Afg’oniston xalqaro miqyosda tan olingan ko’plab tarixiy obidalarga ega.
Ayrim yodgorliklar yillar davomida og’ir ahvolga tushgan, ularni saqlab qolish uchun yetarli e’tibor qaratilmagan.
Afg’onistonning shimoliy Juzjon viloyatidagi tarixiy obidalar ahvoliga nazar tashladik.
Dunyoning eng noyob ganjinalaridan hisoblangan qadimiy yodgorliklar Shibirg’ondagi Tilla tepa nomi bilan tanilgan Yemshay tepadan topilgan. Ushu tepa shaharning sharqiy qismida joylashgan.
Tilla tepada rus va afg’on arxeologlari birinchi bor 1978-yilda qazish ishlarini olib borgan. 20 mingdan ziyod tilla haykallar, taqinchoqlar topilgan ushu joy bugungi kunda xarobaga aylangan. So’nggi yillarda mahalliy odamlar tomonidan o’zboshimcha qazish ishlari olib borilgan. Bu holat uning yanada buzilishiga hissa qo’shgan.
“Tilla tepaning faqat nomi qolgan. O’zi xarobaga aylangan. Dunyoning ko’p joylarida namoyishga qo’yilib, Afg’oniston uchun katta daromad keltirgan Tilla tepa uchun hatto bir muzey ham qurilmagan”, - deydi afg’onistonlik o’zbek yozuvchisi Alisher Intizor.
Juzjon viloyatida 43 ta tarixiy obida va yodgorliklar bor. Shibirg’onda oxirgi yillar qayta tiklangan Mulla Aka majmuasi ham eski yodgorliklar jumlasidan.
Ta’miri uchun qariyb 300 ming dollar sarflangan ushbu majmuada shibirg’onlik Mulla Aka nomi bilan tanilgan Ibn Yamin qabri, masjid va hovuz bor.
“Qabr, masjid, hujra va hovuzdan iborat ushu yodgorlik shibirg’onlik Ibn Yamin majmuasi deb ataladi”, - deydi jamoatchi faol Karomatulla Aziziy.
Juzjonlik faollar tarixiy yodgorliklarga e’tibor sust ekanini aytadi.
“Juzjon qadimiy joy, uch ming yillik o’tmishga ega. Buyuk davlatlar qurilgan. Koshoniylar ikki marta hukumat qurgan, Yemshay tepa bunga guvoh. Yoki Shibirg’onning eski shahri hisoblangan Bolohisorda 400 yil hukumat surilgan”, - deydi Aziziy.
“Tarixiy joylarni o’tmish va hozir bilan qiyoslab ko’rsak, ahvoli ancha og’ir. Faqat Mulla Aka majmuasi ta’mirlangan. Boshqa tavajjuh bo’lmagan”, - deydi Alisher Intizor.
Shimoliy boshqa viloyatlarda ham ko’plab yodgorliklar mavjud. Samangondagi Taxti Rustam, Balxdagi Ravzai Sharif, Sarpul ko’prigi va Oqina hovuzi shular jumlasidan.