7-fevral kuni AQSh Kubaga nisbatan sistematik sanksiyalar qo'yganiga 60 yil bo'ldi. Kommunistik tuzumni jazolashning eng samarali yo'li deb topilgan iqtisodiy cheklovlar hamon amalda va yaqin orada olinmasligi aniq.
1962-yilning 3-fevralida o'sha paytdagi prezident Jon Kennedi imzolagan hujjat ikki tomonlama savdoni to'xtatgan.
To'rt kun ichida kuchga kirgan chora ortida Kubani egri yo'ldan qaytarish umidi bor edi.
Orol-davlat siyosiy jihatdan o'zgarmadi, Amerika ham qarorida qat'iy turdi. 60 yillik sanksiyalar Kubaga qariyb 150 milliard dollarga tushgan.
11,5 millionga yaqin aholiga ega Kuba ayni damda oxirgi 30 yildagi eng og'ir inqirozda. Inflyatsiya 70 foizda. Oziq-ovqat va dori-darmon taqchil. Koronavirus pandemiyasi sabab turizmdan daromad pasayib, mamlakat uchun imkoniyatlarni yanada ozaytirgan.
Do'konlar oldida uzun navbatlarni ko'rasiz. Chetdan mahsulot importi qisqargan, chunki hukumatda mablag' yo'q.
Kuba hukumati barcha balolarda kapitalist dushmanlarni ayblaydi.
Sanksiyalarni qoralovchi propaganda avjida. Biroq jamoatchilik qanchalik hadiksiramasin, muammolarda asosan kommunistik tuzumni ayblaydi. Xalqning real ahvoli hech kimni qiziqtirmaydi, tashvishlantirmaydi, degan qarash keng tarqalgan.
"Aslida bu cheklovlar Kuba davlati siyosati mahsulidir", - deydi Roza Mariya Paya.
Amerikada surgunda yashayotgan bu faol "Cubadecide" degan tashkilotni boshqaradi. Guruh ichkaridagi vaziyatni o'rganadi.
Embargoni olib tashlash uchun Kuba demokratik yo'lga o'tishi kerak, deydi u.
Kubada ishlab chiqarish juda tor, oziq-ovqatga talabning 80 foizga yaqini import orqali ta'minlanadi.
Mehnatkashlarnng aksariyati hukumatga ishlaydi.
2000-yildan beri Amerika Kubaga oziq-ovqat eksport qilishga ruxsat beradi. 2000-2015 yilarda orol-davlat Amerikadan 1,5 milliard dollarlik yegulik import qilgan. Ammo shart shuki, bunday savdo naqd pulga qilinishi kerak. Kubada esa bunday imkoniyat cheklangan.
Kubalik amerikalik, AQSh sobiq tijorat vaziri Karlos Gutierrez deydiki, bu sanksiyalardan hech qanday naf bo'lmagan.
"Gavana biz xohlagan biror qadamni tashlamagan", - deydi u.
Kuba Xitoy va Rossiyaga yanada yaqinlashgan.
Ikki hafta oldin Kuba rahbari Migel Diaz-Kanel Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan strategik sheriklikni muhokama qilgan, telefon orqali.
Ukraina bilan urush boshlansa, Kreml Kubaga ham qo'shin yuborishi mumkinligini bildirgan. Kuba Amerikadan bir necha yuz kilometr uzoqlikda joylashgan orol.
Bu kabi ogohlantirishlar Sovuq urush paytiga xos taktikalarni eslatar ekan, siyosatdonlar o'tmishdan saboq olish zarurligiga urg'u beradi. Yangi mojarolar kimga kerak?
Tahlilchi Rafael Hernandez nazarida Vashingtonning Kubaga nisbatan siyosati ortida uning geosiyosiy manfaatlari turibdi. Kubada mafkuraviy-siyosiy jihatdan o'zgarish bo'lmas ekan, Amerika yondashuvi ham yangilanmaydi.
Kubalik amerikaliklar AQShda katta sondagi saylovchilardir. Ular hukumatdan va Kongressdan Gavanaga nisbatan keskin turishni talab qiladi. Florida shtatida kubalik muhojirlar va ularning Amerikada tug'ilgan yoki ulg'aygan farzandlari mahalliy saylovlarda hal qiluvchi rol o'ynaydi.
Demokrat Barak Obama prezidentligida Kuba bilan yaqinlashuv boshlangan edi. Obama Kubaga safar qilib, o'zgarishlarga undagan va ular evaziga cheklovlarni bekor qilishga so'z bergan edi. Ayrim sanksiyalar yumshatilgan ham, ammo keyingi prezident, Donald Tramp 243 qo'shimcha sanksiya qo'ygan.
2021-yilda Kubada hukumatga qarshi namoyishlar kuch bilan bostirilgach, Vashington bu davlatning qator rasmiylarini qora ro'yxatlarga kiritgan.