Mudofaadan hujumga: 9-may arafasida jang maydonidagi holat

Ukrainada urush boshlanganiga ikki oydan oshdi. Rossiya armiyasi Ukraina taqdirini bir necha kunda hal qilishiga doir qarashlar unutildi. Aniqrog’i, Ukraina xalqi, armiyasi Rossiyaning shaksiz harbiy qudrati haqidagi qarashlar bir qadar bo’rttirilganini ko’rsatishdi.

Yakunlanayotgan hafta ikki oydirki asosan mudofaada bo’lgan Ukraina armiyasi Rossiya qo’shinlariga qarshi samarali hujumga o’tgani haqidagi xabarlar bilan kuzatilmoqda. AQShning Urushlarni o’rganish instituti (ISW) tomonidan 7-may kuni e’lon qilingan hisobotda shunday xulosaga kelingan.

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya-Ukraina: Uchinchi oyga kirgan qonli urush xulosalari

Institut tadqiqotchilari Xarkov atrofida kechgan so’nggi janglarni kuzatib, Ukraina armiyasi avval Rossiya armiyasi nazoratida bo’lgan bir necha aholi punktlarini qaytarib olgani, chekinayotgan rus qo’shinlari ko’priklarni portlatayotgani haqida yozmoqda.

Bu xulosaga ko’ra, ko’priklar odatda hujumga ishonch yo’qolgan paytda yoqiladi. Katta ehtimol bilan yaqin haftalarda ukrain armiyasi Xarkov yo’nalishida rus armiyasini chegaragacha siqib chiqarishi mumkin.

Bu urushda Ukraina hujumda emas, balki mudofaada. Ukrainlar o’z shahar-qishloqlarini himoya qilmoqda. AQSh institutining xulosalariga tayanilsa, yakunlanayotgan haftada Ukraina armiyasining dastlabki yirik hujumi qayd etilgan.

Buni ham ko'ring Ukrainadagi urush fonida 9-may qanday nishonlanadi?

Ikki oydan oshiq vaqt davomida Rossiya qo’lga kiritgan asosiy yutuq Xerson viloyatining ishg’ol qilinishi, bir necha yillar avval Ukrainadan tortib olingan Qrimning suv, shuningdek, quruqlik yo’li bilan ta’minlashni amalga oshirilishi deb ko’rilmoqda.

Rossiya armiyasi Xarkov, Odessa atrofida janglarni davom ettirmoqda. Donetsk va Lugansk viloyatlarining hududiy chegarasiga chiqilgani yo’q. Ikki oydirki, qamalda saqlangan Mariupol ham to’la egallanmadi, “Azovstal” zavodi nazorati uchun janglar davom etyapti.

Hafta davomidagi muhim voqealaridan biri shubhasiz Mariupol qamalida qolgan tinch aholi evakuatsiyasining yo’lga qo’yilishi, “Azovstal” zavodidan ayollar, qariyalar, bolalar olib chiqilganidir.

Ukraina tomoni zavodda tinch aholidan hech kim qolmagani, evakuatsiya ishlari yakunlangani haqida hisobot berdi. Yarim million aholi yashagan Mariupol uchun janglar o’ta ashaddiy kechdi, shahar deyarli vayronaga aylandi.

Ukraina tomoni shaharda minglab odamlar halok bo’lganini ta’kidlab keladi, ammo Mariupoldagi vaziyat bu ma’lumotlarni xolis o’rganishga imkon bermaydi.

Shahardagi yirik po’lat zavodi himoyasini davom ettirayotgan ukrain harbiylari bilan bog’liq vaziyat og’ir. Zavodda ukrain millatchilari sifatida tanilgan "Azov" polki jangchilari qolgan. Ular qamaldan chiqishga umid qilishmoqda. Avvalroq ular dunyo yetakchilariga, jumladan, Turkiya prezidentiga murojaat qilishgan edi.

“Azov” polki komandiri o’rinbosari Svyatoslav Palamar Turkiyani Qora dengiz mintaqasi tinchligi kafolatlaridan biri deb bilishini ta’kidlar ekan, Prezident Rajab Erdog’anni Mariupol himoyachilarini evakuatsiyasini tashkillashtirishga ko’makka chaqirgan.

Ukraina: Makarovka qishlog’idagi bugungi manzara

Rossiya qo’shinlari Kiyev va Chernigov viloyatlarini tashlab chiqqaniga ham bir oylar bo’ldi. Moskva buni muzokaralarga sharoit yaratish bilan, harbiy ekspertlar esa Kiyevni zabt etish qiyinligini tushungan rus armiyasi asosiy diqqatini sharqiy frontga qaratishga qaror qilgani bilan izohlashgan.

Sharqiy, janubiy frontga ko’chgan urush bir oydirki keskin burilishlarsiz, ammo bu vaqt davomida Ukraina g’alabasiga doir ishonch mustahkamlanib borayotgani bilan kuzatiladi, ayniqsa AQSh va Ukrainaning boshqa ittifoqchilari tomonidan harbiy yordam masalasidagi siljishlar ortidan.

Shunday ishonchdan Ukrainada yashayotgan, hududiy mudofaa tuzilmasida ukrainlar bilan bir safda turgan o’zbeklar ham xoli emas.

Yakunlanayotgan hafta 9-may bilan bog’liq tadbirlar, tahlikalar muhokamasidan xoli bo’lmadi. Kiyev hokimi Vitaliy Klichko shaharda 9-may bilan bog’liq biror tadbir o’tkazilmasligini e’lon qildi.

Prezident Volodimir Zelenskiy 8-may xotira kuni munosabati bilan rus armiyasi tomonidan vayron qilingan Borodyanka shaharchasidan videomurojaat bilan chiqdi. U Ukrainaning vayron qilingan shaharlarini namoyish etar ekan, xalqaro jamoatchilikni fashizm qaytib kelgani haqida ogohlantirdi.

Ko’pchilik ekspertlar Rossiya mamlakatda fashizm ustidan qozonilgan g’alaba kuni sifatida bayram qilinadigan 9-mayga aniq natijalar bilan kirib kelishga jiddiy urinishi haqida taxmin qilgan edi. Ammo 9-may arafasida Rossiya armiyasining Ukrainadagi g’alabasi haqida gapirish qiyin.