AQShda arzonlashtirilgan internet dasturiga start berilmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Jo Bayden ma’muriyati 9-may kuni mamlakatning 20 ta internet kompaniyalari kam daromadli aholiga arzonlashtirilgan narxlarda xizmat ko’rsatishga rozi ekanini ma’lum qildi. O’tgan yili tasdiqlangan federal subsidiya asosida AQSh bo’ylab o’n minglab xonadonlar bepul internet bilan ta’minlanishi kutilmoqda.

Kongress tasdig’idan o’tgan AQSh infrastrukturasini rivojlantirishga mo’ljallangan 1 trillion dollarlik paketning 14,2 milliard dollari kam daromadli aholini arzon internet bilan ta’minlashga sarflanadi. Xususan, oylik internet to’lovi uchun federal subsidiya asosida 30 dollar (qabilalar yashaydigan hududlarda 75 dollar) ajratish nazarda tutilgan.

Dastur Amerika bo’ylab qariyb 48 million xonadonga oyiga 30 dollarlik plan asosida sekundiga 100 megabit yoki undan yuqori tezlikda internet xizmatini ta’minlaydi. To’lov to’liq federal subsidiya hisobidan qoplanadi. Buning uchun kam daromadli xonadonlar dasturda ishtirok etayotgan provayderlardan biriga ulanishi kerak bo’ladi.

Bayden hokimiyatga kelganidan buyon, xususan, infrastruktura to’g’risidagi qonun tashabbusi bilan chiqqanida qishloq hududlari hamda kam daromadli oilalarni yuqori tezlikda ishlaydigan internet bilan ta’minalsh haqida takror va takror so’zlagan edi. Jumladan, prezident COVID-19 pandemiyasi davrida masofadan ta’lim olgan o’quvchilarning ota-onalari onlayn mashg’ulotlar va uy vazifalarini bajarish uchun zarur sharoit yaratib bera olmaganiga urg’u bergan.

“Bu muammoni avval bilmagan bo’lsak, endi bilamiz: Yuqori tezlikka ega internet o’ta muhim”, - dedi Bayden aprel oyida yil o’qituvchisini taqdirlar ekan.

Arzon xizmat ko’rsatishga rozi bo’lgan 20 ta internet kompaniyalari, Oq uyning bildirishicha, mamlakat aholisining 80 foizi yashaydigan hududlarni qamrab olgan. Qishloq hududlarining 50 foiziga internet yetkazib beradi. Tub aholi sanalgan qabilalar yashaydigan hududlarda servis narxi oyiga 75 dollar. Federal subsidiyada ajratilgan moliya ham shunga teng.