Istanbul ota-onasiz uyg'ur bolalarga boshpana bermoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiyada kun kechirayotgan ko’plab uyg’ur muhojirlari Xitoy tomonidan Turkiya hukumatiga bosim ortayotganidan xavotirda. Bu yerda ota-onasi Xitoyda qolib ketgan uyg’ur farzandlari ham bor.

Mujohidning yoshi 12 da. Turkiyada yashayotgan uyg’ur bolalardan biri.

“Uyda dadam bilan cho’milgani basseynga borardik; o’zaro musobaqa o’ynardik. Yoshim to’rtda, juda kichkina edim. Ba’zan onam va dadamning rasmlariga qarab bularni eslayman”, deydi u.

“Ota-onamning oxirgi aytgan gapi shu bo’ldi: bizni esingdan chiqarsang ham, biz seni hech qachon unutmaymiz””, - deydi Mujohid.

Istanbuldagi bu maktabda ko’plab uyg’ur bolalari uyg’ur tili, din, matematika va boshqa fanlardan saboq oladi. Ularning aksariyati ota-onasi yoki qarindoshlari bilan turadi; Mujohid kabi yolg’iz bolalar esa maktabda yashaydi. Ularning ota-onasi Xitoyda hukumat tomonidan qamoqqa tashlangani aytiladi.

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotiga ko’ra, Shinjonda 2017-yildan beri bir milliondan ortiq uyg’ur va boshqa ozchilik musulmon elatlar majburiy lagerlarga tashlangan.

U yerlarda, “Xalqaro Amnistiya” ma’lumotiga ko’ra, “majburiy hibsda saqlash, qiynoq, tahqirlash” kabi “insoniyatga qarshi jinoyatlar” sodir etilmoqda.

Xitoy hukumati bu da’volarni inkor etib, uyg’urlar zamonaviy markazlarda ta’lim-tarbiya va hunar o’rganayotganini aytadi. Shuningdek, Pekinga ko’ra, xorijiy kuchlar olg’a surayotgan ayblovlar Xitoyni beqarorlashtirishga qaratilgan siyosiy urinishlardir.

Buni ham ko'ring Turkiyadagi uyg'urlar Sharqiy Turkistondagi yaqinlaridan xavotirda

Turkiyada 50 mingga yaqin uyg’ur yashashi va ishlashi aytiladi. Mamlakat, umuman olganda, muhojirlar uchun xavfsiz bo’lsa-da, so’nggi yillarda Anqara va Pekin o’rtasida xavfsizlik borasida hamkorlikning kuchayib borayotgani bu yerdagi uyg’urlar jamoasini xavotirga solmoqda.

Anvar Turdi Shinjonda jurnalist bo’lgan. Turkiyada bir yil hibsda ushlab turildi. Shundan keyin ham u Xitoyga qarshi gapirishda davom etmoqda.

“Turkiya odamlarni oylab ushlab turadi, tekshiradi, lekin hech narsa topa olmaydi. To’g’ri ma’lumotni olishgandan keyin qo’yib yuborishadi. Meni uch yildan beri tekshirishyapti. Xitoy haligacha biror dalil ko’rsata olgani yo’q”, - deydi u.

Advokatlarning aytishicha, agar bu muhojirlar Xitoyga deportatsiya qilinsa, ularni qamoq va qiynoq kutmoqda.

“Agar odamlarni qiynashni to’xtatishsa va bizni o’z holimizga qo’yishsa, bir kuni uyimizga qaytishim mumkin”, - deydi 11 yoshli Abdulloh.

Bu yerdagi bolalarning ko’pi Istanbulda ota-onasi bilan yashayotgan bo’lsa-da, ularning hammasi qaysidir qarindoshi Xitoyda qolib ketganini yaxshi biladi.