AQShning g’arbiy shtatlarida 20 yildan beri davom etayotgan qurg’oqchilik natijasida mamlakatning eng katta suv omborida suv sathi pasayib ketgan. Bu esa elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi turbinalarni ishdan chiqarishi mumkin.
Arizonadagi Glen Kanyon to’g’oni yetti shtatda besh million odamni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Qayta tiklanuvchi bu manba xavf ostida.
“Bu ko’pchilik tasavvur qilayotganidek vaqtinchalik muammo emas. Iqlim o’zgarishi oqibatini ko’rib turibmiz”, - deydi olima Jennifer Gimbel.
Your browser doesn’t support HTML5
Iqlim isishi AQShning shundoq ham qurg’oq g’arbini yanara quritib yuboryapti. Bu hududdagi eng muhim ob-hayot manbai – Kolorado daryosi qurimoqda.
“Suv ta’minotisiz Amerika g’arbi rivolanmagan bo’lardi”, - deydi suv resurslari bo’yicha tadqiqotchi Maykl Koen.
Kolorado daryosi yetti shtatdan oqib o’tib, Las-Vegas va San-Diyego kabi yirik shaharlarni, 40 million odamni suv bilan ta’minlaydi. Ikki million gektardan oshiq ekin maydonlarini sug’oradi.
“Milliardlab dollarlik iqtisodiy loyihalar shu daryo bilan bog’liq. Suv doim bo’ladi deb o’ylaganmiz, aslida bunday emas”, - deydi Koen.
Buni ham ko'ring Qirg'izistonning bahaybat muzliklari erimoqdaIqlim o’zgarishi daryoga ta’sir qilishi bashorat qilingan edi.
“Lekin suv sathi shunchalar tez pasayishini kutmagan edik. Hozirgi chuqur xavotir shundan”, - deydi Jennifer Gimbel.
O’tgan yili Arizona fermerlari uchun ilk bor suv ta’minoti qisqartirildi. Daryo suvining 70 foizi qishloq xo’jaligi uchun ishlatiladi. Dehqonlar qatorida aholisi o’sib borayotgan shaharlar ham ko’proq suv talab qilmoqda. Suv resurslari uchun o’ziga xos raqobat mavjud
“Shaharlar fermalarning suv zaxirasini sotib olib, “biz shaharda bu bilan yuqoriroq iqtisodiy qiymat yaratyapmiz”, deyishadi. Lekin tirikchiligi barbod bo’layotgan qishloqlarda bunday gaplardan foyda yo’q”, - deydi Maykl Koen.
Ko’pgina fermer xo’jaliklari ehtiyojni kamaytirish uchun suvni tejab ishlatishga o’tgan. Shaharlarda ham xuddi shunday.
“Ko’p shaharlarda iqtisodiy o’sish va aholi soni ko’payayotganiga qaramasdan, 20-30 yil oldingiga qaraganda kamroq suv ishlatilmoqda. Katta o’zgarishlardan biri shu”, - deydi Koen.
Lekin bu choralar yetarli emas. Rezervuarlarda suv kamaymoqda, qurg’oqchilik davom etadi. Iqlim o’zgarishi chuqurlashib, shaharlar kengayar ekan, ekspertlar jiddiy o’zgarishlar qilish kerakligini aytadi.