"Katta yettilik" Ukrainaga 18,4 milliard dollar yordam ajratadi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 2022-yil, 20-may

“Katta yettilik” guruhiga kiruvchi davlatlar moliya vazirlari Germaniyada uchrashib, Ukrainaga 18,4 milliard dollar miqdorida yordam berishga kelishib oldi.

Kelishuvga ko’ra, dunyoning eng kuchli yetti iqtisodiyoti - AQSh, Yaponiya, Kanada, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya va Germaniyaning har biri turli miqdorda yordam ajratadi.

Qo'shma Shtatlar Kongress ma'qullagan 40 milliard dollarlik yordam paketi doirasida “Katta yettilik” guruhi e’lon qilgan yordam dasturiga 7,5 milliard dollar hissa qo’shadi.

Germaniya ham 1 milliard yevro ajratishini e’lon qildi.

Ukrainaning gumanitar va iqtisodiy ehtiyojlari uchun har oy 5 milliard dollar kerak bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Chorshanba kuni, shuningdek, Yevrokomissiya Ukrainaga joriy yil uchun 9 milliard yevrogacha “yangi makromoliyaviy yordam” taklif qilgan edi.

Buyuk Britaniya hukumati esa Yevropa taraqqiyot banki orqali ukrainaliklarga elektr energiyasi yetkazib berilishini kafolatlash uchun 59 million yevro ajratilishini ma’lum qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Vashington choyxonasi: urush, inflyatsiya va iqtisodiy inqiroz ehtimoli

Uzoq muddatli istiqbolda Ukrainani qayta tiklash bo'yicha munozaralar endigina boshlandi, dedi anjumanda qatnashgan AQSh Moliya vaziri Jenet Yellen.

Uchrashuvda G'arb sanksiyalari doirasida muzlatib qo'yilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish masalasi ham ko’tarilgan.

Germaniya bu taklifni "siyosiy jihatdan amalga oshirish mumkin" deb hisoblasa-da, ayni paytda uning oldida ko'plab huquqiy to'siqlar mavjudligini ta'kidladi.

"Biz Rossiya oligarxlari bilan hisoblashayotgan bo’lsak ham, qonun ustuvorligini hurmat qilishimiz kerak", - dedi Germaniya Moliya vaziri Kristian Lindner.

Rossiya bosqini Ukraina iqtisodiyotining keskin qisqarishiga sabab bo’lishi kutilmoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) hisobiga ko’ra, Ukraina iqtisodiyoti bu yil 30 foiz, Jahon banki taxminiga ko’ra esa, hatto 45% gacha pasayishi mumkin.