Qo’shma Shtatlardagi o’zbek ota-onalar farzandlari ona tilini bilishini istaydi. Nyu-Yorkning Bruklin tumanida “Ziyo Art” o’quv markazi ochilgan. U taklif qiladigan to’garak va mashg’ulotlariga bolalarini olib kelayotgan oilalar ko’p. Pandemiya tufayli o’quvchi soni cheklangan.
“Ziyo Art” o’qituvchilari - o’zbekistonlik san’at arboblari, tajribali pedagog va olimlar. Ularni markaz ma’muriyati tanlov asosida olgan. Vatanda o’zbek tiliga rasmiy maqom berilganining 31 yilligi nishonlanar ekan, bayramni Nyu-Yorkdagi vatandoshlar ham qutladi.
“O’quvchilarimning orzusi-o’zbek tilini mukammal o’rganish va erkin suhbatlashish”- deydi Nurxon Ochilova, “Ziyo Art” o’quv markazi o’zbek tili va adabiyoti o’qituvchisi.
Nurxon Ochilova 25 yil davomida O’zbekistonda o’zbek tili va adabiyotidan dars bergan. U bir necha yil oldin grin karta yutib Qo’shma Shtatlarga ko’chib kelgan. Bir oydan oshibdiki, bu markazda dars bermoqda.
“Amerika Qo’shma Shtatlaridagi o’zbekistonliklar xonadonlarida ulg’ayayotgan bolalarimizni umuman o’zbek tilini bilmaydiganlari bor. Ya’ni ota-onalar ertalabdan kechgacha ishlashadi, farzandlariga esa vaqt ajratishlari qiyin. Bolalar ertalabdan kechgacha maktabda bo’lishadi. Uyga kelgandan keyin ular bilan ona tilida, o’zbek tilida suhbatlashishga ham vaqtimiz bo’lmaydi deyishadi ota-onalar. Men bir oy mobaynida ota-onalar bilan gaplashganimda bu narsaning ko’p marta guvohi bo’ldim”.
Til va adabiyotdan tashqari odobnoma, tarix, matematika, rassomchilik darslari, shaxmat va milliy raqs to’garaklari Bruklindagi o’zbekistonlik immigrantlar tashkiloti “Mahalla USA” tomonidan tashkil etilgan.
Tashkilot qoshida “Ziyo Art” o’quv markazi ish boshlagani haqida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon berilgach o’nlab o’zbekistonlik immigrantlar o’z farzandlarini bu yerga yetaklab kelishgan.
Markaz pandemiya bois ulardan 48 nafarinigina qabul qila olgan.
10 yil oldin O’zbekistondan Amerikaga ko’chib kelgan Olim Eshquvvatov uch farzandini bu markazga a’zo qilgan. Ular maktabda yaxshi baholarda o’qishyapti. Ingliz tilida burro so’zlashadi. Olim aka bundan xursand. Shu bilan birga u farzandlari ona tilini unutayotganidan xavotirda.
“Bolalarning o’zbek tilidan chiqib ketishi har bir ota-onani o’ylantirsa kerak deb o’ylayman. Har bir ota-ona shuning ustida o’ylanadi”- deydi Olim Eshquvvatov.
“Mahalla USA” ochilgandan buyon juda ham yaxshi bo’ldi. Chunki bolalarimiz, o’zimizning milliy urf-odatlarimiz, tilimiz va dinimizni, kerakli bo’lgan milliylikni unutib borayotgan edi. Shu fursatda bu markazning ochilgani juda ham yaxshi bo’ldi. Chunki bolalarimiz [xalq] maqollarini, turli iboralarimizni, o’zbek tilini juda ham yaxshi o’rganishyapti”- deydi yana bir vatandosh, Dilfuza Umarova.
Amerikada Olim va Dilfuza kabi ota-onalar oz emas, deydi Abduvohid Xudoyberdiyev. Samarqand Davlat Universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Xudoyberdiyev 2015-yili grin karta yutib Samarqanddan Nyu-Yorkka ko’chib kelgan. Immigratsiyadagi o’tgan 5 yili davomida Amerika va bu yerdagi vatandoshlari hayoti xususida ikkita kitob yozgan olim bugun “Ziyo Art” o’quv markazida “Odobnoma”, “Tarix” hamda “Dunyo dinlari”dan bolalarga tahsil bermoqda.
“Ziyo Art” o'quv markazida o’zbek tilida o’qitish tashkil etildi. Bu hozirgi paytda juda ham kerak edi. Chunki mutaxassislarning aytishlaricha, AQShda qariyb 100 mingga yaqin O’zbekistondan kelgan yurtdoshlarimiz bor. Ularning farzandlari bor. Ular bu yerda o’nib o’syapti. Ko’pchiligi yoshligida O’zbekistonda tarbiya ko’rib kelgan bo’lsa ular o’zbek tili va umuman o’zbek madaniyati va milliy urf-odatlarini biladi. Lekin bu yerga yosh bolaliigida kelganlar, masalan 2-3 yoshida kelganlar, shu yerda tug’ilganlar bu borada biroz oqsayapti. Sababi muhit, o’qish, bog’chalar ingliz tilida bo’ladi. Ota-onalar ishlaydi. Ko’pchiligini farzandlarini tarbiyalashga, ular bilan muloqot qilishga vaqti bo’lmaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda bu o’quv markazining roli juda katta”,- deya tushuntiradi Abduvohid Xudoyberdiyev.
Dilfuza Umarova rasm chizishni o’rganishga kelib qizi endi milliy tandiru, matolar xususida ham uni savolga tutayotganidan, o’zbek tilida nafaqat burro gaplashayotgani balki she’r yod olayotganidan mamnun.
“Mening qizim Mubina shu yerga keladi. Uni aslida men rasm chizish to’garagiga olib kelgandim. Lekin bu yerda bolalarga “Odobnoma” va “O’zbek tili” ham o’rgatilar ekan. U juda ham xursand, uyga she’rlar yodlab boryapti. Boy o’zbek tilining turli iboralarini o’rganyapti. Bizlar uyda ham iloji boricha o’zbek tilida gaplashishga harakat qilamiz. Chunki bolalarimiz ko’chada deyarli gapirmaydi, faqat ingliz tilida so’zlashgani uchun o’zbek tili ayni muddao bo’ldi deb o’ylayman”, - deydi Dilfuza Umarova.
“Bizdagi barcha fanlar, masalan o’zbek tili va adabiyoti ham, matematika ham, shaxmat to’garaklarida ham O’zbekiston Respublikasi Ta’lim vazirligi tomonidan chiqarilgan tavsiya etilgan o’quv dasturlari va darsliklari asosida tashkil etilgan”, - deydi Abduvohid Xudoyberdiyev.
“Salom! Mening ismim Odil. Mening yoshim 13 da. Men Toshkentda tug’ilganman. Amerikaga 3 yoshdaligimda kelganman. Dadamning ismi Olim. onamning ismi Dilnoza. Ikkita singlim bor. Biri Kamila, ikkinchisi Nozima," - deydi suhbatdoshimiz.
O’zbek tilini nima uchun o’rganmoqchisiz?
Chunki ona tilim va uni bilishim kerak".
Qaysi tilda so’zlashish sizga qulay?
"Inglizcha gapirish sal osonroq. Lekin o’zbek tilida ham yaxshi gapirolaman”.
O’zbekcha maktab ochilishidan so’ng farzandi o’zbek tilida she'rlar yodlay boshlagani va bir oy o’tib Odilning nutqi ancha o’sganini aytadi uning otasi. Odil “Til bayrami”da yodlagan she'rlaridan birini aytgan.
“Mana shu bir oy mobaynida men Amerikadagi va o’zbekistonlik bolalar o’rtasidagi farqlarni sezaboryapman. Buni xohlaysizmi, xohlamaysizmi, dars jarayonida ko’rasiz. Amerikalik bolalar o’zbek tinini o’rganish davrida ularning psixoligiyasida erkin so’zlashish, fikrini erkin bayon qilish taraflarini ko’rdim. Va ularda shunday, dars davomida haqiqat, ya’ni shaffoflikni ko’rsatib berishingiz kerak. Aytgan narsani haqiqatdan ko’ra bilishi va seza bilishi kerak. O’zbekistonlik o’quvchilarda esa men biroz tortinchoqlik, o’sha o’zbekona lutflarni ko’rdim. Men xohlardimki, O’zbekistonning bolalari ham shunday erkin, o’quvchini shunday erkin qo’yish kerakki, erkin qo’yganingizda bolalikdan boshlab 14 yoshgacha bo’lgan bolalarning psixoligiyasida bo’lgan jarayon sizni ko’z o’ngizda namoyon bo’ladi. Ya’ni ular o’zligini namoyon qiladi. Erkin ayta oladi”, - deydi pedagog Nurxon Ochilova.
Qo’shma Shtatlardagi erkin muhitda o’zligini kashf qilayotgan bolalarga dars berish Nurxon Ochilova uchun yangi tajriba. Hozirgi O’zbekistonda o’zbek tilini o’qitishdagi muammolar haqida gapirar ekan pedagog shunday xulosaga kelgan:
“O’zbekistonda til muammosi, oxirgi paytlarda dars bergan davrlarimda[shuni ko’rdim], tilni buzilishiga ko’p olib kelyapti. Ya’ni o’zbek adabiy tili me’yorlariga rioya qilib gapirishdan chiqib ketyapti o’quvchilar. To’g’ri shevalarda gapirishadi, lekin oxirgi paytlarda televideniyada ham, ayrim asarlarda va kitoblarda tilni buzlishiga olib keluvchi, imloviy xatolar ko’p bo’layotganiga guvohi bo’lgandim. O’zbek tiliga davlat maqomi berilganiga 31 yil bo’ldi va o’zbek tili me’yorlariga rioya qilishlarini juda ham xohlab qolardim”, - deydi Nurxon Ochilova.
“Ziyo Art” oquv markazida o’zbek tiliga davlat maqomi berilganligini 31 yilligini badiiy kecha uyushtirib nishonlashdi. Farzandlari bayramda qatnashgan ota-onalar yangi jamiyatda ham bolalari ona tilini qayta kashf qilayotganidan mamnun. Til orqali farzandlarining olayotgan tarbiyasi esa ularni undanda quvontiryapti.
“Mana shu maktab har doim ochiq bo’lishi, har doim o’zimizning o’zbek maktabi bo’lishi bu Amerikada juda muhim deb o’ylayman. Chunki tarbiya berishni albatta tilsiz hech ham iloji yo’q. O’zbekcha tarbiya berishni o’zbek tilisiz iloji yo’q. Shuning uchun mana shu maktab juda ham muhim va har doim ishlab turishini xohlaymiz”- deydi Olim Eshquvvatov.
Facebook Forum