Markaziy Osiyoning «Demokratiya orolchasi» deb atalgan, ammo bu yil xalqaro tashkilotlar reytingida ilk bor erkin boʻlmagan davlatlar qatoriga qoʻshilgan Qirgʻiziston uchun 2021-yil qanday oʻtdi? Qirgʻizistonliklarni oʻtib borayotgan yilda nimalar xavotirga soldi va nimalar quvontirdi?
Qirgʻizistonda 2021-yil siyosiy voqealarga boy boʻldi. Yilning ilk oyida, prezidentlik saylovi va umumxalq referendumi oʻtkazildi.
Prezident boʻlishni istagan 17 nomzod ichidan uch oy oldin qamoqdan chiqarilgan Sadir Japarov saylovchilarning 80 foiz ovozini olib, Qirgʻizistonning navbatdagi prezidenti boʻldi. Referendum ham Sadir Japarov istaganidek oʻtdi. Prezidentlikmi yoki parlament boshqaruvimi, degan savolga saylovchilarning 81 foizi prezidentlik boshqaruvi deb ovoz berdi.
Ammo qish vaqtida oʻtgan saylov va referendumga ovoz berish huquqiga ega boʻlgan qirgʻizistonliklarning 40 foizigina qatnashgan, xolos.
Shu bilan birga oʻtayotgan yilda Qirgʻizistonning Botken viloyatida Tojikiston bilan chegaradosh qishloqlarida qurolli toʻqnashuvlar yuz berdi. Qirgʻiziston-Tojikiston chegarasidagi janjalda bir qator qishloqlar vayron boʻldi. Qurolli mojaro oqibatida 36 nafar qirgʻizistonlik, 19 nafar Tojikiston fuqarosi vafot etgan.
Qirgʻiziston-Tojikiston chegaralaridagi muammolar haligacha toʻliq hal qilinmadi. Bahsli hudud sababli ikki davlat fuqarolari oʻrtasida turli darajadagi nizolar hamon davom etmoqda.
Qirgʻizistonning Tojikiston bilan siyosiy aloqalari yomonlashib, chegaralar yopilgan bir vaqtda Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning doʻstona aloqalari mustahkamlanib bordi.
Qirgʻizistonning Jalolobod viloyati Olabuqa tumanidagi qirgʻiz-oʻzbek chegarasiga yaqin yerda iyun oyida savdo-logistika markazining qurilishi boshlandi.
Oʻzbekiston Qirgʻizistonning Botken viloyatida ikkita umumtaʼlim maktabini qurib berdi. Koronavirusga qarshi kurashish uchun bir qator insonparvarlik yordamlarini koʻrsatdi. Oʻshdagi akademik oʻzbek teatrini toʻliq taʼmirlashni oʻz boʻyniga oldi.
Ammo 2021-yilda Qirgʻiziston va Oʻzbekiston davlatlari oʻrtasidagi bahsli chegara hududlari masalasini hal qilishga boʻlgan urinish kutilganidek nihoyalanmadi. Qirgʻizistonlik faollar Kampir obod suv ombori atrofidagi yerlarning Oʻzbekistonga berilishiga qarshi boʻlib, norozilik namoyishlariga chiqdi.
2021-yildagi namoyishlardan yana biri Qirgʻizistondagi ayollar huquqining poymol etilishi va qizlarni majburan nikohlash uchun olib qochish harakatlariga qarshi faollar tomonidan uyushtirildi.
Joriy yilda Qirgʻiziston ayollar uchun Markaziy Osiyodagi eng xavfli davlat deb topildi. Bu haqda xalqaro tashkilot tadqiqotida aytildi. Qirgʻiziston ichki ishlar vazirligining maʼlumotiga koʻra, joriy yil ichida 7665 oilaviy zoʻravonlik voqeasi qayd etilgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 30 foizga koʻp.
Qirgʻizistonda oʻtgan muhim siyosiy voqealardan biri esa yana saylov boʻldi. Qirgʻizistonliklar 28-noyabr kuni parlament saylovida ovoz berdi.
Parlamentdagi 90 oʻrin uchun 21 partiya kurash olib borgan mazkur saylovda saylash huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning qariyb oʻttiz foizi ishtirok etgan. Bu Qirgʻizistonda bir yildan sal koʻproq vaqt ichida oʻtgan toʻrtinchi saylov boʻldi.
Bu galgi saylovlar Qirgʻiziston tarixidagi eng qimmat siyosiy tadbir boʻldi. Saylov uchun davlat byudjetidan 6 million 265 ming yevro ajratildi.