AQSh Fazo agentligi NASA navbatdagi yutuqni nishonlamoqda. Dekabrda uchirilgan yangi Jeyms Vebb teleskopining 6,5 metrli asosiy oynalari ochildi.
“Ulkan oynalar xiraroq obyektlardan ko’proq yorug’lik to’plashga imkon beradi. Bu nur bizga yetib kelguncha milliardlab yil vaqt o’tgan. Katta portlashdan taxminan 200 million yil o’tgandan keyingi manzarani ko’rish imkoni bor”, - deydi astronom Mishel Toller.
Olima ilk galaktiralar paydo bo’lgan davrga ishora qilmoqda. Teleskopning barcha funksiyalari Yerda sinovdan o’tgan, kosmosda hammasi bexato ishlashi ulkan yutuqdir.
“Hayajonmasdan iloj yo’q. Qurilma ishga tushishi uchun har bir bosqichdan muvaffaqiyatli o’tayapti. Bu loyiha ustida ishlagan jamoaga tasanno”, - deydi NASA Ilmiy uyushmasi rahbari Tomas Zurbuken.
Shu hafta ochilgan oynalar tilla bilan qoplangan 18 ta segmentdan iborat. Yagona tizim bo’lib ishlashi, galaktikalarni qidira boshlashi uchun ularni sozlash lozim. Vebb teleskopi ikki haftadan so’ng manziliga, ikkinchi Lagranj nuqtasiga yetib boradi. Yozda ishga tushishi mo’ljallangan.
Buni ham ko'ring Oyga va keyinchalik Marsga uchishga tayyorgarlikYana bir yangilik… AQSh Xalqaro kosmik stansiya dasturlarida ishtirokini 2030-yilgacha uzaytirmoqda. Kosmik laboratoriyani AQSh Rossiya, Yaponiya, Kanada va Yevropa bilan birga yuritadi.
Stansiya faoliyatini shu o’n yillikda tugatish rejalangan edi. O’tgan yili NASA yangi laboratoriya qurish uchun 415 million dollarlik shartnomalar imzolagan.
Bu orada, AQShda mamlakat hayotida chuqur iz qoldirgan ayollarning surati tushirilgan tangalar chiqa boshladi. Loyiha to’rt yilga mo’ljallangan. 2025-yilgacha jami 20 xil dizayndagi tangalar muomalaga kiritiladi. Ular orasida kosmosga chiqqan birinchi amerikalik ayol Selli Rayd ham bor.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa 2016-yilgi bir video qayta paydo bo’ldi. O’shanda hozirgi senator, sobiq astronavt Mark Kelli fazodagi egizak ukasiga sovg’a sifatida gorilla kostyumini jo’natgan.
Uni kiyib olgan Skott Kelli stansiyada hamkasbini quvayotganini millionlab odamlar qayta tomosha qilmoqda.