O'zbekistonlik ijodkor: Bizning yo'limizga ipak to’shalmagan…

Your browser doesn’t support HTML5

O’zbekistonlik zamonaviy san’at namoyandasi Ashot Danilyan noyabr oyi davomida AQShda ijodiy rezidensiyada bo’ldi. U O’zbekistonda “Origami qanotlari”, “Elektro OKO” kabi rok guruhlarda ijod qilib keladi. Shoir, musiqachi va artmenejer Ashot O’zbekistonda mustaqil ijodkor ovozini ommaga yetkazish maqsadida “Taburetkali odam” loyihasiga asos solgan va keng ijodkorlar doirasi nazariga tushgan. Ashot Danilyan okean ortiga Qo’shma Shtatlarda asoslangan va faoliyat ko’rsatadigan “CEC Artslink” tashkiloti loyihasi doirasida kelgan.

Danilyan Qo’shma Shtatlarga safari taassurotlari, bugungi kunda uni qiynayotgan va ilhomlantirayotgan mavzular hamda tashvishlari haqida “Amerika Ovozi”ga gapirib berdi.

"Mening ismim Ashot Danilyan. Men Toshkentda tavallud topganman. Men sheriyat bilan, musiqa, xususan rok musiqasi bilan shug’ullanaman. Yillar davomida men “Origami qanotlari ” guruhi tarkibida ishlaganman. Qo’shiqlar muallifi va musiqachisi edim. U 10 yildan oshiq davr davomida Toshkentda faoliyat ko’rsatayotgan o’ziga xos rok guruhi edi. Hozir mening “Elektro OKO” deb nomlangan yangi loyiham bor. Shu bilan bir qatorda men sheriyat bilan shug’ullananam. Sheriyat kechalari uyushtirb kelaman.

Men kelajak haqida gapirishga qiynalaman. So’nggi yillar voqealari shuni ko’rsatmoqdaki, biz bir narsalarni mo’ljallaymiz, hayotda esa tamoman boshqa narsalar yuz beradi.

Men o’zimni ko’proq xalqaro ijodkor deb bilaman. Ammo ayni damlarda menga O’zbekistonda yashab ijod qilish juda ham qulay. Men o’z ijodim mahsulini boshqa mamlakatlarga ham namoyish qila olaman. Sheriyat va musiqiy kechalarini O’zbekistonda ham uyushtira olaman. Bizning bir necha avlod o’z tinglovchilarimiz bor. Ular konsertlarimizda bizga jo’r bo’ladilar.

Sheriy to’plamlar chiqarib turaman. So’nggi vaqtlarda men, shuningdek, ART-Menejment bilan ham shug’ullanyapman. O’zbekistonda va uning tashqarisida, shu jumlada Markaziy Osiyo hududida o’tadigan ayrim loyihalarni boshqaraman.

Aytishadiku, shoir va musiqachi atrofidagi borliqdan o’zini olib qocholmaydi. U o’z davrining rupori (ovozi) bo’lishi va o’z atrofida, jamiyatda ro’y berayotganlarni aks ettirishi, his etishi kerak.

Menimcha, zamonaviy O’zbekistondagi mustaqil ijodkorning eng asosiy muammosi o’zini-o’zi senzura qilishidir. Uzoq yillar davomida biz nimanidir gapirish mumkin, nimanidir esa mumkin emas, nimadir haqida yozsa bo’ladi, nimanidir yozmagan ma’qul deb o’rganib qolgandik. Hozir bu cheklovlar ancha ochilyapti. Bugun ijodkor odamlar o’zini-o’zi senzuralashdan chekinishi muhimdir. Shuning uchun ham men hozir o’zim xohlaganlarimni yozyapman. O’zimni cheklamaslikka harakat qilyapman. Mening har bir she’r va qo’shiqlarimda ma’lum bir “message”lar (nolalar) bor. Va ularni men odamlar e’tiboriga yetkazishni istayman.

Men o’z shahrimda bo’layotgan voqealarga bag’ishlangan she’rlarimni ijro etishim uchun tez-tez “perfomans”lar o’tkazib turaman. Hozirgi kunda bizning eng og’riqli dardimiz bu Toshkent shahrida daraxtlar kesilishi. Bu haqda hozir barcha ochiq gapiryapti. Mening shu mavzuda bir nechta she’rlarim bor.

Bizning auditoriyamiz bular yoshlar, san’at va fan bilan mashg’ul talabalar, yangilikka intiluvchan ko’psonli yoshlar. Ular yangi san’atga, musiqaga va boshqa tillarga ochiq bo’lganlar. Ana shunday izlanuvchan yoshlar bizning auditoriyamiz.

Men hozirgi zamonda odamning katta shahardagi borlig’i, uning roli va o’rnini qayta ko’rib chiqish bilan bandman.

Ajoyib bir dastur bor. U “CEC Artslink” deb nomlanadi. Bu uzoq yillar davomida sobiq sovet mamlakatlarida yashovchi yosh artistlar, musiqachilar, rassomlarni, umuman olganda jamiki zamonaviy san’at bilan mashg’ullarni qo’llab keladigan kompaniya.

Buni ham ko'ring Muhabbat Shamayeva, Izro Malakov O'zbekistonda yana katta sahnada

Men bu dasturda qatnashish uchun uzoq yillardan beri ariza berib kelardim. 2021-yil meni nihoyat tanlashdi. Bu serqirra dastur, u art rezidensiya. Bu yerga kelgan artist kim bilan hamkorlikda ijod qilishni o’zi tanlaydi, amerikalik hamkasblari bilan tanishadi, tajriba almashadi, rejalar tuzadi, yangi narsalarni o’rganadi. Zamonaviy Amerika madaniyatida mavjud eng qiziqarli narsalarni o’ziga singdiradi. Bu dastur rezidentlari uchun oldinga katta qadam tashlashlari, o’sishlari, o’z bilganlari chegarasidan oshib o’tishlari, yangi odamlar bilan uchrashish va yangi imkoniyatlarni topishlari uchun juda yaxshi imkoniyat.

Bu dasturda O’zbekistondan mening bilishimcha men bilan birga hisoblaganda uch kishi qatnashgan. Bu jaz musiqachisi Saidmurat Muratov, fotograf Elyor Nematov va men.

Bu ko’pgina imkoniyatlar eshiklarini ochadigan ajoyib dasturlardan biri. Uning murakkab jihati shundaki u biz o’rgangan, boshdan oxirigacha hammasi oldindan tushunarli, hamma ishlar jadval bo’yicha bajariladigan dastur emas. Bu yerda o’z xususiyatlaringizni ishga solishingiz, kim bilan muloqot qilishingiz va qayerga bormoqchiligingizni eng avvalo o’zingiz anglashingiz muhim edi. Bu yerga kelgunga qadar esa uy vazifalarini bajarishingiz talab qilinardi. Chunki haqiqatdan ham Amerika shu darajada ulkan va xilma-xilki bu olamga sho’ng’iganingizda cho’kib ketishingiz va bu yerda o’zingizni yo’qotib qo’yishingiz hech gap emas. Shuning uchun bu yerga kelgunga qadar tadqiqot o’tkazishimiz, kerakli odamlar bilan virtual uchrashishimiz, bo’lajak loyihalarni tuzish va ishlarni belgilab olish uchun tasaruffimizda qariyb bir yil vaqt bor edi.

O’zbekistonda zamonaviy san’at yo’nalishida band bo’lganlar ozchilik. Shunga raqobat ham katta emas. Xalqaro dastur bo’lgandan keyin u turli davlatlardan qatnashchi kelishini nazarda tutadi. Demak, O’zbekistonning bu dasturda ishtiroki uchun imkoniyatlar katta. Boshqa jihatdan olganda esa bu juda murakkab ish, chunki O’zbekistondagi mavjud amaliyot uncha keng emas. Va tabiiyki har kim ham Amerika dasturi qamraydigan zamonaviy san’at formatiga tusholmasligi mumkin.

Menimcha, butun dunyo san’atni qo’llab-quvvatlash kerakligini anglagan. San’atga sarmoya kiritish zarur. Negaki unda katta potensial yashirin. San’atsiz dunyo omon qolmasdi. Bu narsa ayniqsa pandemiya davrida, “lokdavn”lar (karantin) paytida yaqqol namoyon bo’ldi. San’at odamlarga qiyin palladan chiqishlari uchun juda qo’l keldi.

“Taburetkali odam” bu … Taburetka bu shunaqa metafora. Birinchidan har bir inson o’z hayotining yaratuvchisi. Insonning hali bolaligida odamlar qarshisidagi birinchi chiqishlarini, perfomansini taburetka ustiga chiqib ko’rsatadi. Hoh u tug’ilgan kun bo’lsin, oilaviy bazm yoki yangi yil kechasi bolakayni taburetka ustiga chiqarishadi va unga sheringni aytib ber deydilar. Shunda bola “perfomans” qilayotganini hali anglamagan bir holatda odamlar oldida chiqish qiladi. U ana shu “sahna”da turib sherini aytadi, yoki qo’shiq kuylaydi va hokazo. Bu inson hayotidagi o’ziga xos ilk sahna. Ikkinchisi, chek-chegarasi bo’lmagan majoziy ma’nodagi sahna. Har qancha xaspo’shlamang har qanday mamlakatda, xususan bizning mintaqada ham senzura qilinadigan joylar bor. Mustaqil musiqachilar, shoiru rassomlarning o’z ijod mahsullarini odamlarga ko’rsatish bobida imkoniyatlari uncha ko’p emas. Ana shu ma’noda taburetka bu shunday jihozki uni sen istagan vaqtingda, istagan joyda qo’yib uning ustiga chiqib o’z so’zingni baralla ayta olasan, odamlarga o’z ijodingni namoyish qilasan. Ana shu ma’noda u chegarasi yo’q bir sahna”.

Anchadan beri biz Amerikadagi Buxoro yahudiylari jamiyati gazetasi “The Bukharian Times” bosh muharriri Rafael Nektalov bilan muloqotdamiz. U mening onlayn chiqishlarimni kuzatarkan anchadan beri o’z ijodim namunalarini, loyihamni bu yerda yashaydigan vatandoshlarga taqdim qilishimni so’rardi. Nyu-Yorkda yashaydigan odamlarimizga O’zbekistonda hozirgi vaqtda san’at olamida nimalar yuz berayotgani muhim va qiziq derdi. Ular bu yerda uzoq vaqt yashaganlari uchun ham bu narsalardan ancha uzoqlashishgan.

Ular bilan uchrashuv yaxshi o’tdi. Chunki uzoq davom etgan… men bir yarim oy nuqul ingliz tilida so’zlashdim va bu yerda mening faoliyatimni tushunganlarning iliq taftini his etdim. Men bu yerda o’zim yoqtirgan muhitda edim.

Buni ham ko'ring Shashmaqom ustalari Nyu-Yorkda

Men bu dasturni juda muhim va zarur deb hisoblayman. O’zbekistonni taqdim qilish uchun ana shunday yirik xalqaro loyihalarda ishtirok etish, albatta, kerak. Chunki O’zbekiston tanho an’anaviy san’at, an’anaviy raqs, an’anaviy musiqa degani emas. An’anaviy san’at va madaniyat bilan ko’pchilik ozmi-kopmi tanish. O’zbekiston shuningdek zamonaviy san’at, g’oyalar va yangi avlod ijodkor yoshlari yurti ham. Bu sohada dovyurak bo’lish lozim, mavjud imkoniyatlarni izlash shart. Men rassomman va baxt qushi boshimga qachon qo’nadiyu meni kimdir kashf qiladi deb bir joyda o’tirib qolish kerak emas. Aslo.O’zingizga o’zingiz prodyuser bo’lishingiz bu juda ham murakkab va og’ir ish. Ayniqsa Markaziy Osiyo va O’zbekistonda yashaydiganlar uchun ochiq bo’lish juda ham zarur. Imkoniyatlarga ochiq bo’lish kerak. Chunki bizda ko’pchilik o’zini yon-atrofdan ajratishga ( izolyatsiya) o’rgangan. Jamoa bo’lib ishlashni istamaydilar. Chunki bu ham murakkab vazifa. Boshqalarning fikrlarini qabul qilib kollaboratsiya (hamkorlikda ijod) qilishni yoqtirmaydilar. U ham aslini olganda san’atning alohida bir turi. Yangi axborotlarga ochiq bo’lish, boshqa odamlarning sening fikrlaringga aytadigan parallel mulohazalarini eshitishga tayyor bo’lish juda ham muhim. Ana shularni qabul qilish va ochiqroq bo’lishga tayyor bo’lish juda ham zarur.

Qaysidir ma’noda nafaqat O’zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo hamon izolyatsiyada, xususan ijodiy izolyatsiyada turibdi. Afsuski, biz o’zimizdan ancha olisda nimalar bo’layotgani xususida yaxshi xabardormiz, ammo o’z atrofimizdagi mamlakatlarda zamonaviy san’at yo’nalishida nimalar bo’layotgani haqida deyarli hech narsani bilmaymiz va faol hamkorlik qilmaymiz.

Bunga menimcha tarixiy sabablar mavjud. Biz bir-birimizdan o’zaro ihotalanganmiz. Bizda Qirg’izistonga yoki Qozog’istonga gastrollarga chiqish qabul qilinmagan. Chunki mustahkam bir muhit, sahnaning o’zi yo’q.Natijada bu ishni qilmoqchi bo’lganlar har gal muzlikni yorib o’tadigan kema kabi bu yo’ldagi mavjud ana shu to’siqlarni, to’g’anoqlarni yorib o’tishlari kerak bo’ladi. So’nggi davrda san’at ahlining ko’pchiligi bir ilojini qilib birlashish va hamkorlik qilish zarurligini anglagan. Shuni ham qo’shimcha qilmoqchimanki, bizning odamlarimiz jamoa bo’lib ishlashga odatlanmagan. Odamlar o’z taasurotlari, tajribalari, ijodiy ishlari bilan bo’lishishga o’rganmagan. Bizda rassom o’z asarlari ustida bir chetda yakka ishlashi va keyin uni jahonga taqdim qilishi kerak degan yanglish tasavvurlar bor. Hozir dunyo xilma-xillashgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Muhabbat Shamayeva O'zbekistonda yana katta sahnada

Men filologman. Men tillar rang-barangligiga o’rganib qolganman. Men yapon tilini o’zlashtirganman, ingliz tilini bilaman. Men uchun boshqa tilga o’tish katta muammo emas. Men uchun bu prinsipal masala emas. Aksincha, rang-baranglikning mavjudligi, shu jumlada bizning mamlakatda ham, o’ziga xos joziba beradi. Umuman olganda dunyo rang-barangligi bilan go’zaldir. Bu gap rost, shu paytgacha mavjud bo’lgan ko’p narsa, shu jumlada rus tiliga asoslangan madaniyat ham yangi qiyofaga (transformatsiya bo’lyapti) kiryapti. Nimadir yo’qolyapti, lekin shu bilan birga evaziga nimadir paydo bo’lyapti. Masalan bizlar katta loyihani amalga oshirganmiz. U ham “Taburetkali odam” loyihasi bilan bog’liq edi. Men O’zbekistondagi shaharlar bo’ylab kezib she’rlar, musiqalarni, ana shu shahrlarda, xususan Samarqand va Buxoroda yashaydigan odamlarni yig’dim. Natijada men rus tilida ijod qiladigan O’zbekiston shoirlari to’plamini yaratishga muvaffaq bo’ldim. Bu ishlar hamom O’zbekistonda bor va bu odamlar o’z faoliyatlarini davom ettirishyapti. Mumkin bu ishlar ko’lami avvalgidek keng emasdir ammo men ahvolni achinarli demagan bo’lardim. Chunki butun jahon yangilanmoqda. Barcha yangi lahzalarni (momentlarni) qidirish bilan ovora. Mamlakatimizga turli mamlakatlarning yulduzlari, musiqachilari gastrollarga kelishyapti. Odamlar ularni yaxshi qarshilashyapti.

Bu men kabi ko’psonli odamlar, o’z tinglovchisi oldida turib ishlashga o’rgangan odamga katta quvonch. Menga bir yil davomida karantinda o’tirish (LockDown) oson bo’lmadi. Boshqa tarafdan olganda biz ana shu paytdan foydalanib ancha yangiliklarni amalga oshirdik. Albomimizni yozdik, videoni tayyorladik. Sayohat qilish, yangi odamlar bilan uchrashish, ular bilan birgalikda loyihalar ustida ishlash qanchalik yaxshi ekanligini endi tushunyapman. Bu lazzatning alohida bir turi. Konferensiyada men allaqachon aytdim, bu yerda men, uni yaxshi ma’noda mutatsiyalashuv deb atadim, chunki olma boshida kichkina va nordon edi, xalqlar ko’chishi va ana shu olmalar urug’larini o’zlari bilan boshqa joyga olib o’tishlari orqali olma uzluksiz mutasiyaga uchrardi, oqibatda u kattalashdi va ta’mi ham shirin bo’ldi. Hozir men ham xuddi shu holatni his qilyapman. Axborotlar bilan to’lib-toshyapman. Odamlar bilan muloqotim, san’atning rang-barangligini ko’rib ham yangi narsalarni o’rganyapman. O’sha olmaga o’xshab mutatsiyaga uchrayapman.

Qo’shma Shtatlar borasidagi taassurotlarim turfa. Men turli shaharlarni kezdim. Mezbon tashkilot Portlendda joylashgan. Bundan tashqari men Sietl, San-Fransisko, Chikago va Nyu-Yorkda ham bo’ldim. Ularni men turli shaharlar emas qariybki turli mamlakatlar deb atagan bo’lardim. U yerlarda hayot ham, qonun va hatto madaniyat ham bir-birlaridan shu darajada kuchli farq qiladi. Oqibatda ba’zida bu joylardagi tartib-qoidalarni tushunish qiyin kechdi.

Albatta menga Nyu-York juda katta taasurot qoldirdi. Bu yerda hamma narsa mujassam. Bu yerdagi xilma-xillikning kengligi kishini chindan hayratlantiradi. Biz muzeylarni ziyorat qildik. Birgalikda loyihalar ustida ishladik. Nyu-York zamonaviy san’atning tom ma’noda jahondagi poytaxtlaridan biri.

Men ushbu safarim davomida yana bir bor shunga amin bo’ldimki, tajribang har qancha ulkan bo’lmasin, ko’p narsaga erishib endi sen ham o’z so’zingni aytishing vaqti kelgan bo’lsada yangiliklarga, ajablanishing uchun doim o’rin topilarkan. Shuningdek, axborot va imkoniyatlar cheksizligini xayolimga keltirmaganimga ham safar davomida iqror bo’ldim”.