21-fevral kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin Ukrainaning Donetsk va Lugansk regionlarini mustaqil davlatlar deya tan olib, maxsus farmonga imzo chekdi. Bir necha soat oldin bu hududlardagi rus separatistlari Kremlga sodiq ekanini aytib, Putindan ularni himoya qilishni so'ragan edi.
Ular qayerda joylashgan?
Donetsk va Lugansk — birgalikda Donbas — Ukraina sharqida joylashgan bo'lib, bu yerlarda Kiyev nazoratiga bo'ysunmaydigan, mamlakatdan ajralib chiqishni xohlaydigan kuchlar ham bor. Rossiya yordamida ular o'tgan sakkiz yilda salmoqli nufuz qozongan. Donbas sanoatlashgan, ko'mir va metal konlari bor.
Aholisi kim?
Donetsk va Luganskda 3,6 million odam yashaydi. Ularning aksariyati rus tilida gaplashadi. Ikkinchi jahon urushidan keyin bu hududlarga Rossiyadan katta sonli ishchi-mehnatkashlar ko'chib kelgan, O'tgan yillarda Rossiya ularga 720 mingdan oshiq pasport bergan. Donbas aholisining taxminan besh biri Rossiya fuqarosi.
Separatistlar
Rossiyaga sodiqligini aytadigan ayirmachi kuchlar Donetsk va Luganskda 2014-yilda davlat idoralarini bosib olib, Donetsk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasi degan davlatlar tuzilganini e'lon qilgan.
Janglar
2014-yildan beri Donbasda separatistlar va Ukraina kuchlari orasidagi to'qnashuvlarda 14 mingdan oshiq odam o'lgan. Kiyev va uning hamkorlari, xususan G'arb Rossiyani separatistlarni moliyalayotganlikda va qurollantirayotganlikda ayblab keladi. Kreml buni inkor etadi.
Sakkiz yil oldin Ukraina osmonida Malayziya yo'lovchi samolyoti o'qqa tutilib, 298 kishi halok bo'lgan edi. Xalqaro tekshiruvlar bu o'q, ya'ni raketa Rossiyadan chiqqanini va samolyot aynan Ukrainaning rossiyaparast hududidan otilganini isbotlagan edi. Kreml bu ishga ham aloqasi yo'qligini qayd etib keladi.
Mustaqillik
Separatistlar Donetsk va Luganskda 2014-yilda nazoratni qo'lgan olgach, saylov o'tkazib, mustaqillik uchun ovoz berilgan. Biroq shu kungacha ularni hech bir davlat tan olmagan edi. Birinchisi Rossiya bo'ldi.
Rahbarlar kim?
Donetsk va Lugansk o'zini prezident deb e'lon qilgan rahbarlarga ega. Kiyev tan olmagan holda 2018-yilda Denis Pushilin Donetsk Xalq Respublikasi prezidenti, Leonid Pasechnik esa Lugansk lideri etib tayinlangan.
Minsk tinchlik protsessi
Minsk tinchlik bitimlari yillar oldin imzolangan, ammo amal qilinmagan. 2014 va 2015 yillarda erishilgan kelishuvlarga ko'ra, Donetsk va Lugansk Ukraina ichidagi muxtoriyatlar bo'lishi kerak.