Yaqin-yaqingacha Fransiya eski yadroviy reaktorlaridan voz kechishni rejalayotgan edi. Prezident Emmanuel Makron 2035-yilgacha o’nlab reaktorlarni yopish kerakligi, elektr energiyasi ishlab chiqarishda yadro ulushini keskin kamaytirishga chaqirib kelayotgan edi. Biroq bugun vaziyat boshqa.
“Hozir oldimizda turgan vazifa - Fransiyaning yadro sanoatini tiklash”, - deydi yaqinda qayta saylangan Makron.
Yashil energiyaga sarmoyani oshirish bilan bir qatorda, deydi u, kelasi o’n yillikda 14 tagacha atom stansiyalari quramiz.
Your browser doesn’t support HTML5
Belgiya ham atom energiyasidan voz kechish rejasini kechiktiradi. Ikkita yadro reaktori faoliyatini yana 10 yilga uzaytirmoqda.
Polsha va Ruminiyaning e’tibori tez va arzon qursa bo’ladigan kichikroq, zamonaviy reaktorlarda.
Britaniya mavjud eski zavodlardan voz kechib, yangi avlod atom stansiyalarini qurishni boshlaydi.
“Hozirgi global energetika bozoridagi vaziyat, Rossiyaning Ukrainadagi urushi mamlakatlarni o’z rejalarini qayta ko’rib chiqishga, import qilinadigan energiya manbalaridan voz kechishga undamoqda”, - deydi Xalqaro energetika agentligi vakili Brent Vaner.
Agentligikka ko’ra, talabni qondirish va iqlim bobida belgilangan maqsadlarga erishish uchun yadro sanoati ikki baravar kengayishi lozim. Ayniqsa Yevropa Ittifoqi Rossiya neft va gaziga muqobil manbalarni topishi kerak, deya bosim ostida.
Yadroviy energiyani ittifoqning toza manbalar ro’yxatiga kiritish uchun, xususan, Fransiya lobbichilik ishlarini olib bormoqda. Yadroviy energetika Yevropaning uglerodsiz kelajak tomon qadam tashlashi uchun vositalardan bittasi xolos, deydi Vaner.
“Qator texnologiyalarga tayanishga to’g’ri keladi. Qayta tiklanuvchi manbalar birinchi o’rinda. Hozirda shamol va quyoshdan quvvat olish juda arzonlashgan”, - deydi Vaner.
Biroq ayrim mamlakatlar atom energiyasidan voz kechishga qaror qilib bo’lgan. Energiya bobida Rossiyaga tobe Germaniya birin ketin inshootlarini yopmoqda. Qolgan uch stansiyani yil oxirigacha yopadi.
Atrof-muhit faollari fikricha, Fransiya ham shu yo’ldan borishi kerak.
“Muqobil variantlar bor. Shuning uchun 100 foiz qayta tiklanuvchi manbalarga sarmoya qilish lozim. Bizning nazarimizda yadroviy energiya xavfsiz emas”, - deydi ekologik tashkilot vakili Zeli Viktor.
Yaponiyaning Fukushima zavodidagi halokatdan beri, deydi ekspertlar, yadro sanoatida xavfsizlik ancha yaxshilangan.
Ammo reaktorlar harbiy hujumlarga qanchalik chidamli ekani hozircha noaniq.
Yevropaga energiya hozir kerak. Yangicha modelda qurish qisqaroq vaqt oladi, lekin bu baribir bir necha yil degani. Yana bir muammo – yadroviy chiqindidan qanday qutulish.
“Chiqindi inshootini qurayotgan bitta davlat bor. Yana ikkita mamlakat yaqin orada qurilish boshlaydi”, - deydi Brent Vaner.
Quyosh va shamoldan quvvat olish hozircha cheklangan, vodorod energetikasi esa endi rivojlanar ekan, atom Yevropada hali o’nlab yillar energiya manbalaridan biri bo’lib qolishi mumkin.