Qirg’iziston o’z harbiylarini Qozog’istonga jo’natadimi?

Almati shahri, 2022-yil, 5-yanvar.

Qirgʻizistonlik bir qator jamoatchi faollar va siyosatchilar Qirgʻiziston harbiylarining Qozogʻistonga joʻnatilishiga qarshilik bildirib, Bishkekdagi “Oq uy” oldiga toʻplanishdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 6-yanvar, 2022-yil

Taxminan 20 nafarga yaqin namoyishchi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqish talabi bilan ham chiqishdi.

Avvalroq Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev tashkilotga yordam soʻrab murojaat qilgani turli bahs-munozaralarga sabab bo’lgan edi.

Qozog’iston hukumati murojaati ortidan KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi raisi, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Qozogʻistonga qoʻshin kiritilishini rasman eʼlon qilgan.

Shuningdek, 6-yanvar kuni Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov Qozogʻistondagi vaziyat yuzasidan favqulodda yigʻilish oʻtkazdi. Yigʻinda Vazirlar Mahkamasining raisi Qirgʻiziston KXSHT doirasidagi ittifoqchilik majburiyatlarini bajarishga tayyor ekanini maʼlum qilgan.

Shu bilan mazkur yigʻinda 6-yanvarning ikkinchi qismida Jogorku Keneshning favqulodda yigʻilishini oʻtkazishga qaror qilingani bildirilgan edi. Ammo yigʻinda qatnashgan deputatlarning soni kam boʻlgani uchun parlament yigʻini 7-yanvarga koʻchirildi.

Buni ham ko'ring To'qayev: Qozog'iston hukumati iste'foga chiqmaydi

Favqulodda yigʻinda parlament KXSHTning Qozogʻistonga “tinchlik oʻrnatuvchi kuchlarni” yuborish qarorini muhokama qilib, Qirgʻiziston harbiylarini joʻnatish yoki joʻnatmaslikka qaror qilishi kerak edi.

Deputat Dastan Bekeshev 6-yanvarda Jogorku Keneshda oʻtishi kutilgan yigʻindan avval ijtimoiy tarmoqda oʻz videomurojaatini eʼlon qilgan. Murojaatda deputat Qirgʻizistondan Qozogʻistonga tinchlik oʻrnatish uchun harbiylarni kiritishga qarshi ekanini bildirdi.

Uning aytishicha, qoʻshni davlatda boʻlayotgan voqealar ularning ichki siyosiy muammosi va ularning masalani mustaqil hal qilishga kuchi yetadi.

Shu bilan birga, u Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jo’mart To’qayevning KXSHTga murojaati “emotsional” ruhda boʻlganini taʼkidlab, “Qirgʻiziston aralashmasligi kerak” dedi.

Qirgʻizistonlik siyosatchi Feliks Qulov esa Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Qozogʻistonga “kollektiv xavfsizlik shartnomasi doirasida” yordam berishi kerak deb hisoblaydi. Shu bilan birga u harbiy qoʻllov “oddiy aholiga va boshqaruv rejimini himoya qilishga hech qachon yoʻnaltirilmasligi kerakligini” taʼkidlaydi.

Prezident Sadir Japarovning matbuot kotibi Erbol Sultanbayevning bildirishicha, 7-yanvarda Jogorku Kenesh Qozogʻistonga Qirgʻiziston harbiylarini yuborish qarorini tasdiqlasa, qirgʻiz harbiylari qozoq fuqarolariga qarshi harakatlarga jalb qilinmaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qozog'iston: Namoyishchilarning talablari qondiriladimi?

“Jogorku Kenesh tasdiqlasa, Qirgʻiziston harbiylari KXSHTning nizomiga koʻra, jamoat kuchlarining tarkibida Qozogʻistonga tinchlik oʻrnatish uchun yuboriladi. Qirgʻizistonning tinchlik oʻrnatuvchilari strategik ahamiyatdagi binolarni himoya qiladi. Qirgʻiz harbiylari Qozogʻistondagi namoyish ishtirokchilariga nisbatan hech qanday harakatlarga jalb qilinmasligini alohida taʼkidlab oʻtamiz”, - deydi Sultanbayev.

2-yanvar kuni Qozogʻistonning Janaoʻzen shahrida suyultirilgan gaz narxi keskin qimmatlab ketganidan keyin boshlangan norozilik namoyishlari boshqa viloyatlarga ham tarqaldi. Buning ortidan butun mamlakat boʻylab favqulodda holat joriy etildi.

Almatida esa namoyishchilar shahar maʼmuriyati, prokuratura va aeroport binolarini egallab olishdi. 6-yanvarga oʻtar kechasi oʻgʻirliklar boshlandi; shundan soʻng Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev “aksilterror operatsiyasi” boshlanganini eʼlon qildi va tartibni tiklash uchun KXSHTdan yordam soʻradi. Bunga javoban KXSHT Qozogʻistonga tinchlikparvar kuchlarni yuborish toʻgʻrisidagi qarorini eʼlon qilgan.

KXSHTga Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya va Tojikiston davlatlari aʼzo boʻlgan.