Ramazon va Qurbon hayiti bayramlari kambag’al afg’on xalqi uchun oson emas. Odatda har bir bayram uchun o’rtacha bir oylik ish haqi sarflanadi. Ramazonda xarajatlar yanada oshadi. Ba’zilar buni ko’tara oladi, ayrimlar nochor.
Your browser doesn’t support HTML5
Avgust oyi voqealaridan so’ng qiyin vaziyat bilan yuzlashayotgan afg’onlar iqtisodiy ahvol kundan kunga og’irlashayotganidan shikoyat qilishadi.
“Narxlar oshib ketgan. Odamlar meva-cheva sotib olishga qiynalayapti”, - deydi Abdulla Imomiy.
Mamlakatda qisman tinchlik ta’minlangan. Odamlar xotirjamlik bilan ibodatxonalarga bormoqda. Masjidlar ochiq.
“O’tgan yillarda jang sababli odamlar xotirjamlik bilan ibodatlarini bajara olmas edi. Har joyda portlash, terror bor edi”, - deydi Maymana shahrining Iydgoh masjidi imomi qori Shamsiddin.
Har yilgidek ko’chalar juda gavjum emas. Odamlar qurbi yetganicha bozor qilmoqda. Xaridordan ko’ra sotuvchilar ko’proqdek ko’rinadi.
Bu safargi bayramning farqi shundaki, tinchlik odamlarga uzoq-yaqinga safar qilib, qarindoshlari bilan uchrashish imkoniyatini bermoqda. Xalq bundan xursand.
“Xudo xohlasa bayramni tinchlikda yaxshi tarzda o’tkazamiz”, - deydi Sayfulla Yurtsevar, faryoblik yigit.
Qariyb 9 oydan beri mamlakatni boshqarayotgan Tolibon moliyaviy muammo bilan yuzlashmoqda. Hukumat idoralari xodimlari bir necha oydan beri maoshsiz ishlayapti. Ramazon bayrami arafasida ham oyliklar to’lanmagan.