AQShda 2021-yilda 495 politsiyachi halok bo'lgan

  • Amerika Ovozi

Ish paytida halok bo'lgan politsiyachilarni xotirlash marosimi, Vashington, 14-oktabr, 2021

AQSh Huquq-tartibot xodimlari uyushmasiga ko'ra, 2021-yilda mamlakatda 495 politsiyachi ish paytida turli sabablar bilan jon bergan. O'lganlar soni 2020-yildan 55 foiz ko'proq.

O'tgan yili 63 politsiyachi o'qdan halok bo'lgan, jumladan 19 nafari avval olib qochilgan, keyin o'ldirilgan.

58 politsiyachi esa yo'l halokatlarida nobud bo'lgan. Bu son ham 2020-yildan 38 foiz ko'proq.

338 politsiyachi turli sabablar bilan o'lgan, xususan koronavirusdan va boshqa kasalliklardan. Bu borada ham ko'rsatkich 2020-yildan 63 foiz yuqori.

“2021-yil tarixga eng halokatli davr sifatida kirdi. 1930-yildan beri bir yil ichida bu qadar ko'p safdoshlarni boy bermaganmiz", - deydi tashkilot rahbari Marsiya Ferranto.

Politsiyachilar orasida yurak, nafas yo'li va asab kasalliklaridan vafot etayotganlar anchagina.

2021-yilda to'rt politsiyachi do'pposlanib o'ldirilgan. Yana to'rt nafari esa suvga g'arq bo'lgan. Ikki nafari pichoqlangan. Bir politsiyachi mashinada selda qolib, boshqa biri to'fonda nobud bo'lgan.

Ferranto deydiki, huquq-tartibot sohasida ishlash o'lim bilan doimiy yuzma-yuz bo'lishni talab qiladi. Aksariyat hollarda politsiyachilar xavfni yengadi, ammo tahdid ustun kelgan hodisalar ham ko'p.