AQSh Eron bilan 2015-yildagi yadroviy kelishuvga qaytishni istaydi, ammo Tehron qo'lidagi amerikaliklarni ozod etishi shart. Gap to'rt mahbus haqida ketmoqda. Bu shart bajarilmasa, deya ogohlantirmoqda Bayden ma'muriyati, Eron bilan hech qanday yangi bitim imzolanmaydi.
Venadagi muzokaralarda AQShning Eron bo'yicha maxsus vakili Robert Malli bu borada qayta-qayta to'xtalmoqda.
Malli deydiki, yadroviy masalalar serqirra va murakkab, har biri alohida muhokamada.
"Biz ularga alohida e'tibor qaratayapmiz. Ammo shuncha muhokama va muzokara behuda ketmasligi kerak. To'rt amerikalik erkinlikka chiqib, vatanga qaytarilmasa, kelishuvga erishish mumkin emas", - deydi Malli.
Rasmiyga ko'ra, Eron yadroviy dasturi va G'arb sanksiyalariga parallel ravishda amerikalik mahbuslar taqdiri ustida ham so'z ketmoqda.
Buni ham ko'ring Bayden: Eron bilan muzokaralarda olg'a siljish borO'tgan yillar ichida Eron Inqilobiy gvardiyasi o'nlab xorijliklarni josuslikda ayblab, qo'lgan olgan.
Tehron bu insonlardan diplomatik qurol sifatida foydalanadi, deydi mahbuslarning himoyachilari. Ammo Eron nazarida, bu odamlar siyosiy mahbuslar emas. Ular qilmishi asoslangan jinoyatchilar, deydi Tehron rasmiylari.
77 yoshli amerikalik Barri Rozen bir necha kun davomida Venada ochlik namoyishi o'tkazdi. Uning talabi: Eron AQSh, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Avstriya va Shvetsiya fuqarolari bo'lgan mahbuslarni darhol qo'yib yuborsin.
Rozen deydiki, bu talab qondirilmasa, AQSh Eron bilan biror sohada aslo kelishmasligi zarur. U 1979-81 yillarda Tehronda AQSh elchixonasi qamal qilinganida u yerda ushlab turilgan diplomatlardan biri bo'lgan.
Rozen hozirda ochlikni to'xtatgan, ammo namoyishlarni davom ettirmoqda.
Buni ham ko'ring Eron G'arbdan neft eksporti uchun yo'lni ochishni talab qilmoqdaVenadagi muzokaralar hozir sakkizinchi bosqichda. Diplomatlarning ta'kidlachisha, tomonlar maqsadga erishishdan ancha yiroq.
Amerika Eronni azaldan yashirin ravishda atom quroli yaratayotganlikda gumon qiladi. Tehron esa atom dasturi yadroviy quvvat ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilganini da'vo qiladi.
2015-yildagi kelishuv Eronning atom programmasini qisqartirish va buning evaziga islomiy respublikaga qo'yilgan qator cheklovlarni olib tashlashni ko'zda tutgan edi. 2018-yilda AQShning o'sha vaqtdagi rahbari Donald Tramp kelishuvni bekor qilgan. Bayden ma'muriyati uni tiklashni istaydi.
Eron qo'lidagi amerikaliklar orasida 50 yoshli tadbirkor Siamak Namoziy va uning 85 yoshli otasi Bakir Namoziy ham bor. Har ikkisi Amerika josuslari deya tamg'alangan. Ota kasalmandligi bois chiqarilgan, ammo yaqinlarining aytishicha, noqonuniy ravishda uy qamog'ida.
Oilaning advokati Jared Genser Vashingtonni mahbuslar ozod etilishi uchun qattiqroq harakat qilishga undamoqda. Yadroviy muzokaralar, uning fikricha, AQSh uchun bu masalani hal etishda ayni muddao.
66 yoshli ekolog Murod Tahboz va 57 yoshli ishbilarmon Imad Sharqiy ham Eron qamab qo'ygan amerikaliklardan.