O’zbekistonlik fotograf 3 yildirki Nyu-York va nyu-yorkliklarni suratga oladi. Uning ko’z o’ngida quvnoq va uyqu bilmas shahar koronavirus o’chog’iga aylangan. Irqchilik va politsiya zo’ravonligiga qarshi ehtirosli namoyishlar fonida esa fotograf Nyu-Yorkni tanimay qoldi. Zafar nazarida pandemiyadan keyingi Nyu-York boshqacha bo’ladi. Shahar ahli uni qayta kashf etadi, deydi u.
Nyu-Yorkning gavjum ko’chalari. Odamlar yuzida hozirgidek niqob va xavotir yo’q.
Zafar Choriyev o’z ijodini Telegram tarmog’idagi “Sen, men va Nyu-York” sahifasida joylab boradi.
“Mana shu kunlargacha menga shahar, Nyu-York shahri har doim rangbarang, quvnoq, umuman olganda jonli shahar bo’lib kelgan” - deydi fotograf.
Zafar Nyu-Yorkka ilm izlab va hayotini yaxshilash maqsadida 5 yil oldin O’zbekistondan, Toshkent shahridan ko’chib kelgan.
”Besh yil qisqa muddat bo’lsa-da, mana shu shahar men uchun uyimdek bo’lib qolgan”, - deydi u.
Shaharga qo’ygan mehrini uning fotolari qatori tushirayotgan videolavhalarida ham o’z aksini topayotganini sezish qiyin emas.
2017-yil Zafar Nyu-Yorkka bog’lanib qolgan tengqur vatandoshlari hissiyotlarini videoga olishga muvaffaq bo’ldi. O’rtog’ining monovlog tarzida ishlangan, “Shahar” nomli qisqametrajli filmini suratga olishda qatnashdi. Filmni olish jarayonida uning muallifi qatori o’zi ham Nyu-York shahri bilan muloqot qilgandek bo’ladi. Ammo bugungi Nyu-York u filmni olish jarayonida tanigan shahardan tubdan farq qilyapti.
“To’g’risini aytsam, qanaqadir dard, qanaqadir noroziliklar, umuman shahar aholisida shuncha jahl va noroziliklar yig’ilib qolganini hech ham bilmagandim, sezmagandim”, - deydi suhbatdosh.
Yon-atrofida bo’layotgan voqealarni kuzatar ekan ijodkor bu jamiyatning muammolarini qayta baholamoqda.
“Jorj Floyd qanaqa qilib o’ldirilganini juda noto’g’ri deb o’ylayman. [Jamiyatda] rasizm borligiga ishonaman”, - deydi Zafar.
Pandemiya davri talablari hamda namoyishlar Zafarning fotoob’ektivlari nishonida bo’lgan Nyu-Yorkdagi ko’plab binolar ko’rinishini ham tanib bo’lmas darajada o’zgartitib yuborgan.
“Oxirgi kunlarda bo’layotgan namoyishlar tufayli ko’p magazinlar, restoranlar agarda e’tibor bergan bo’lsangiz, yangiliklarda ko’rgan bo’lsangiz birinchi qavatlarida oynalari, eshiklari yog’ochlar bilan yopib tashlangan. Umuman olganda shahar qanaqangidir g’amgin holatda ko’zimga ko’rinyapti. Chunki men bundan oldin shaharda ko’p yurardim, aylanardim, rasmga olardim va hozirgi holatda shaharni tanimayapman desam ham bo’ladi”, - deya achinadi Zafar.
Pandemiya davrida u ham boshqalar qatori karantinda o’tirib, shaharga onda-sonda chiqadigan bo’ldi. Shahar ochilar ekan, u ham Nyu-Yorkka boshqacha ko’z bilan qaramoqda.
“Hozirgi kunlarda Nyu-York juda ham o’zgarib ketgan. Hozir ko’chaga chiqib qaysidir ko’chadan yursangiz uni tanish qiyin. Ko’p joylar o’zgarib ketyapti. Ko’pgina bizneslar yopilyapti”, - deydi Zafar.
Nyu-York ahlining kayfiyati ham o’zgargan. Ko’cha va xiyobonlar namoyishlar girdobida qolgach odamlar yuzida o’zgacha xavotir seziladi.
“Odamlarda [yuzida] kulguni ko’rish soni kamaygan. Oldinlari ko’chalarni aylanganimda hamma odamlar kulib, xursand bo’lib yurishardi. Hozirgi kunda ham shunaqa odamlar bor, ammo bo’lib o’tayotgan voqealar hamma odamlarga ta’sir qilib odamlarni kayfiyatini tushurgan deb o’ylayman”, - deydi Zafar.
Uningcha, bunday kayfiyat uzoqqa cho’zilmaydi. Hozircha “Sen, men va Nyu-York” kanalidagi suratlar shahar hamon pandemiya o’chog’i ekanini tasvirlaydi.
Facebook Forum