ra, Afg’oniston shimoldagi o’zbeklar tili va madaniyatini himoyalashda O’zbekiston hukumati zaiflik qilmoqda.
Mirziyoyev ma'muriyatiga ko'ra, Afg’onistonda o’zbek tili rasmiy maqomdan mahrum bo’lmagan, maktablarda o’zbek tili olib tashlanmagan. Tashqi ishlar vazirligi Kobuldagi bugungi boshqaruvni muvaqqat deb biladi va yangisida barcha etnik guruhlarning vaklillari o'ringa ega bo'ladi deya umid bildirib kelmoqda.
O’zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solih “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishining asosiy yo’li federativ boshqaruv, deya fikr bildirgan. O’zbeklar zich yashaydigan hududlarda ma’muriyat mahalliy aholiga topshirilishi lozim, bu Afg’onistonda tinchlik istagan barcha kuchlarning manfaatiga xizmat qiladi, deydi Solih.