AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlarini genotsid deb ta’riflagan. Huquqshunoslar buning uchun asos borligini aytishmoqda.
O’tgan hafta Kanada parlamenti ham Ukraina shaharlarida ro’y bergan va berayotgan voqealarni genotsid deb atash uchun ovoz berdi.
“Ha, buni genotsid deyman, chunki Putin ukrainalik bo’lish g’oyasini yo’q qilmoqchi ekani oydinlashib borayapti”, - deydi Bayden.
Ammo Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bu atamani qo’llamayapti.
“Genotsid so’zi o’ziga xos ma’noga ega. Buni siyosatchilar emas, huquqshunoslar belgilasin”, - deydi u.
Genotsid atamasini 1944-yilda polshalik huquqshunos, Germaniya Polshani bosib olganidan so’ng AQShga qochgan Rafael Lemkin muomalaga kiritgan.
“Xalqaro huquqqa ko’ra genotsid muayyan guruhni to’liq yoki qisman, qasddan yo’q qilish, uni milliy, etnik, irqiy yoki diniy sabablar bilan nishonga olishdir”, - deydi siyosiy sharhlovchi Ernesto Verdexa.
Genotsidni isbotlash - urush jinoyatlari g’arazli niyat bilan sodir etilganini isbotlash demakdir. Xalqaro huquq bo’yicha ekspertlar Rossiyaning xatti-harakatlarini muhokama qilmoqda. Putinning bayonotlari, deydi ular, jinoiy ish qo’zg’atilishiga hissa qo’shishi mumkin.
“U Rossiyaning tajovuzini oqlashga harakat qildi. Bu urinishga Ukraina xalqi mavjud ekanini, bu xalq, bu guruh o’z taqdirini o’zi belgilash huquqiga ega ekanini tan olishdan bosh tortish ham kiradi”, - deydi Arizona universiteti professor Daniel Rotenberg.
Rossiya ham, Ukraina ham Xalqaro jinoiy sudga a’zo bo’lmasa-da, ekspertlarning aytishicha, ushbu sud Rossiya jinoyatlarini tergov qila oladi. Ammo, deydi ular, alohida tribunal tuzilgani ma’qulroq.
“Butun dunyo birlashib, Rossiya sodir etgan va etayotgan jinoyatlarni qoralash uchun xalqaro tribunal kerak”, - deydi Kiyevdagi Golodomor muzeyi rhabari Olesya Stasyuk.
Ekspertlar fikricha, tribunal Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini genotsid deb baholagan taqdirda ham Putin sudga tortilishi dargumon. Quyi mansabdagi jinoyatchilar tribunalga topshirilishi haqiqatga yaqinroq.
“Bu sudlarning hech birida politsiya kuchlari mavjud emas. Ular kimnidir qo’lga ololmaydi. Demak, uchinchi bir tomon shaxsni ushlab, sudga topshishi kerak bo’ladi”, - deydi Verdexa.
Shunga qaramay, Ukrainada genotsidga ishora qiluvchi jinoyatlar hujjatlashtirilmoqda. Mutaxassislarga ko’ra, tergovni erta boshlash dalillarni jinoyat sodir etilganidan ko’p o’tmay to’plashga imkon beradi. Shuningdek, tezda ommaga oshkor etilishi ham mumkin.
Facebook Forum