Jo Bayden prezidentlikka kelgach, Oq uyda matbuotga nisbatan munosabat ijobiylashdi va professionallashdi, ya'ni tomonlar orasida konstruktiv aloqa tiklandi. Bu an'ana oldingi prezident Donald Tramp paytida buzilgan edi, deydi muxbirlar. Ammo ular Prezident Bayden matbuot bilan yetarlicha gaplashmaydi, deya norozi.
“Bu aslida matbuot anjumani emas..." Bayden ko'pincha shunday bahona bilan muxbirlardan ortiqcha savol olmaslikka urinadi. Lekin media oldida o'zi xohlagan gaplarni aytishga ham harakat qiladi. Savol olmasligi, deydi Oq uydan xabar uzatadigan jurnalistlar, media uchun cheklov.
Tramp davrida OAV doimiy ravishda soxta xabar tarqatganlikda ayblanar, prezident media oldida so'zlaganida, muxbirlarga shaxsiy hujumlar qilar, ularni xalq dushmaniga tenglashtirar edi.
Bayden AQSh tarixidagi eng shaffof prezident bo'lishga, uning ma'muriyati barcha mavzularni oshkora muhokama qilishga so'z bergan.
Rahbarlikning birinchi yili yakunlanar ekan, bu va'da bajarilmadi, deydi muxbirlar.
Prezodentlikning birinchi 12 oyida Bayden 9 ta matbuot anjumani o'tkazgan. Tauson universiteti va Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi o'tkazgan izlanishlar natijasiga ko'ra, bu borada Bayden o'zidan oldingi besh prezidentdan orqada.
Bayden 22 ta intervyu bergan. Bu jihatdan ham u oldingi olti prezidentdan qolib ketgan.
Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki deydiki, "Amerika xalqi prezidentni ko'p ko'radi va savollardan qochmasligini biladi".
Psakiga ko'ra, prezident uchun jamoatchilik va OAV bilan aloqa - birlamchi vazifa".
Bayden o'zidan oldingi uch prezidentga qaraganda jurnalistlar bilan kutilmaganda gaplashishga ko'proq moyil. Turli nutq va murojaatlardan oldin, vertolyot yoki samolyotga chiqib ketar ekan, prezident ko'p hollarda muxbirlar hayqirgan savollardan qochmaydi. Bu bilan prezident vaziyatni o'z nazorat qiladi.
Prezidentlarning matbuot bilan ishlash uslublarini o'rgangan mutaxassis Anjela Greylin Kin deydiki, Oq uy matbuot xizmati juda ehtiyotkor. Bayden esa OAV bilan chuqur tajriba va tarixga ega.
Oq uy muxbirlar uyushmasi prezident bilan ko'proq gaplashish imkoniyatini talab qilmoqda.
"Amerika rahbari matbuot bilan tez-tez gaplashib, savollarga javob berganida butun erkin dunyo bunday ruhlanadi va foyda ko'radi", - deydi uyushma raisi Stiven Portnoy.
"Xalq uchun dolzarb masalalarni prezident bilan muhokama qilishdan jamoatchilik har tomonlama manfaatdor".
Xorijiy muxbirlar uyushmasi direktori Tanos Dimadis Oq uyning hozirgi media strategiyasini tushunishini aytadi.
“Albatta, jurnalistlar hamisha ko'proq vaqt xohlaydi, ammo OAV nimani qachon qanday yoritish erkinligiga ega bo'lgani kabi Oq uy matbuot xizmati ham o'z strategiyasini belgilash erkinligiga ega", - deydi Dimadis.
Venderbilt universitetidan Vanessa Bisliyga ko'ra, matbuot demokratiya ustunidir. Lekin matbuot uchun qancha vaqt ajratish yuzasidan debatlar tinmasligi ham tabiiy. Prezident masalalarni qanchalik ochiq muhokama qila olishini ko'rsatishi zarur.
“Prezident idorasi dolzarb mavzularni qay shaklda qachon ommaga olib chiqish ustida bosh qotirib, effektiv ishlashni xohlaydi", - deydi Bisli. "Tabiiyki, matbuot xizmati OAV bilan aloqani o'zi nazorat qilishni istaydi".
“Tarixan, bunday ziddiyat aslida samara beradi, chunki bu - demokratiya. Bu har ikki tomon o'z vazifalarini bilishi va ularni yaxshi bajarishga intilayotganini ko'rsatadi".
Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki har kuni bir soatlik brifing o'tkazadi. Lekin u asosan Amerikaning yirik OAV va taniqli muxbirlaridan savollar olib, xorijiy va kichikroq medialarni elamaganlikda tanqid qilinadi.
Yaponiyaning NHK telekanali muxbiri Ester O deydiki, agar Oq uydagi brifingda oldingi ikki qatorda ko'rinmasangiz, Psaki uchun yo'qsiz hisob.
“Oq uy ittifoqchilari va hamkorlari bilan aloqalarni tiklash va mustahkamlashga bel bog'laganini aytib keladi. Shunday ekan, xalqaro ishonchni tiklash uchun avvalo chet el mediasi bilan gaplashish kerak emasmi?' - deydi O.
Bayden Trampga qaraganda kamroq jurnalistlardan savollar oladi va javob beradi, deydi yapon muxbiri.
Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi bugungi Oq uy va matbuot haqida chiqargan hisobotida qator muammolarni sanab o'tadi. Bayden ma'muriyati so'zda va amalda boshqacha siyosat yuritayotganlikda, matbuot erkinligi uchun sidqidildan harakar qilmayotganlikda ayblanadi.
Psaki bu shikoyatlarga javob bermasa-da, Bayden OAV va jurnalistlarni yuqori darajaga qo'yadi, deydi.
“Media prezident uchun prioritet. Rahbariyat va media orasida doimiy bahs-munozara bo'lishi demokratik jarayon. Biz aslida muxbirlar bilan mana shu normallikni tiklashga ahd qilganmiz", - deydi Psaki.
Biroq ekspert Leonard Dauni nazarida Oq uy baribir bergan va'dalarini bajarmayapti.
"Xalqaro maydonda matbuot erkinligini targ'ib qilmoqchi edi, qani?"
Saudiya Arabistoni va boshqa ko'plab davlatlarda jurnalistlar tahdid va tazyiq ostida ishlar ekan, AQSh ularni himoya qilmayapti, deydi Dauni.
Afg'onistonda ham axborot vositalari va jurnalistlar erkinligi keskin cheklangan. Qator mamlakatlarda muxbirlarning qotillari hamon javobgarlikka tutilmagan. AQSh bu borada yordam berishi mumkin, ammo choralari juda sust, deydi Dauni.
(Ayrim ma'lumotlar AP axborot agentligidan olindi)