"Islomiy davlat" faoliyatini tahlil qilgan ekspertlarga ko'ra, 2021-yilda bu to'da eng ko'p odamni Afg'onistonda o'ldirgan va jarohatlagan.
"Islomiy davlat"ning eng qonli xurujni o'tgan yilning avgust oyida Kobulda sodir etgan. 170 afg'on va 13 amerikalik harbiy halok bo'lgan.
2021-yil davomida Afg'onistonda bu guruh 365 marta hujum qilgan, 2210 insonning yostig'ini quritgan. 2020-yilda esa uning 82 xurujida 835 kishi nobud bo'lgan edi. Bu hisoblarni Meir Amit Razvedka va terrorizm axborot markazi e'lon qilgan.
Global miqyosda "Islomiy davlat" 2705 hujumda 8147 odamni yo'q qilgan. O'lganlar soni bo'yicha ikkinchi o'rinda Iroq, 2083 fuqarosini boy bergan.
Afg'onistonda bu guruh IS-K, ya'ni "Islomiy davlat" Xuroson degan nom bilan tanilgan.
Amerika Afg'onistondan qo'shinlarini olib chiqayotgan paytda jangarilar hujumlarga zo'r berib, BMTga ko'ra, 2021-yilning birinchi yarmida 1659 afg'on halok bo'lgan, 3524 odam yaralangan. Bu xurujlarning 39 foizida Tolibon ayblangan.
Hozir hukumatda o'tirgan toliblar o'tgan yili minglab fuqaroning qonini to'kkan, lekin qilmishlari uchun javob bermagan, deya eslatmoqda BMT.
2021-yilning birinchi yarmida 124 afg'on "Islomiy davlat" Xuroson tomonidan qatl etilgan, 315 nafari jarohatlangan.
Tolibon Afg'oniston uning nazoratida tinch yashayotganini da'vo qiladi, ammo "Islomiy davlat" Xuroson xurujlarni to'xtatmagan.
O'tgan hafta Hirotda bu to'da hujumida olti kishi o'lib, bir necha fuqaro yaralangan.
"Islomiy davlat" Xuroson 2015-yilda Pokiston bilan chegaradosh sharqiy mintaqada paydo bo'lganidan beri Afg'onistonda 2200 dan oshiq odamni yo'q qilgan.
"Islomiy davlat" Xuroson shialarning masjidlari, maktab va uy-joylarini ayovsiz nishonga oladi. Afg'onistonning taxminan 35 million aholisining qariyb 12 foizi shialardir.
Bu to'da jurnalistlarni, faollarni va sog'liqni saqlash xodimlariga ham tinchlik bermaydi.
"Islomiy davlat" Xuroson insoniyatga qarshi jinoyatlarni amalga oshirib kelmoqda, deya qayd etadi inson huquqlari tashkilotlari.
Afg'onistonda terrorizmga qarshi choralar ko'rilmayotgan ekan, deya ogohlantirmoqda huquq himoyachilari, "Islomiy davlat" Xuroson kuchga to'lmoqda, yanada qonli xurujlarni rejalash bilan band.
Kontrterrorizm bo'yicha ekspert Metyu Levitt deydiki, "Islomiy davlat" Xuroson va Tolibon bir-biriga dushman, lekin "Islomiy davlat" Xuroson Kobuldagi hukumatni o'zgartirish kuchiga ega emas. Tolbonning asabiga tegadi, uning odamlarini o'ldirishi mumkin, lekin u bilan tenglasha olmaydi, deydi Levit, hozircha.