2021-yil mintaqadagi eng yirik davlat Qozog’istonning siyosiy-ijtimoiy hayotida o’ziga xos iz qoldirdi. Qozog’istonni Markaziy Osiyoni Rossiya bilan bog’lovchi, ta’bir joiz bo’lsa, to’sib turuvchi davlat deyish mumkin. Rossiya-Qozog’iston chegarasi 7 ming kilometrga cho’zilgan.
Bir necha yillar avval mintaqada O’rta Osiyo va Qozog’iston atamasi urf edi. Bugunga kelib Qozog’iston o’zini Markaziy Osiyo bilan yaxlit hisoblay boshlagan, har holda shunday siyosiy tushuncha shakllanib bormoqda.
So’nggi paytdagi vaziyat Rossiya bilan bevosita chegaradosh bo’lish ancha xatarli ekanligini ko’rsatdi. O’z hududlarini Rossiyaga boy bergan Ukraina, Gruziya bunga yaxshi misol.
Rossiya Qozog’istonga nisbatan aniq e’tirozlar bildirmagan bo’lsa-da, Kreml siyosiy doiralari tomonidan zimdan sizdirilgan hududiy tahdidlar susaymadi. Bu ayniqsa 2021-yilda yanada yaqqol sezildi, ikki o’rtadagi ziddiyat norozilik notasiga ham sabab bo’ldi.
Tabiiyki, 2021-yildagi voqealar silsilasi Qozog’iston uchun shu mojaro bilangina cheklanmaydi. “Amerika Ovozi” yakunlanayotgan yilning muhim voqealari haqida qozoq muxolifatchisi Aydos Sodiq bilan suhbatlashdi.
Aydos Sodiq: Yakunlanayotgan yilda biror umidli siyosiy o’zgarishlar kuzatilmadi. [Nursulton] Nazarboyev rasman lavozimlarini tark etgani bilan mamlakatni boshqarishda davom etmoqda. Prezident [Qosim-Jo’mart] Tokayevga kelsak, u qo’g’irchoq figura sifatida qolyapti. Shu yil davomida kuzatilgan real voqelik esa, albatta, parlament uchun o’tgan saylovlar deyish mumkin.
Ammo gap shundaki, Qozog’istondagi saylovlar ham O’zbekistonda, Turkmanistonda qanday o’tsa, xuddi shunday, demokratik emas. Hukumat tanlagan partiyalar parlamentga o’tdi, Nazarboyev yetakchiligidagi partiya g’alaba qozondi, parlament soxtaligicha qoldi.
Boshqa tomondan esa yakunlanayotgan yil Qozog’istonda norozilik miqyosi kengayib borayotganini ko’rsatdi. Hozirgacha o’nlab norozilik aksiyalari, mitinglar kuzatildi. Diktaturaning bezovtaligi ortib bormoqda. Yil oxiridagi voqealardan biri esa Nazarboyev iqtidordagi partiya yetakchiligini Tokayevga topshirgani bo’ldi. Ya’ni Nazarboyev egallab kelgan lavozimlarini topshirish, boshqaruvdan chetlanish niyatida.
Ammo bu faqat uning keksaygani, 80 dan oshgani bilan bog’liq emas, balki qarindoshlari hokimiyatda tobora mustahkamlanib olishgani bilan bog’liq. Jiyani general Samat Abish - Milliy xavfsizlik qo’mitasi raisi o’rinbosari. Yana bir jiyani Kayrat Satiboldi mamlakatning eng boy odamiga aylandi.
Qizlari Darig’a, Aliya ham hukumatdagi mavqeini kuchaytirgan. Xullas, Nazarboyevlar hokimiyatni boshqarishga tayyor, yaqin yillarda ulardan biri Tokayevning o’rnini egallashini kutish mumkin.
Amerika Ovozi: Qozoq jamoatchiligi hayotiga doir yana qanday muhim voqeliklarni ta’kidlab o’tish mumkin?
Aydos Sodiq: Men jamoatchilik orasida norozilik ortayotganini eng muhim ko’rsatkich sifatida baholagan bo’lar edim, chunki odamlar uyg’onmoqda, rejim esa sekinlik bilan bo’lsa-da chekinyapti. Norozilikka chiqayotgan minglab odamlarni hammasini birdaniga qamash, jazolash mumkin emas.
Amerika Ovozi: Yakunlanayotgan yilda Qozog’iston va Rossiya o’rtasidagi munosabatlar ham bir qadar taranglik kasb etgani bilan kuzatildi. Ayniqsa Rossiya deputatlarining Qozog’istonga nisbatan bildirilgan hududiy e’tirozlari inobatga olinsa…
Aydos Sodiq: Rahbariyat o’rtasida biror taranglik bor demagan bo’lardim, chunki Qozog’iston shundoq ham [Vladimir] Putinning boshqaruvi ostida. Nazarboyev ham, Tokayev ham Putin rejimiga qarshi biror e’tiroz bildirish jur’atida emas. Turli guruhlar o’rtasida ijtimoiy tarmoqlarda kuzatilayotgan ziddiyatlar, yoki [Vladimir] Jirinovskiy kabi deputatlar tomonidan qilinayotgan bayonotlar siyosiy piarga ham o’xshaydi. Har ikki tomon ham millatchi guruhlarni qo’zg’atish, safarbar qilish maqsadida, bunday guruhlar Qozog’istonda, Rossiyada yetarlicha bor.
Amerika Ovozi: Ammo haqiqatda bu tahdidlarni qanchalik real baholash mumkin?
Aydos Sodiq: Qozog’iston Rossiya yetakchiligida harbiy va iqtisodiy ittifoqning ham sodiq a’zosi ekanligini unutmaslik kerak. Ya’ni Qozog’iston xohlagan taqdirda ham mustaqil bir siyosat yuritish imkoniyatida emas. Shuning uchun ham men bu kabi holatlarni Qozog’iston va Rossiyaning siyosiy munosabatlariga biror jihatdan tasir qilishiga shubha qilaman. Qozog’iston ham xuddi Belarus singari Putinning to’liq nazoratida.
Amerika Ovozi: Siz yuqorida Nazarboyev boshqaruvni sekinlik bilan topshirish yo’lidan borayotganini aytdingiz. Shunday bo’lsa, Nazarboyevdan keyingi Qozog’iston qanday bo’ladi?
Aydos Sodiq: Men yuqorida ta’kidlab o’tdim, uning ketishi oldidan Nazarboyevlar sulolasi hokimiyatda mustahkam o’rnashdi. Qizlarining, jiyanlarining hokimiyatdagi mavqei jiddiy kuchaydi. Uni qo’llab kelgan oligarxlar ham atrofida. Shuning uchun bir narsani tushunish kerak, Nazarboyevning siyosatdan ketishi hokimiyat o’zgaradi degani emas.
Hatto Nazarboyev vafot etgan taqdirda ham rejim o’zgarishini kutmaslik kerak. Mamlakatdagi barcha zaxiralar, boyliklar Nazarboyevlar oilasining nazoratida, oila o’rtasida taqsimlangan. Bu esa Nazarboyev hayotda bo’ladimi, bo’lmaydimi, uning rejimi davom etishini anglatadi.