1958-yilda asos solingan Turkiston-Amerika uyushmasi Nyu-Jersi shtatining Dover shahrida joylashgan. Tashkilot binosi koronavirus pandemiyasi tufayli huvillab qolgan, ammo yetakchilar hamon faol.
“Har gal eshiklarni ochib jamiyat binosini ichkarisiga kirganimda yoru-do’stlar, aqrabolar, hamshaharlarning bolalari o’ynab, yugurib yurgani ko’z oldimga keladi.Ichkari bo’m-bo’shligini ko’rib esa ichim og’riydi", - deydi Abdulvohid Sobriy, uyushma vitse-prezidenti.
Sobriy 25 yildan buyon tashkilotda Abdulla Xo'ja bilan ishlab keladi.
“Bu xayriya uchun yig’ilgan narsalar... Yo’llar ochilsa O’zbekistonga yuboriladi. Sirdaryoda suv toshqini yuz bergach yordam uchun odamlar shuncha yordam yig’ishdi. Yana bir qanchasi odamlar uylarida turibdi", - deydi Abdulla Xo'ja, uyushma raisi.
“Men jamiyatning 30-35 yillik tarixidan xabardorman", - deya hikoya qiladi Sobriy. "Biz har doim o’zbeklarimizni boricha to’plab kelyapmiz. Boshida 100 kishi bo’lsak, hozir jamiyatning a’zosi minglab kishini tashkil etyapti. Jamiyatdagi bayramlar kattalardan ko’ra yoshlarga, ayniqsa yosh bolalarga quvonch bag’ishlaydi. Ular hayitga chiqib shirinlik olishga oshiqadilar, bir-birlari bilan o’ynab zavqlanadilar. Hozirgi sharoit ayniqsa bolalarga katta ta’sir qilgan. Farzandlar shu yerda bir-biri bilan tanishishardi. So’nggi uch-to’rt oy davomida bolalar ham bir-biri bilan ko’risholmayapti. Borgan sari ular bir-birlarini esdan chiqarishlari mumkin. Butun jahondagi hamshaharlarimizdan umidim shuki yoshlarning tarbiyasiga e’tibor beradilar. Harakat qiladilarki farzandlarimiz internet vositasida bo’lsa ham o’zaro bog’lanib turadilar”.
Abdulla Xo’janing aytishicha, bu yili hayit namozlari uyda o'qildi.
“Har yili jamiyatimiz a’zolari hayit namoziga jamiyat markaziga oilaviy chiqishardi. Birga yig’ilib namoz o’qirdik. Duoi fotiha o’qilardi. Afsuski bu yil koronavirus vabosi sababli birga yig’ilolmadik".
Abduvohit Sobriy deydiki, tadbirlarga 600-700 vatandosh kelardi.
"O’zbeklar ahvolidan xabardor bo’lardik. Bir-birimizni ko’rib quvonardik. Afsuski, bu yil mana shunday quvonchga yetisholmadik. Og’ir botgani shu bo’ldi. Bu davr jamiyat a’zolari uchun og’ir o’tyapti. Yoru-birodarlarimiz telefon qilib jamiyat qachon qayta ochiladi deb so’rab turibtilar. Qachon yana ko’rishamiz deb hammalari qiziqishmoqda, kutishyapti”.
Abdulla Xo’ja qayd etishicha, pandemiya hammaning hayotini o'zgartirdi, birdek tashvishga soldi.
"Jamiyat a’zolari orasidan ham COVID-19 ga chalinganlar bo’ldi, Nyu-York va Nyu-Jersida yashaydiganlardan bir nechtalari olamdan o’tdi”.
Hamma kutyapti, deydi Sobriy.
"Bu suvdan kechib o’tamizmi yo’qmi bilmaymiz. Biz daryo ichiga tushgandekmiz. Qayerga suzib chiqishimizni bilmaymiz. Yolg’iz Olloh Taolo g’aybidan yordam ato qilishi kerak. Vaksinasini topish uchun butun dunyoda izlanishyapti”.
Abdulla Xo’ja markaz mart oyidan beri berk, deydi.
"Umid qilamizki bu vabo, COVID-19 tez orada yo’qoladi va biz markazni ham qayta ochamiz”.
Abduvohit Sobriy umidga to'la.
“Kasallik tugagandan keyin birinchi qiladigan ishim Abdullajon bilan maslahatlashib barcha yoru-do’stlarni yig’ib mehmondorchilik qilamiz. Jamiyat a’zolarini to’plab hotamlashamiz degan niyatdaman. Suhbatlashib bir-birimizning ahvolimizni blaylik deymizda”.
Facebook Forum